Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kentukkidagi dahshatli tornado qurbonlari soni 90dan oshdi. Omon qolganlarni qidirish davom etmoqda
Shanba kuniga o‘tar kechasi Kentukki va AQShning markaziy qismidagi yana beshta shtatda kamida 94 kishi halok bo‘lgan. Qurbonlarning yakuniy soni hali ma'lum emas, birgina Kentukkida halok bo‘lganlar soni 100dan oshishi mumkin.
O‘nlab kishilar bedarak yo‘qolgan deb hisoblanmoqda; shaharlar butunlay vayron bo‘lgan. Juma kuni kechqurun regionga jami 30ga yaqin tornado yopirilgan.
Prezident Jo Bayden AQSh hukumati mamlakatning tornadodan jabrlangan markaziy hududlariga yordam ko‘rsatish uchun bor imkoniyatlar ishga solinishini ma'lum qilgan.
Bayden favqulodda vaziyatlar haqidagi deklaratsiyani imzolagan, bu orqali eng ko‘p jabr ko‘rgan Kentukki shtati uchun federal resurslar ajratish mumkin bo‘ladi. U tornadoni mamlakat tarixidagi eng talafotli tabiiy ofatlardan biri deb atadi.
Kentukki
Kentukkida 70dan ortiq kishining o‘limi tasdiqlangan, Meyfild shahridagi sham ishlab chiqarish zavodi tomi bosib tushishi oqibatida o‘nlab kishilar qurbon bo‘lgan. Tabiiy ofat vaqtida zavodda 100ga yaqin kishi bo‘lgan.
Greyvs okrugida joylashgan, 10 ming atrofida aholi istiqomat qiladigan Meyfild shahri - tornadodan eng ko‘p jabrlangan shahar bo‘lib turibdi.
Zavodda 40dan ortiq kishi qutqarib qolingan, Kentukki shtati gubernatori Endi Beshir yana kimnidir tirik topish mo‘jiza bo‘lishini aytib o‘tgan.
Beshirning so‘zlariga ko‘ra, shtatda qurbonlar soni 100ga yaqinlashishi mumkin.
Meyfild meri Keti Styuart O'Nan CBS muxbiriga bergan intervyusida sham zavodi «xuddi bomba tashlangandek» holatda ekanini aytgan. Ko‘plab binolar yer bilan bitta bo‘lgan.
Kuchli shamol tufayli Hopkins okrugida poyezd relsdan chiqib ketgan.
Kentukkida favqulodda holat e'lon qilingan.
Mahalliy rasmiylar qiyin holatga tushib qolgan - Meyfilddagi politsiya uchastkasi vayron bo‘lgan, o‘t o‘chiruvchilarning mashinalari va boshqa jihozlariga shikast yetgan. Shtatdagi o‘n minglab kishilar elektr ta'minoti va ichimlik suvisiz qolgan.
Boshqa shtatlardagi holat
Boshqa shtatlarda kamida 12 kishi tornado oqibatida halok bo‘lgan, shundan olti kishi Illinoysdagi omborxonada.
Kentukkidan shimoli-g‘arbda joylashgan Illinoysdagi Edvardsvill shahrida Amazon kompaniyasi omborxonasi tomi bosib tushgan.
Amazon kompaniyasi hozircha yetkazilgan zarar miqdori hisoblanayotganini ma'lum qilgan, Illinoys shtati gubernatori Jyey Robert Pritsker shahar uchun yordam ajratilishini va'da qilgan.
Illinoys politsiyasi boshlig‘i Mayk Filbek olti kishining o‘limini tasdiqlagan, hozircha qancha ishchi bedarak ketgani ma'lum emas.
Gubernator dastlab tornado vaqtida ikki bola bedarak yo‘qolganini ma'lum qilgandi, ammo keyinroq ularni vannadan topishdi - katta ehtimol bilan ularni bu yerga shamol itqitib yuborgan.
Arkanzasda ikki kishi tornado qurboniga aylandi - ulardan biri tomi qulab tushgan qariyalar uyida bo‘lgan.
Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, Tennessi shtatida uch kishi halok bo‘lgan, Missuri shtatida bir o‘lim qayd etilgan.
«Federal hukumat yordam berish uchun barcha ishni qiladi. Biz bu ko‘rgilikdan birgalikda o‘tamiz», degan Bayden.
«Metall ustunlarning bir qismi sinib ketgan, qolgani buklanib qolgan. Ko‘plab binolar tag-tugi bilan yo‘q. Shamol yuk mashinalarni havoga ko‘targan. Afsuski, ichida odamlari bo‘lgan juda ko‘plab uylar to‘liq vayron bo‘lgan», deya vaziyatni ta'riflaydi Kentukki shtati gubernatori.
Mavzuga oid
23:47 / 07.04.2025
AQShda tornado va suv toshqinlari oqibatida 20 kishi halok bo‘ldi
17:17 / 18.03.2025
AQSh markaziy va janubiy shtatlarida kuchli tornado: Tramp xalqni ibodatga chaqirdi
08:37 / 16.03.2025
AQShga kuchli tornado yopirildi, o‘nlab qurbonlar bor
10:28 / 20.09.2024