O‘zbekiston | 11:26 / 07.12.2021
11367
4 daqiqa o‘qiladi

«Ishga yangi kelgan xodimlarimiz ishtirokida ayrim salbiy holatlar uchrab turibdi» – IIV mulozimi

Ichki ishlar vazirligi Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Berdialiyev Kun.uz’ga bergan intervyusida ichki ishlar organlarining har bir xodimi fuqaro bilan muloqot chog‘ida o‘zini tanishtirishi, uning talabiga ko‘ra xizmat guvohnomasini ko‘rsatishi, nima sababdan uni to‘xtatganini tushuntirishi shartligini ta'kidladi.

«Fuqarolar bilan muloqot paytida xodimlarning o‘zini tanishtirmasligi, xizmat guvohnomasini ko‘rsatishni talab qilgan fuqarolarga qo‘pollik qilishi bilimsizlik, o‘zini odamlar ustidan ustun qo‘yish sababli ro‘y beradi. Ayrim xodimlar o‘zini juda katta lavozim egasi deb o‘ylay boshlaydi yoki xizmat formasini kiygach, fuqarolar bilan muloqotda katta vakolatlarga ega bo‘ldim deb hisoblaydi. Bunday xodimlardan biz voz kechamiz.

Bir narsaga e'tibor berish kerak: hozirgi kunda xodimlarimizning 99 foizini oliy ma'lumotlilar tashkil qiladi. Shundan 14 foizi huquqshunos, 50 foizini pedagoglardan olganmiz, 35 foizi boshqa sohalar bo‘yicha oliy ma'lumotga ega bo‘lgan shaxslardan iborat. Shu bilan birga, 1 foiz xodimlar o‘rta maxsus ma'lumotga ega.

Lekin yetarlicha amaliy ish tajribasiga ega bo‘lmagan xodimlar ham bor. Masalan, staj bo‘yicha xodimlarimizning 26 foizi hali tizimda bir yil ham ishlamagan. Ya'ni ularning soha bo‘yicha lozim darajada ko‘nikmasi yo‘q. Oldin nima ish qilgan bo‘lsa, qayerlarda o‘qigan bo‘lsa, o‘sha holatda safimizga kelib qo‘shilyapti. Biz shuning uchun ham uch oylik kurslarni joriy qilganmiz, bundan tashqari, qishloq-shahar modullari asosida haftaning har shanba kunlari profilaktika inspektorlarini onlayn platforma orqali o‘qitish ishlarini yo‘lga qo‘yganmiz.

Shunday bo‘lsa-da, ichki ishlar organlari safiga jalb etilganiga bir yil ham bo‘lmagan xodimlarimiz ishtirokida ayrim salbiy holatlar uchrab turibdi», degan Baxtiyor Berdialiyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimida 1 yildan 3 yilgacha ish tajribasiga ega xodimlar 23 foizni, 3 yildan 5 yilgacha stajga ega bo‘lganlar 17 foizni, 15 yildan ko‘proq vaqtdan buyon xizmat qilib kelayotganlar esa 7 foizni tashkil qiladi.

«Har qanday holatda fuqaro bilan to‘g‘ri muloqot qilmagan xodimlar haqida ma'lumotga egamiz. Sababi har kuni kechki payt tungi xizmatga tushadiganlarga bu borada tegishli yo‘riqnomalar beriladi. Odamlar bilan xushmuomala bo‘lish, o‘zini qonunda belgilangan tartibda tanishtirish, xizmat guvohnomasi so‘ralganda ko‘rsatish. Buning hech ham yomon tomoni yo‘q.

Fuqaroning so‘rashga haqqi bor. Qonunda belgilangan. Har bir xodim o‘zini tanishtirib, xizmat guvohnomasini ko‘rsatib, fuqaro nima uchun to‘xtatilganini tushuntirgandan keyin ham muloqotni boshlasa bo‘ladi», deydi Baxtiyor Berdialiyev.

Avvalroq IIV bosh boshqarma boshlig‘i profilaktika inspektorlariga to‘lanayotgan oylik, ularga davlat tomonidan berilayotgan imtiyozlar haqida ma'lumot bergandi.

 

Mavzuga oid