Jamiyat | 20:58 / 07.12.2021
13092
11 daqiqa o‘qiladi

«Tinch zamonda bolalarni yo‘qotyapmiz» - Piyodalar yo‘lagida 14 yoshli bolani mashina urib ketishi yo‘llardagi muammoni kun tartibiga qaytardi

Ikki yilda ikki jiyani YTHga uchragan jurnalistning posti ortidan internetda bolalar ishtirokidagi avariyalar kun mavzusiga aylandi.

Jurnalist Saidnosir Usmonov Facebook’dagi sahifasida o‘tgan yili 11 yashar jiyani YTH qurboni bo‘lgani, joriy yil 3 dekabr kuni piyodalar o‘tish joyidan yo‘lni kesib o‘tayotgan 14 yashar jiyanini mashina urib yuborgani uchun 4 kundan beri komada yotgani haqida yozdi. Ushbu post ijtimoiy tarmoqda muhokamalarga sabab bo‘ldi va bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari yana kun mavzusiga aylandi.

«Qachon uyg‘onamiz?!»

«…Xizmat safaridan qaytdim. Ming bir alam va shum xabar iskanjasidaman. Bundan bir yil avval opamning 11 yoshli o‘g‘li YTH qurboni bo‘lgan edi. Endi singlimning 14 yoshli o‘g‘li yo‘l-transport hodisasiga uchrab, kasalxonada koma holatida yotibdi.

3 dekabr kuni taxminan soat 18:30da «Malika» savdo majmuasi yonida «Neksiya» avtomobili piyodalar yashil chirog‘ida o‘tib ketayotgan bolani urib yuborgan. Aytilishicha, shu yo‘lda bo‘lgan tez tibbiy yordam mashinasi bolani 7-shahar klinik shifoxonasiga olib borgan. Ahvoli og‘irlashgach, bola Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga o‘tkazilgan.

Ertalabgacha singlim bilan kuyovimning bormagan joyi qolmagan. IIB xodimlari kasalxonada bola avariyasi bilan bog‘liq YTH sodir bo‘lmaganini ma’lum qilishgan. Faqat jiyanimning sumkasidagi daftarda yozilgan maktab raqami va ism-familiyasini hamshiralar telegram kanallariga tarqatibgina singlimni xabardor qilishgan.

Erta tongdan karaxt holatda singlim kasalxonaga borgan va ne ko‘z bilan ko‘rsinki, jigargo‘shasi og‘ir ahvolda jonlantirish bo‘limida yotibdi. Qanchalar alamli iztirob...

Har kuni o‘nlab piyodalar, murg‘ak qalb egalari mashina g‘ildiraklari ostida qolib ketmoqda. Yo‘llardagi tartibsizlik, bilib-bilmasdan mashina haydayotganlar kasriga kimdir yaqinidan, jigargo‘shasidan ayrilmoqda va bu holatlar yuzlab odamlarning umrbod majruh bo‘lib qolishiga sabab bo‘lmoqda.

QAChON? QAChON? QAChON UYG‘ONAMIZ? Qachon xayrixohlik nima ekanligini o‘rganamiz? Qachon 10 soat o‘tsa hamki, tezkorlik bilan YTH haqidagi holatga oydinlik kirita olmaydigan IIBning ayrim xodimlari faoliyatini o‘nglay olamiz. Savollar ko‘p. Javob esa mavhum. Haydovchi esa faqat o‘zini oqlash uchun turli vajlarni o‘ylab topish bilan ovora.... Ilohim jigarimning nuridiydasiga Alloh shifo bersin», deb yozgan Saidnosir Usmonov.

«Tinch zamonda minglab odam va bolalarni yo‘qotyapmiz»

Ushbu post internetda bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq muhokamalarni qayta jonlantirgan. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari va blogerlar vaziyat kundan kunga ayanchli tus olayotganiga e’tibor qaratishgan.

«Xuddi shu hamkasbimizning boshqa jiyani o‘tgan yili yo‘lda halok bo‘lgani va aybdor topilmagani (chora ko‘rilmagani) haqida ko‘p yozganman. Bir oilaning ikkita bolasi YTH qurboni. Bu axir dahshat-ku!

Tinch zamonda minglab odam, bolalarni yo‘qotyapmiz. Na profilaktika bor, na strategiya bor, na jinoyatga jazo bor! Yo Alloh, bolajonga shifo ber!» — deb yozgan Telegramdagi «Mikrofon ko‘targan ayol» kanali muallifi, jurnalist Aziza Qurbonova.

«Maktab va bog‘chalar oldida ruxsat etilgan tezlik me’yori 30-40 km bo‘lishi kerak»

«Jamoat xavfsizligi konsepsiyasiga oid prezident farmoni bilan tasdiqlangan strategiyaga ko‘ra, maktabgacha ta’lim va umumta’lim muassasalariga yondosh yo‘llarda tezlik me’yorlarini keskin kamaytirgan holda, ushbu me’yorlar barcha joylar uchun yagona etib qat’iy belgilanadi.

Bu juda to‘g‘ri qaror. Maktab va bog‘chalar qayerda joylashganidan qat’i nazar (u xoh markaziy ko‘cha bo‘yida, xoh mahalla ichida bo‘lsin), tezlik me’yorini yoki 30, yoki 40 km/soat etib belgilash kerak. Bundan norozi bo‘lib, «voy-vuuuuy, nafas olishga ruxsat bormi o‘zi» deb ming‘irlaydigan ayrim haydovchilarga esa e’tibor bermaslik kerak. Chunki inson hayoti, ayniqsa murg‘ak bolalarimiz sog‘lig‘i barcha narsadan ustun. Toki o‘zimizning boshimizga tushishini kutib o‘tirishimiz shart emas. Yuqoridagi voqeada aytilganidek, farzand dog‘ida kuygan yuzlab oilalarning dard-u fig‘oni, ko‘z yoshlari hammamizga saboq bo‘lishi kerak.

