O‘zbekiston | 11:47 / 08.12.2021
30148
10 daqiqa o‘qiladi

Turli davlatlar prezidentlarining shtandartlari va alohida ramzlari - fotolar

«O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunga joriy yil 25 oktyabr kuni qo‘shimcha kiritildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z belgisi va shtandartiga (bayrog‘iga) ega bo‘lishi belgilab qo‘yildi.

Foto: President.uz

Shtandart — maxsus turdagi bayroq. U prezidentlik belgisi (ramzi) hisoblanadi. Shtandart Prezident ishtirok etadigan barcha muhim tadbirlarda, inauguratsiya (qasamyod qabul qilish) paytida hamda Prezident qarorgohlarining binolari va xizmat xonalarida ko‘tariladi.

Foto: President.uz

Prezident belgisi — Prezidentning farqlovchi rasmiy belgisi hisoblanadi. Prezident belgisi ushbu lavozimga saylangan shaxsga lavozimga kirishish chog‘ida u qasamyod qabul qilganidan so‘ng shtandart bilan birga topshiriladi va konstitutsiyaviy vakolat muddati tugagunga qadar prezidentda saqlanadi.

Foto: President.uz

Shtandart so‘zi hollandcha “standard”, nemischa “standarte”, eski fransuzchada  “estendard” — Kavaleriya bayrog‘i ma'nosini anglatadi.

Tarixda shtandartdan birinchi marta qachon va qayerda foydalanilgani haqida aniq ma'lumot yo‘q. Undan ilk bor urushlar davrida qo‘shinlar foydalanishgan. Qo‘shinlar o‘rtasida maxsus tug‘ ko‘targan jangchilar yurgan. Keyinchalik tug‘lar o‘rnini bayroqlar egallagan. Bayroq ko‘targan jangchi qo‘shinni olg‘a chorlagan.

Foto: nat-geo.ru

Bayroqning yiqitilishi urushda mag‘lub bo‘lish alomati hisoblangan. Shu sababli askarlar jon-jahdlari bilan bayroqni himoya qilishgan. Qo‘shinda bayroqni ko‘tarish har bir jangchi uchun orzu bo‘lgan va uni raqiblar egallab olishi yoki yo‘qotib qo‘yish sharmandalik hisoblangan. Ayrim hollarda qo‘shinlar shtandart rangiga mos rangli matodan tikilgan kiyimlar kiyib olib urishgan.

Rim imperiyasi davriga kelib shtandart davlat rahbarining ramzi hisoblana boshlangan. Shundan so‘ng, turli davlatlarda bayroq bilan birgalikda shtandart ham qo‘llana boshlangan va u aksariyat hollarda davlat rahbarini e'lon qilish paytida unga tantanali tarzda topshirilgan.

O‘rta asrlarda dunyoning barcha mamlakatlarida shtandartlar bor edi. Endi shtandartlar jang maydonida ko‘tarilayotgan bayroqlardan farq qilar va u davlat rahbarining «o‘z bayrog‘i» sifatida ko‘rilardi.

AQShda

AQShda prezident shtandarti ilk bor 1882 yilda qabul qilingan. O‘shandan buyon bu davlatda prezident shtandarti bir necha bor o‘zgargan. So‘nggi shtandart 1945 yilda qabul qilingan va hanuzgacha o‘zgarmay kelyapti. Faqat 1959 yilda Alyaska, 1960 yilda Havai orollari AQSh tarkibiga kirganda shtandartdagi yulduzchalar soni ikkitaga ko‘payadi.

Foto: alamy.com
Foto: alamy.com

Yaqin tarixga nazar tashlaydigan bo‘lsak, XX asrda SSSR va sotsialistik lagerga kiruvchi mamlakatlarda shtandart bo‘lmagan. 1991 yil SSSR tarqagandan so‘ng mustaqil bo‘lgan respublikalar, shuningdek sotsialistik tuzumdan voz kechgan mamlakatlar davlat rahbarlari uchun o‘z shtandartini qabul qilgan.

