Jahon | 13:14 / 13.12.2021
13982
2 daqiqa o‘qiladi

Bu yil qaysi davlat rezidentlari Rossiyada ishlashga ko‘proq borgani ma’lum qilindi. O‘zbekiston ro‘yxatda birinchi

2021 yilda qariyb 3 mln o‘zbekistonlik Rossiyaga ishlash maqsadida borgan.

Foto: RIA Novosti

2021 yilda qaysi davlat rezidentlari Rossiyaga ishlash maqsadida boshqalarga qaraganda ko‘proq kelgani ma’lum qilindi. RT xabariga ko‘ra, federatsiyada mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekistondan eng ko‘p — 3 mln 54 ming 180 kishi borgan.

Shuningdek, Tojikiston (1 mln 597 ming 481 kishi), Qirg‘iziston (623 ming 465 kishi), Armaniston (298 ming 801 kishi) va Ozarboyjondan (185 ming 752 kishi) eng ko‘p xorijiy fuqarolar tashrif buyurgan.

Xabarga ko‘ra, xorijliklarning aksariyati Rossiyaga sayohat uchun borgan. Xususan, Belarusdan 30 ming 526 kishi, Germaniyadan 16 ming 369, Ukrainadan 15 ming 293 kishi, BAA’dan 12 ming 414 kishi va Qozog‘istondan 11 ming 192 kishi mamlakatda bo‘lgan.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, malaka oshirish maqsadida mamlakatga O‘zbekiston (59 ming 233 kishi), Tojikiston (58 ming 964 kishi), Qozog‘iston (55 ming 36 kishi), Turkmaniston (34 ming 955 kishi) va Misr (32 ming 473 kishi) rezidentlari ko‘proq kirib kelgan.

Bundan tashqari, ushbu davrda tadbirkorlik maqsadida Xitoy (11 ming 235 kishi), O‘zbekiston (10 ming 389 kishi), Germaniya (10 ming 320 kishi), Belarus (10 ming 167 kishi) va Qozog‘iston (9 ming 889 kishi) fuqarolari tashrif buyurgan.

Avvalroq, Tashqi mehnat migratsiya agentligi tomonidan yanvar-noyabr oylarida 91 ming 958 nafar O‘zbekiston fuqarosi xorijiy davlatlarda ishga joylashtirilgani ma’lum qilingandi. Shundan 84 ming 574 kishi Rossiya federatsiyasida ish faoliyatini boshlagan.

Shuningdek, agentlik ayni paytda Rossiyada ishlayotgan migrantlarning o‘rtacha maoshi to‘g‘risida ham ma’lumot bergan. Qayd etilishicha, mehnat muhojirlarining o‘rtacha oylik maoshi 47 ming 100 rublni (6 mln 900 ming so‘m) tashkil etadi.

Исломбек Умаралиев
Tayyorlagan Исломбек Умаралиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid