O‘zbekiston | 19:29 / 07.12.2021
4281
6 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston XDP fraksiyasi faoliyati: Nazorat va tahlil

Foto: Xalq demokratik partiyasi

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlashda partiyaning Qonunchilik palatasidagi fraksiyasining o‘rni albatta, beqiyos. Partiya dasturidan joy olgan qonun ijodkorligi yo‘nalishi va fraksiya a’zolari tomonidan elektorat manfaatlaridan kelib chiqib yangi qonunlar tashabbusini ilgari surishda fraksiya alohida o‘rin tutadi.

Qayd etish kerak, fraksiya – siyosiy partiyadan ko‘rsatilgan deputatlar tomonidan siyosiy partiya manfaatlarini Qonunchilik palatasida ifodalaydigan mexanizmdir.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiya tomonidan joylarda tizimli muammolarni hal etish, Prezident Farmon va qarorlarining ijrosini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlarni parlament nazorati ta’sirchan mexanizmlaridan samarali foydalangan holda nazorat qilish borasida bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, joriy yilning o‘tgan davr davomida Qonunchilik palatasi tomonidan 4 ta hukumat soati o‘tkazilgan bo‘lsa, ulardan 2 tasi, 7 ta parlament so‘rovidan 2 tasi, 5 ta parlament eshituvidan 1 tasi O‘zbekiston XDP fraksiyasining tashabbusi bilan amalga oshirilganini alohida ta’kidlash joiz.

Birgina misol. Joriy yilning 25 mart kuni fraksiyaning tashabbusi asosida Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo‘mitasi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanovga “Fuqarolarni xorijda uyushgan holda ishga joylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda bu sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida”gi Parlament so‘rovi yuborildi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulovning “Oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan talabalarni turar joylar bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirining birinchi o‘rinbosari Erkin Muhitdinovning “Aholini ish bilan ta’minlash va yangi ish o‘rinlarini tashkil etish bo‘yicha davlat buyurtmasining shakllantirilishi hamda uning bajarilishi borasidagi ishlar to‘g‘risida”gi axboroti Hukumat soatida eshitildi.

Shuning bilan birga, partiya tashabbusi bilan Parlament eshituvida O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari – Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev hamda Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonovning «O‘zbekiston Respublikasida koronavirus pandemiyasi davrida aholi salomatligini muhofaza qilish va sanitariya-epidemiologik osoyishtalikni ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar, shu jumladan aholini koronavirusga qarshi emlash borasida rejalashtirilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi axborotlari eshitildi.

E’tiborlisi, parlament tarixida ilk bor 2019 yildan boshlab, Hukumatning Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasidan kelib chiqadigan, tegishli yilga mo‘ljallangan davlat dasturi bajarilishining borishi to‘g‘risidagi har chorakda hisobotini ko‘rib chiqish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Hisobotni eshitishda fraksiya o‘z tashabbusini amalga oshirib namuna bo‘lib kelmoqda.

Ushbu tizim hukumatning xalq vakillari oldidagi mas’uliyatini oshirish bilan birga, fraksiya a’zolarining ham islohotlarni amalga oshirish jarayonida faol ishtirok etishini ta’minlamoqda.

Hisobdorlikning bunday shakllarining joriy etilishi hukumat faoliyatining ochiqligi va oshkoraligi hamda mas’uliyatini, fuqarolarning davlat institutlari faoliyatidan xabardorlik darajasini tubdan oshirishga xizmat qilmoqda.

Fraksiya tomonidan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning eng dolzarb masalalari yuzasidan 14 marotaba nazorat-tahlil tadbirlari o‘tkazildi.

Deputatlarning joylarda o‘tkazilgan o‘rganishlari, saylov okruglarida saylovchilar bilan uchrashuvlari jarayonida va fuqarolarning murojaatlarida ko‘tarilayotgan dolzarb muammolarni hal etish uchun davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining mansabdor shaxslariga jami 84 marotaba deputat so‘rovi yuborildi. Bu raqam Qonunchilik palatasi tomonidan umumiy yuborilgan deputat so‘rovining 22 foizini tashkil etadi.

Yuborilgan deputatlik so‘rovlarining 21 tasi Xalq ta’lim vazirligiga, 20 tasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga, 15 tasi maktabgacha ta’lim vazirligiga, 10 tasi transport vazirligiga, 18 tasi boshqa turli vazirlik va idoralarga to‘g‘ri keladi.

Xalq bilan ochiq samarali muloqot olib borish, joylarda aholining qiynayotgan muammolarini o‘rganish va hal qilish, fuqarolar tomonidan ko‘tarilayotgan masalalarni Hukumat va ijro hokimiyati oldiga qo‘yish fraksiya a’zolari faoliyatining asosiy mezoniga aylanmoqda.

Bugungi kunda fraksiya a’zolarining har oy oxirgi haftasida saylov okruglariga chiqib, aholi va saylovchilarni tashvishga solayotgan muammolarni tizimli ravishda o‘rganib borayotganliklari kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish hamda odamlarni rozi qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yuqorida bayon etilganlar bilan birga, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi tomonidan nazorat tahlil faoliyati bundan buyon ham doimiy tarzda olib boriladi.

Durbek Xudoyqulov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zbekiston XDP fraksiyasi ijrochi kotibi Ⓣ

Mavzuga oid