Iqtisodiyot | 20:01 / 07.12.2021
22523
7 daqiqa o‘qiladi

«Hamma o‘yin qoidasini bilishi kerak» - soliq maslahatchisi kameral tekshiruvdagi mantiqsizliklar haqida

Soliq maslahatchisi, United Tax Advisors kompaniyasi asoschisi Murodjon Muhammedjanov MFaktor loyihasiga bergan intervyusida mantiqsiz soliq tekshiruvlari va soliq qonunchiligi sohasidagi muammolarga to‘xtalib o‘tdi.

Foto: YouTube/ MFaktor 

«Soliq sohasida bizning tadbirkorlar uchun samarasi 0,01 foiz, ammo salbiy jihati 5-6 barobar yuqori hisoblanadigan o‘zgarishlar kutib turibdi. Masalan, hozirgi kunda E-aktiv, E-ijara kabi dasturlarni qilishmoqda. Qonunchilikka shunaqa takliflarni kiritib qo‘yishganki, soliq to‘lovchilar soliq organi tomonidan ishlab chiqiladigan dasturiy mahsulotni ishlatishi majburiy. Bu juda xavfli narsa va soliq to‘lovchilarni xohlaganimcha, xohlagan joyimga buraman degan g‘oyaga o‘xshaydi. Bu kabi yangiliklarni salbiy emotsiyalar bilan kutib olmaslikning imkoni yo‘q», deydi u.

Kameral tekshiruv o‘zi nima?

Soliq maslahatchisining qo‘shimcha qilishicha, tadbirkorlar xuddi yo‘l qoidalarini bilmay, harakat qilayotgan haydovchiga o‘xshab qolgan.

«Kameral tekshiruv Soliq qo‘mitasining xatarlarni tahlil qilish dasturidagi qizil, sariq, yashil yo‘laklarning qay biriga mos kelishiga qarab, xatarli yo‘lakka tushgan tadbirkorlarda o‘tkaziladi va soliq to‘lovchining soliq to‘lamaslik riski analiz qilinadi. Unda tadbirkorlik sub'yekti hisobotlari, tovar aylanmasi kabi moliyaviy va huquqiy harakatlari tahlil qilinadi va tadbirkor 3ta yo‘lakdan bittasiga tushiriladi. Shubhali yo‘lakka tushgan tadbirkorlik sub'yektlari kameral ya'ni to‘liq tekshiruv o‘tkazilishi uchun belgilab olinadi.

Bu yo‘laklarga bo‘linishda yuzdan ortiq parametrlar inobatga olinadi. Siz hisob fondingizni o‘zgartirsangiz yoki bir yilda bir martadan ortiq qayta hisobot kiritsangiz ham sariq yo‘lakka tushishingiz mumkin. Lekin soliq organlari nima qilsa qizil yo‘lakka, nima qilsa sariq yo‘lakka tushish bo‘yicha ishlab chiqqan qoidalarini tadbirkorga taqdim qilmagan. Bu ma'lumotlar yopiq hisoblanadi. Tadbirkor xuddi yo‘l qoidalarini bilmay harakat qilayotgan haydovchiga o‘xshaydi.

Qachon men riskka tushaman degan narsani hech qaysi tadbirkor bilmaydi. Tasavvur qiling, ko‘r odamni dalaga chiqarib yuborib, unga mina borligini va bosib qo‘ysa, portlab ketishini aytyapsiz. Bu agar portlab ketsang o‘zing aybdorsan, bosib olding-ku, deganday gap.

Hamma o‘yin qoidasini bilishi kerak. Ayni paytda bu qoidalar yashirib qo‘yilgan. O‘ngga yursangiz ham, chapga yursangiz ham, to‘g‘riga yursangiz ham, orqaga yursangiz ham, to‘xtab qolsangiz ham, siz qoidabuzar bo‘lib qolyapsiz. Buning oqibatida nafaqat soliq organlariga, balki davlatga nisbatan ham ishonch so‘nadi.

Agar o‘sha yuzdan ortiq parametrlar haqida odamlar bilsa, yo‘ldan to‘g‘ri, qoidalarga amal qilib o‘tishni boshlaydi. Agar ayyorlikning boshqa yo‘llari o‘ylab topilsa, ularni ham qoidalarga qo‘shib qo‘yaverishadi.

