Jahon | 14:29 / 12.12.2021
12786
7 daqiqa o‘qiladi

2021 yildagi tabiiy ofatlar: ulardan qaysilari global isish xavfini yaqqol namoyon etdi?

Insoniyatni xavotirga solayotgan eng jiddiy muammolardan biri global isishdir. Shunga qaramay, ko‘pchilik skeptiklar global isishni jahon elitasi fitnasi deb ataydi. Uzoq vaqt global isish hodisasi u qadar aniq namoyon bo‘lmadi. Biroq 2021 yilda vaziyat sezilarli darajada o‘zgardi.

Ob-havo bizga so‘nggi yuz yilda havo harorati Tselsiy bo‘yicha 1 darajadan ko‘proqqa ko‘tarilganida dunyoda hayot qanday bo‘lishini ko‘rsatdi. Agar insoniyat harorat o‘sishini maqbul qiymatlarda ushlab turolmasa, Yerdagi kataklizmlar odatiy achchiq haqiqatga aylanadi. Ob-havo uylar va hatto korxonalarni buzib yuborishi, hosilni yo‘q qilishi va insonlar hayotiga zomin bo‘la olishini ko‘rsatdi. Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhining yangi hisoboti ekstremal ob-havo sharoitlari iqlim o‘zgarishiga bog‘liq ekanini namoyon etdi.

2021 yil iqlimning global isishi tufayli yuzaga kelgan tabiiy ofatlarga boy bo‘ldi
Foto: diariodia.es

Tinch okeani shimoli-g‘arbida issiqlik to‘lqini

Tinch okeani shimoli-g‘arbi va Kanada janubi-g‘arbi o‘zining yomg‘irli va yumshoq ob-havosi bilan mashhur. U yerda 13 million kishi yashaydi. Biroq joriy yil yoz faslida uni dahshatli jazirama qamrab oldi. Harorat Tselsiy bo‘yicha 38 daraja issiqdan ortdi. Natijada mahalliy hukumat vakillari aholini halokatli issiqdan saqlash uchun termal boshpana qurishga majbur bo‘ldi. Shunga qaramay, yuzlab kishilar ob-havo anomaliyasi qurboni bo‘ldi.

Kanada janubi-g‘arbi aholisi maxsus boshpanalarda anomal jaziramadan jon saqladi
Foto: Getty Images 

Kuchli jazirama issiqlik gumbazi deb nomlangan ob-havo hodisasi natijasida yuzaga keldi. Yuqori bosim hududi yerdagi issiqlikni kostryulka qopqog‘i kabi ushlab turadi. U shamol va shamolning sovuq oqimiga o‘tish imkonini bermaydi. Tadqiqotlar iqlimning global isishi bo‘lmaganida issiqlik gumbazlari yuzaga kelishi imkonsiz ekanini ko‘rsatdi.

Aytish joizki, kuchli jaziramadan nafaqat insonlar, balki o‘simlik va hayvonlar ham aziyat chekadi. Tinch okeani shimoli-g‘arbida millionlab dengiz jonzotlari qirilib ketdi. Fermerlar o‘z o‘simliklari poyalarida qovjiragan rezavorlarni ko‘rishganini aytishdi.

O‘rmon yong‘inlari sayyorani qamrab oldi
Foto: Getty Images

Dunyo bo‘ylab ommaviy o‘rmon yong‘inlari

Kuchli jazirama va qurg‘oqchilik o‘rmon yong‘inlarini yuzaga keltiradi. So‘nggi yillarda yonib ketgan o‘rmonlar soni bo‘yicha ular rekord qo‘ydi. Masalan, AQShda 200 ming gektardan ortiq o‘rmon yondi, 400taga yaqin uy zarar ko‘rdi. Turkiya, Gretsiya va Sibirda ham yirik o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘ldi.

Yong‘inlar nima uchun yuzaga keladi? Kuchli jazirama va qurg‘oqchilik tuproqni quritib yuborganida maysa va quruq shoxlarni yoqish uchun kichik uchqun ham yetarli bo‘ladi. Jazirama va qurg‘oqchilik yildan yilga kuchayayotgani uchun yong‘inlar miqyosi ham ortib borayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Xavfli jihati shundaki, ular atmosferada issiqxona gazi konsentratsiyasini oshiradi. Shu yo‘l bilan global isishni tezlashtiradi. Bundan tashqari, tutun atrof-muhitni ifloslantiradi.