Rossiyada

Rossiya Federatsiyasida prezident shtandarti 1994 yil 15 fevralda «Rossiya Federatsiyasi prezidenti shtandarti haqida»gi qonun bilan qabul qilingan. Rossiya Federatsiya prezidenti shtandarti kvadrat shaklida bo‘lib, Rossiyaning uch rangli bayrog‘i ustida uning ikki boshli burgut tasviri tushirilgan davlat gerbi joylashgan.

Foto: visualrian.ru
Foto: alamy.com

Rossiya Federatsiyasi prezidentining belgisi gerb va medalonlardan tashkil topgan 17ta elementdan iborat bo‘lib, bosh shiori «Manfaat, obro‘, sharaf» bo‘lgan «Vatan oldidagi xizmatlari uchun» ordenining 6 smlik xochi bosh element hisoblanadi. Bo‘yinga ilinadigan belgi 999 probali sof oltindan yasalgan. Belgi bo‘g‘inlaridan birining orqa tomoniga saylangan prezidentning ismi va ishga kirishgan yili o‘yib yozilgan.

Foto: life.ru

Ukrainada

Ukrainada prezident shtandarti 1999 yil 29 noyabrda «Davlat rahbarining rasmiy ramzlari haqida»gi qonun bilan qabul qilingan. Shtandart kvadrat shaklida bo‘lib, Ukrainaning ko‘k fonda sariq tusda uzum barglari va shonalari bilan o‘ralgan uch tishli gerbi tasvirlangan.

Foto: wikipedia.org
Foto: theweek.com

Ukrainada prezident inauguratsiya marosimida turli elementlardan iborat, bo‘yinga taqiladigan ordenli belgidan tashqari, o‘ng qo‘liga mamlakat boshqaruvi ishonchli qo‘lda ekanini bildiruvchi bulavani ham ko‘tarib namoyish etadi.

Foto: 1plus1.international

Belarusda

Belarusda ilk prezident shtandarti 1997 yilda qabul qilingan. 2004 yilda o‘zgartirilgan. 2004 yil 5 iyulda «Belarus Respublikasining davlat ramzlari» haqidagi qonun bilan qabul qilingan. Belarus prezidentining ko‘krakka taqiladigan yoki bo‘yinga osiladigan alohida belgisi yo‘q.

Foto: Wikipedia
Foto: sputnik.by

Turkiyada

Turkiyada prezident shtandarti davlat bayrog‘idan ko‘p ham farq qilmaydi. U 1922 yil sentyabrda Mustafo Kamol Otaturk davrida qabul qilingan. Ilk bayroq hozir Anqaradagi Anitkabir muzeyiga joylashtirilgan. Ilk prezident muhridagi yulduz qirrasi 20ta bo‘lgan.

Hozirgi prezident shtandartida alvon bayroq ustida Turkiya prezidenti muhri — o‘n olti qirrali oltin yulduz atrofida aylana bo‘ylab joylashgan o‘n oltita yulduz tasviri ham joylashtirilgan. O‘n olti qirrali yulduz 16ta tarixiy turkiy davlatlar sonini bildiradi. Ushbu muhr prezident shtandartiga 1985 yilning 25 yanvarida prezident Kenan Evren davrida qabul qilingan.

Foto: Wikipedia
Foto: aljazeera.net

Ozarboyjonda

Ozarboyjonda prezident shtandarti 2008 yil 15 sentyabrda qabul qilingan. Prezident shtandartida davlat bayrog‘i markaziga mamlakat gerbi joylashtirilgan.

Foto: Wikipedia
Foto: news.milli.az

Tojikistonda

Tojikiston Respublikasi prezidenti shtandarti 2006 yil 28 iyulda, «Tojikiston Respublikasi prezidentining ramzlari haqida»gi qonun bilan qabul qilingan. Shtandart (tojikcha — livo)da mamlakat bayrog‘i ustiga «Dirafshi Koviyon» ramzi tushirilgan. Bu uzoq umr ko‘rish va milliy davlatchilikning qo‘ldan qo‘lga o‘tish ramzidir. «Dirafshi Koviyon»ning ustida nayza uchi tasvirlangan bo‘lib, u Vatan himoyasi uchun iroda va hokimiyat kuchini aks ettiradi.