Maktab va bog‘chalar oldida tezlikni shunchaki cheklash bilan ham ish bitmaydi. Imkonini topib barcha ta’lim muassasalari atrofiga kamera-radarlar qo‘yish kerak. Davlat budjetidan buncha xarajat qilish imkoni bo‘lmasa, unda onlayn-auksionlarda o‘sha joylarni xususiy tadbirkorlarga sotish kerak. Maktab va bog‘cha atrofiga kamera o‘rnatganlarga yana qanaqadir qo‘shimcha imtiyoz va bonuslar berish kerak. Toki tadbirkorlarda maktablar yoniga kamera qo‘yishga qiziqish va motivatsiya bo‘lishi kerak. Ya’ni oddiy yo‘llarga o‘rnatiladigan kamera bilan maktab va bog‘chalar oldida o‘rnatiladigan kameraning ustuvorligi farq qilishi kerak.

Bu ishlarni ko‘p cho‘zib o‘tirmasdan qilish kerak. Yana kimningdir farzandi yo‘llarda halok bo‘lishini kutishga hojat yo‘q», deb yozgan huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev.

«Usmon Sharifxo‘jayev [Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari – tahr.] bilan yaqinda shu masala bo‘yicha gaplashgan edik. Bu muammoning oldini olish uchun respublikadagi hamma (!) maktab darvozasining u yog‘idan 50 metr, bu yog‘idan 50 metr masofada yo‘lda balandroq qilib moslama o‘rnatish kerak. Afsuski, bu Ichki ishlar vazirligi bilan kelishiladigan ish.

Shunda «maktab bormi — to‘siq bor», degan tushunchani haydovchilar miyasiga quyardik, xohlasa-xohlamasa tezligini pastlab o‘tardi.

Bir maktab bilan gaplashdim, maktabi qandaydir kanal ko‘prigidan o‘tilsa boshlanarkan, u tomondan keladigan mashinalar «Qatar rally»sida qatnashayotgandek katta tezlikda kelib, 4 oyog‘i osmonda uchgandek ko‘prikdan sakrab maktab oldidan o‘tib ketarkan. Bir yil ichida bir, ikki bola vafot etavergan ekan avtohalokatdan...

Shunday to‘siq qo‘ygach (haa, sekinlamaysan-a, sekinlamaysan), hammasi «jim» o‘tmoqda ekan, bir yildan buyon biror noxushlik qayd etilmabdi maktab oldida, maktabdan tashqari yo‘llarda esa... Bilmadim, unga nima chora ko‘rsa bo‘ladi.

Hech bo‘lmasa maktab oldida bolalarimizni hurmat qilib (aslida mashinasini avaylab sekin) o‘tadigan qilsak ham, shu ish bilan respublika miqyosida bir bolani avtohalokatdan asrasak ham katta ish bo‘lar edi», deya yozgan XTV huzuridagi Respublika ta’lim markazi direktori o‘rinbosari, bloger Isroil Tillaboyev.

10 oyda bolalar ishtirokida 1268ta YTH sodir bo‘lgan

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasining ma’lum qilishicha, 2021 yilning 10 oyi mobaynida 7681ta YTH ro‘y bergan. Ularda 1964 kishi hayotdan ko‘z yumgan, 6886 kishi turli darajada tan jarohati olgan.

Biroq YHXBB «avariya» tufayli halok bo‘lganlarning qanchasi bolalar ekaniga oydinlik kiritmagan. Iyun oyida AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari, polkovnik Erali Bozorov O‘zbekistonda 2021 yil yanvar–aprel oylarida YTHda halok bo‘lgan bolalar soni 64,5 foizga oshganini aytgandi. Biroq u aniq raqamlarga to‘xtalmagan.

Qayd etilishicha, 3441ta YTH piyodalar ishtirokida ro‘y bergan, 1268ta hodisa bolalar ishtirokida sodir bo‘lgan. Avariyalarning katta qismi, ya’ni 5187tasi sutkaning yorug‘ vaqtiga to‘g‘ri kelgan. Tungi vaqtlarda 2497ta YTH ro‘y bergan.

Foto: IIB YHXB axborot xizmati

Xorij tajribasi

Yonsei universiteti falsafa doktori Shohrux Avazovning yozishicha, Janubiy Koreyada maktab zonalarida avtomobil va boshqa turdagi transport vositalarining harakat tezligi maksimum 30 km/s etib belgilangan, maktab zonalari va bolalar ko‘p bo‘lgan maxsus hududlarda yo‘l harakati qoidalari buzgan haydovchilar odatdagiga nisbatan 2 yoki 3 barobar ko‘proq jarima to‘lashadi.

«Koreyada bolalar orasida yo‘l-avtotransport hodisalari qurbonlarining kamayishi bo‘yicha erishilgan yutuqlar haqida gapirganda, fuqarolik jamiyati institutlarining roli va samarali faoliyatini ham yodga olish juda muhim», deya ta’kidlaydi tadqiqotchi.

Avvalroq Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida O‘zbekistondagi piyodalar o‘tish joylari qoniqarsiz tashkil qilingani, respublikada haydovchilarni tayyorlash va imtihon tizimi umuman izdan chiqib ketgani, ko‘chalarimizda bir kun ham o‘qimasdan haydovchilik guvohnomasini olgan yuz minglab potensial qotillar yurgani tanqid qilingan edi.

Biroq hozircha bu tanqidlardan hech qanday natija bo‘lgani yo‘q.

Jamshid Niyozov tayyorladi.

Mavzuga oid