Yana bir tomoni, elektron pochtaga xat keladi: korxonangizda kameral tekshiruv o‘tkaziladi. Keyin soliq organlari xodimlari kelib, tekshiruvni boshlashadi, ammo qaysi qoidabuzarlik uchun tekshiruv o‘tkazilayotganini aytishmaydi. Asos: siz risk analiz bo‘yicha dasturdan chiqib keldingiz. Nima uchun va qaysi harakati uchun ilovadan chiqqani mavhum bo‘lib qolaveradi.

Qo‘pol qilib aytganda, Soliq qo‘mitasi xohlagan paytim, xohlaganingni tekshiraman deyapti. Buning oqibatidagi ishonchsizlik sabab 5 million dollarlik mahsulot olib kirmoqchi bo‘lib turgan hamkorim Qozog‘istonga ketib qoldi.

Soliq qo‘mitasi tadbirkorlarning buxgalteriya hisobotlaridagi qoldiqlarni har qaysi payt ko‘rib, tekshirib turishi uchun yetarli darajada ma'lumotga ega. Lekin ular bu ma'lumotlarni yangi ishlab chiqilgan E-aktiv tizimiga kiritib borishimizga majburlashmoqda. Bunday o‘ylab qaralsa, biznes muhitini tushunmaslikni anglatuvchi g‘alati bu qaror tadbirkorlarni qo‘shimcha jarimaga tortish uchun manba vazifasini bajarishi mumkin.

Davlat rahbari 20 avgust kuni tadbirkorlar bilan uchrashuvida kameral tekshiruvlardagi jarimani yo‘qotish haqida topshiriq bergandi. Soliq organlari nima qilishdi, keyingi yildan jarima sola olmas ekanmiz, shu yil bosaylik deganday, tekshiruvlarni yanada ko‘paytirib yuborishdi. O‘zim ham soliq maslahatchisiman, barcha tadbirkorlar soliqdan qochmay, adolatli soliq to‘lashini xohlayman.

Endi Soliq kodeksiga kameral tekshiruvgacha bo‘lgan tekshiruv degan band kiritilmoqda. Bu – soliqchiga istagan korxonasini istagan paytda tekshirish vakolatini beradi. Cheklanmagan vakolat esa ularning vahshiylashishiga olib kelmoqda. Istagan odamimni istagan paytda tekshira olaman degan g‘oya esa oxir-oqibat korrupsiyaga borib taqaladi», dedi u.

O‘zbekistonda soliq maslahatchilari yetarlimi?

Germaniyada 80 milliondan ortiq aholiga 10 mingdan ortiq soliq maslahatchisi bor. O‘zbekistonda esa 35 million aholiga atigi 142 nafar soliq maslahatchisi to‘g‘ri keladi. O‘zbekistonda 12 mingga yaqin soliqchi bor. Ularga nisbatan olinganda bu ko‘rsatkich 1 foizni tashkil etadi.

Soliq qonunchiligi haqida

Murodjon Muhammedjanov soliq qonunchiligini qattiq tanqid qildi.

«Regulation.gov.uz saytida soliq qonunchiligiga kiritilayotgan o‘zgarishlar loyihasi joylashtirilgan. Har bir tadbirkor bu loyihaning nuqtasidan verguligacha yaxshilab tanishib chiqishi kerak, chunki bu o‘zgarishlar ularning kelajakdagi faoliyatiga bevosita ta'sir o‘tkazadi.

Soliq maslahatchilari va Savdo-sanoat palatasi hozirgi qilinayotgan o‘zgarishlarga nisbatan 100 foiz qarshi pozitsiyada bo‘ldi. Amaldagi tartibga ko‘ra, sohaga doir qonun hujjatlari Savdo-sanoat palatasi roziligi bilan qabul qilinishi kerak. Qani ko‘ramiz, o‘tib ketarmikan. Tadbirkorlarning himoyachisi qarshi bo‘lgan qonun loyihasi o‘tib ketadigan bo‘lsa, tashkilotning roli qolmaydi.

Soliq kodeksini o‘zgartiramiz deyishdi. Nima qildik. Rossiyaning Soliq kodeksini ko‘chirdik-qo‘ydik. 90-95 foizi bir xil, shunday olib, joriy qilib qo‘yilgan. Ko‘plab joylari va terminlar amaldagi iqtisodiyotimizga to‘g‘ri kelmaydi», deya e'tiroz bildirdi u.

Mavzuga oid