«Dirafshi Koviyon»ning to‘rt burchagi olamning to‘rt tomonini bildiradi va yaxshi qo‘shnichilik, jahon xalqlari bilan do‘stlik va hamkorlikni ramz etadi. O‘rtadagi quyoshda to‘rtta shox tasvirlangan. U vaqt, Yer kurrasi va boshqa sayyoralarning Quyosh atrofidagi harakati ramzi bo‘lib, baxt, birlik, farovonlik va mamlakat taraqqiyotini bildiradi.

«Dirafshi Koviyon»ning markazida zangori osmon fonida qanotli sher tasvirlangan. U kuch, qudrat va mamlakat shonini bildiradi. Qanotli sher ustida esa yetti yulduzli toj — Tojikiston gerbining asosi joylashgan.

Foto: Wikipedia
Foto: President.tj

Shtandartdan tashqari, Imomali Rahmon ikki bor ordenlar zanjiridan tizilgan alohida prezidentlik belgisini bo‘yniga ilgan, o‘ng ko‘ksiga esa prezidentlik nishonini taqqan.

Foto: asiaplustj.info

Qozog‘istonda

Qozog‘iston prezidenti shtandarti ilk marta 1995 yil 29 dekabrda qabul qilingan. 2012 yilda o‘zgartirilgan. Yangi shtandart 2012 yil 31 oktyabrda «Qozog‘iston Respublikasi prezidentining shtandarti va alohida belgilaridan rasman foydalanish tartibi to‘g‘risida»gi qonun bilan qabul qilingan. Ayni paytdagi shtandartda Qozog‘iston Respublikasi davlat bayrog‘i ustiga mamlakat gerbi joylashtirilgan.

Davlatning eng oliy mansabdor shaxsi sifatida Qozog‘iston Respublikasi prezidentiga alohida ko‘krak belgisi — zanjirli orden hamda «Oltin qiron» («Oltin burgut») ordeni ham topshiriladi.

Foto: Wikipedia
Foto: Aqorda.kz

Qirg‘izistonda

Qirg‘iziston Respublikasi prezidenti shtandarti 2003 yil 10 mayda, «Qirg‘iziston Respublikasi prezidentining alohida belgilari to‘g‘risida»ga qonun bilan qabul qilingan. Qirg‘iziston prezidentining shtandartida qizil bayroq ustiga mamlakat gerbi va uning hoshiyasida «Qirg‘iziston Respublikasining prezidenti» yozuvi tushirilgan.

Foto: Wikipedia
Foto: President.kg

Turkmanistonda

Turkmaniston Respublikasi prezidenti shtandarti ilk marta 1996 yil 27 sentyabrda qabul qilingan. 2003 yilda shtandart o‘zgartirilgan va «Turkmanistonning prezidenti Buyuk Saparmurot Niyozov» so‘zlari «Turkmanistonning prezidenti» so‘zlariga almashtirilgan. U 2003 yil 15 avgustda «Turkmaniston prezidenti shtandarti haqida»gi qonun bilan qabul qilingan. Shtandartda oy va besh yulduzli to‘q yashil bayroq fonida Sakkiz qirrali yulduz prezident muhri — besh kallali burgut tasvirlangan.

Foto: Wikipedia
Foto: President.gov.tm

Biz ushbu maqolada o‘zimizga yaqin ayrim davlat rahbarlarining shtandartlariga qisqacha to‘xtaldik. Jahonning prezidentlik va monarxiya boshqaruviga ega boshqa davlatlarida ham davlat rahbarlarining o‘z shtandartlari bor.

Shuhrat Shokirjonov va G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Mavzuga oid