O‘zbekiston | 20:31 / 12.12.2021
16753
7 daqiqa o‘qiladi

Odamlar o‘limiga sabab bo‘layotgan yuqori tezlik va keng yo‘llar: muammo yechimi nimada?

Poytaxt Toshkent shahrining keng ko‘chalari naqadar chiroyli ko‘rinmasin, ular juda xavfli. Haydovchi uchun ham, piyoda uchun ham.

Foto: Kun.uz

Ko‘chalarimiz mashinalarga to‘lib-toshmoqda. Biroq, O‘zbekistonda avtomobillar soni aslida u qadar ko‘p emas — Yevropa mamlakatlari bilan solishtirsak, hattoki bir necha o‘n barobar kam. Masalan, Germaniyada salkam 48 million avtomobil mavjud, lekin bu mamlakatda shaharlarda katta tirbandlik kuzatilmaydi. O‘zbekistonda 3 million atrofida avtomobil mavjud – poytaxtda ham, boshqa shaharlar ko‘chalari ham doim tiqilinch.

Bu muammo haqida matbuotda ko‘p gapirildi. Shunday bo‘lsa-da, yana bir bor tiqilinchlar va yo‘ldagi o‘lim va jarohatlarni kamaytirish, shahar aholisi uchun qulay sharoitlar yaratish uchun nimalar qilish lozimligini ochiq, ishonchli ma’lumotlarga tayanib keltirmoqchiman. Quyidagi qisqa va sodda ma’lumotlar ishonchli tadqiqotlar va ko‘plab mamlakatlarning 50 yillik tajribasiga asoslangan. Maqolada shahar ichidagi yo‘llar haqida gap ketadi.

Keng yo‘llar — xavfli yo‘llar

Mana bu tadqiqotga ko‘ra, shaharlardagi keng (3,3–6 metrli) avtomobil yo‘llari ancha xavfli, torroq (2,8–3,2 m) yo‘llar xavfsizroq. Torroq yo‘llarda tezlikni oshirish qiyin, past tezlik o‘lim xavfini kamaytiradi. Masalan, 50 km/soat tezlikda kelayotgan avtomobil piyodani urib yuborganda insonning tirik qolish imkoniyati bor-yo‘g‘i 15 foiz, agar tezlik 30 km/soat bo‘lsa, piyodaning tirik qolish imkoniyati 90 foizga teng bo‘ladi.

Foto: wri.org

Keng yo‘llar tirbandliklarni kamaytirish o‘rniga, aksincha, ko‘paytiradi.

«Yo‘llarni kengaytirish orqali probkani kamaytirish, beldagi kamarni kengaytirish bilan semirishni to‘xtatsa bo‘ladi degan gapga o‘xshaydi», deb yozgandi mashhur olim Lyuis Mamford 1963 yildayoq. Zamonaviy tadqiqotlar ham buni tasdiqlagan.

Keng yo‘llar «yetib olish effekti» (Rebound Effect) sababli to‘lib boraveradi, chorrahalarda tiqilinch ko‘payaveradi.

Yechim – tor yo‘llar va yaxshi jamoat transporti

Dunyo 1990 yildan buyon yo‘lda transport vositalari hukmronligidan voz kechib kelmoqda. Yo‘llar piyodalar, velosipedchilar va tabiat uchun teng taqsimlanmoqda. Shvetsiyada 1994 yilda Vision Zero, keyinroq Niderlandiyada Sustainable Safety, Avstriyada Safe system va boshqa dasturlar amalga oshirildi, natijada yo‘llardagi jarohatlar soni 50 foizga va undan yuqori darajada kamaytirildi, minglab, o‘n minglab insonlar hayoti saqlab qolindi. Maqsad – qurbonlar sonini nolga tushirish.

Bizda esa doimiy ravishda ko‘payib bormoqda...

