O‘zbekiston | 14:14 / 07.12.2021
9734
2 daqiqa o‘qiladi

«Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha quruq so‘zdan amaliy ishlarga o‘tish vaqti keldi» - Abdulaziz Komilov

Vazir Afg‘onistondagi vaziyat beqarorlashishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan gumanitar falokatning oldini olish uchun afg‘on xalqiga aniq yordam ko‘rsatish nihoyatda muhim hisoblanishini ta'kidladi.

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov 7 dekabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi ijroiya qo‘mitasi direktori lavozimidagi missiyasini yakunlayotgan Jumaxon G‘iyosovni qabul qildi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar qildi.

Ma'lum qilinishicha, uchrashuv davomida Abdulaziz Komilov Afg‘onistondagi vaziyat to‘g‘risida yana bir bor o‘z fikrlarini bildirgan: «Afg‘onistondagi vaziyat haqida gapirganda bugungi kunda quruq so‘zdan amaliy ishlarga o‘tish vaqti keldi. Chunki qish yaqinlashmoqda va mamlakatdagi vaziyatning beqarorlashishiga olib kelishi mumkin bo‘lgan gumanitar falokatning oldini olish uchun afg‘on xalqiga aniq yordam ko‘rsatish nihoyatda muhim hisoblanadi».

Qayd etilishicha, tashqi ishlar vaziri Jumaxon G‘iyosovning MATTni yanada rivojlantirish va ShHTga a'zo davlatlarning vakolatli organlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikning ijobiy sur'atni ta'minlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini yuqori baholagan.

O‘z navbatida, G‘iyosov o‘z missiyasini muvaffaqiyatli bajarish uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar va ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasi faoliyatiga ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun O‘zbekiston tomoniga samimiy minnatdorlik bildirgan.

Ma'lumot uchun, 2022 yil 1 yanvardan ShHT MATT Ijroiya qo‘mitasi direktori lavozimida O‘zbekiston vakili Ruslan Mirzayev o‘z faoliyatini boshlaydi.

Mavzuga oid