Kuchli yomg‘ir natijasida Yevropa suv ostida qoldi
Foto: Reuters / Thilo Schmuelgen

Ekstremal suv toshqinlar

Joriy yilda Kanada, AQSh, Germaniya, Xitoy va boshqa bir qator mamlakatlar suv toshqinlaridan zarar ko‘rdi. Ulardan ayrimlarida yog‘ingarchilik miqdori tarixiy yuqori ko‘rsatkichlardan baland bo‘ldi. Bir kun davomida Chjenchjou (Xitoy)da bir yilda bu hududda yog‘adigan o‘rtacha yog‘ingarchilikdan ko‘proq yog‘ingarchilik kuzatildi. Ammo suv toshqinlarining iqlim global isishiga qanday bog‘liqlik jihati bor?

Ekspertlarning ma'lum qilishicha, harorat Tselsiy bo‘yicha bor-yo‘g‘i 1 darajaga ko‘tarilganida atmosfera 7 foizga ko‘proq namlikni ushlab qola oladi. Atmosferada to‘planadigan ulkan suv zaxirasi esa ob-havo yaxshi bo‘lmaganida dunyoning turli qismlarida suv toshqinlariga sabab bo‘lish uchun yetarli.

Ida dovuli iqlim global isishi sharoitida dovullar qanday bo‘lishini ko‘rsatdi
Foto: Michael DeMocker / USA TODAY

Ida dovuli

Dovullar kamyob hodisa emas. Biroq Ida avvalroq kuzatilganlardan farq qildi. U tezda shakllandi. Natijada unga tayyorgarlik ko‘rish uchun imkon qoldirmadi. Bundan tashqari, shamol kuchli esdi. Uning tezligi soatiga 240 kilometrga yetdi. Bu Luizianada 1850 yildan beri kuzatilgan eng kuchli dovul bo‘ldi.

Mutaxassislarning ma'lum qilishicha, global isish sharoitlarida bizni aynan shunday dovullar kutmoqda. Ida shamol tezligini bir kunda taxminan soatiga 100 kilometrgacha oshirdi. Bu esa aql bovar qilmas ko‘rsatkich. Bundan tashqari, olimlarning fikriga ko‘ra, bo‘lajak dovullar ko‘proq yomg‘ir sachratib hamda kuchli suv toshqinlarini yuzaga keltirib, quruqlik ustida sekinroq harakatlanadi.

AQShda kuzatilgan megaqurg‘oqchilik dengiz va ko‘llarni quritdi
Foto: Getty Images / Justin Sullivan

AQSh g‘arbida “megaqurg‘oqchilik”

AQShda avgust oyida Kolorado daryosida suv yo‘lini ta'minlash uchun suv yetishmayotgani e'lon qilindi. Daryodagi muhim suv omborlaridan biri Mid ko‘li tarixiy past darajaga tushdi. Natijada fermerlarga suv berish qisqartirildi. Chunki daryo taxminan 40 million kishini suv bilan ta'minlaydi. Qurg‘oqchilik har yili yuzaga kelishiga qaramay, 2000 yildan boshlab joriy yilda u so‘nggi 1200 yildagi eng jiddiy qurg‘oqchilik bo‘ldi. Shuning uchun uni “megaqurg‘oqchilik” deb atashdi.

Olimlarning ma'lum qilishicha, qurg‘oqchilik bitta aniq bo‘lmagan xavfni keltirib chiqaradi. Havo isib borgani sayin daryo va ko‘llar quriydi, tuproqdagi namlik ham bug‘lanadi. Bu esa o‘z navbatida suv yanada ko‘proq isishiga olib keladi. Agar harorat ortishi davom etsa, tez orada nafaqat AQShda, balki ko‘plab boshqa mintaqalar ham ana shunday qurg‘oqchilikni boshdan kechirishiga to‘g‘ri keladi. Biroq Afrika va Yaqin Sharq kabi tarixan quruq bo‘lgan mintaqalar ko‘proq aziyat chekadi.

Hi-news saytidan olindi.

Mavzuga oid