Albatta, holatni jiddiy o‘zgartirish bir urinishda amalga oshmaydi, qaysidir bir toifaga yoqmaydigan choralar ko‘rishga to‘g‘ri keladi. Biroq natija hammaga yaxshi bo‘ladi: bu jarayon iqtisodchilar tili bilan aytganda «0 yig‘indili o‘yin» emas – kimdir yutsa boshqasi yutqazadigan. Xavfsiz yo‘llardan avtomobilchi ham, piyoda ham yutadi.

Yo‘llarni toraytirish, jamoat transportini qulay qilish, trotuarlar va ajratilgan velosiped yo‘llari qurish, yengil relsli transportni ko‘paytirish, yo‘l muhandisligini tuzatish (yo‘l belgilari, svetoforlar), piyoda o‘tish joylarini ko‘paytirish, qonun-qoidalarning qat’iy ijrosi, to‘g‘ri ta’lim (faqat haydovchilarni o‘qitish emas, balki hammani).

Noto‘g‘ri yo‘l (Toshkent yo‘llari):

Foto: wri.org

To‘g‘ri yo‘l:

Foto: wri.org

Tezlikni boshqarish

Shaharlar ichida tezlik 30 km/soat bo‘lishi kerak. Hozirda O‘zbekistonda aholi punktlarida ruxsat etilgan tezlik 70 km/soat.

Ruxsat etilgan tezlikni 70 dan 50 km/soatga tushirsak, avtomobil manzilga necha soniyaga kechikadi deb o‘ylaysiz? Mana bu tadqiqotga ko‘ra, tezlikni 50 km/soatdan 30 km soatga tushirish manzilga yetishni har 1 km da 18 soniyaga kechiktiradi, xolos. Bu degani 10 kilometrlik manzilga bor-yo‘g‘i 3 daqiqa kechroq borasiz, degani. Ammo bu o‘lim xavfini 80 foizga tushiradi.  

Yaqinda maktab va bog‘chalar oldida tezlikni kamaytirish to‘g‘risida qaror chiqdi. Albatta, bu juda yaxshi. Biroq bolalar maktab va bog‘chadan boshqa yerlarda ham halok bo‘lmoqda, kattalar ham. Nega tezlikni shahar ichida 30 va 50 km/soat qilish mumkin emas?

«Yo‘l qurbonsiz bo‘lmaydi»mi?

Ko‘pchilik yo‘llardagi o‘limni normal qabul qiladi, lekin yo‘ldagi o‘lim va jarohat normal  bo‘lmasligi kerak. «Yo‘l bo‘lgandan keyin o‘lim bo‘ladi», degan tushunchadan voz kechish kerak.

Yo‘llardagi o‘lim va jarohatlar faqat yo‘l harakati ishtirokchilarining emas — jamiyatning, ya’ni har birimizning aybimiz degan tushunchani o‘zimizda hosil qilishimiz kerak. Chunki aynan jamiyat loqaydligi sabab yo‘l harakatini boshqaradigan idoralar, loyihalashtirish va qurish bo‘yicha mas’ullarda ham e’tiborsizlik paydo bo‘ladi.

Shahardagi avtomobil yo‘llariga mas’ul bo‘lgan tegishli hokimliklar, mahalliy idoralar, Transport vazirligi, IIV YHXB va boshqa tashkilotlarning har bir o‘lim uchun javobgarligini oshirish kerak. Inson qadri ustuvorligi bu sohada ham yuzaga chiqishi kerak.

Jamiyatimizning 90 foiz a’zosi piyoda yuradi, yo‘llarni kesib o‘tadi, yo‘llar va butun infrastruktura shunga mos taqsimlanishi kerak.

Yana bir aytilishi kerak bo‘lgan jihat — Toshkent yo‘llaridagi avtomobillarning bir vaqtda tiqilib harakatlanishi ekologiyani buzadi. Bu esa alohida o‘rganiladigan va og‘riqli masala.

O‘tkirbek Xolmirzayev,
Toshkent davlat yuridik universiteti o‘qituvchisi, PhD

Азиз Қаршиев
Muallif Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid