O‘zbekiston | 18:12 / 11.12.2021
16324
2 daqiqa o‘qiladi

«Endi natijaga ishlash kerak» - Prezident Geologiya universitetida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi

Davlat rahbari 2020 yil 31 yanvar kuni Geologiya fanlari universiteti qurilishiga tamal toshi qo‘ygan edi. Bugun, 11 dekabr kungi tashrif chog‘ida Shavkat Mirziyoyev yangi universitetda yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

- Geologiya iqtisodiyotga suv va havodek zarur. Oxirgi yillarda ilmiy maktablarni tiklab, kadrlar tayyorlashga e'tibor qaratyapmiz, eng ilg‘or ilmiy metodikalarni joriy etib, laboratoriya uskunalarini o‘rnatib, zamonaviy sharoitlar yaratyapmiz. Endi natijaga ishlash kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Hozirgi kunda universitetda bakalavriat bo‘yicha 7 ta va magistratura bo‘yicha 6 ta yo‘nalishda umumiy 700 nafardan oshiq talaba tahsil olmoqda. Bu yo‘nalish va mutaxassisliklarni soha ehtiyojiga qarab kengaytirish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, 5 yillik tajribaga ega, geologiya sohasida ishlab kelayotgan xodimlar uchun ta'limning sirtqi shakli tashkil etildi.

Davlat rahbari shu yerda talabalar, professor va o‘qituvchilar bilan suhbatlashdi.

Loyihaning birinchi bosqichida o‘quv binosi, yotoqxona hamda 2 ta ilmiy institut, kutubxona, laboratoriya va geologiya muzeyi binolari qurildi. Ikkinchi bosqichda 7 qavatli laboratoriya, 5 qavatli Davlat geologiya qo‘mitasi ma'muriy binosi, 7 qavatli geologiya fondi va O‘zbek geologiya qidiruv binosi hamda sport kompleksi quriladi.

Prezident qurilishni sifatli yakunlash yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berdi.

Universitet tarkibida H.M.Abdullayev nomidagi Geologiya va geofizika instituti, Mineral resurslar instituti, Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti, Neft-gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti, Geologiya sohasi kadrlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti, Geoinnovatsion texnologiyalar markazi hamda Davlat geologiya muzeyi faoliyat yuritadi.

Mavzuga oid