Jahon | 11:32 / 13.12.2021
9002
14 daqiqa o‘qiladi

Makron va yanada ko‘proq o‘nglar. Fransiyadagi prezidentlik saylovlarida kimlar ishtirok etadi?

2022 yil aprelida Fransiyada bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarida davlatning amaldagi rahbari – markazchi Emmanuel Makron bir qancha o‘ng va o‘ta o‘ng nomzodlar bilan raqobatlashadi.

Amaldagi prezident o‘ng nomzodlar bilan kurash olib borishiga to‘g‘ri keladi

O‘nlab yillar davomida fransuz siyosatida markaziy o‘rin tutgan va butun dunyoda so‘l g‘oyalar modasini o‘rnatgan sotsialistlar chuqur inqirozda. Ijtimoiy so‘rovnomalarga ko‘ra, so‘l nomzodlarning hech biri saylovning ikkinchi bosqichiga o‘tish imkoniyatiga ega emas.

Migratsiyani qanday qilib nazorat qilish va musulmon aholini assimilyatsiya qilish, respublika qadriyatlari va  Black Lives Matter harakati hamda «bekor qilish madaniyati» – saylovchilarni ham, siyosiy elitani ham qiziqtiradigan masalalar mana shulardan iborat.

BBC o‘ng va o‘ta o‘ng nomzodlar hamda ularning g‘oyalari Fransiyadagi saylov kampaniyasini qanday shakllantirishini tushuntiradi.

Fransuz o‘nglarining eski va yangi qiyofalari

G‘alaba qozongan taqdirda Valeri Pekress Fransiya Respublikasini boshqargan birinchi ayol bo‘ladi

Fransiya prezidenti Emmanuel Makron o‘z nomzodini hali rasman e'lon qilmagan. Biroq ikkinchi muddatga nomzodini qo‘yishiga shubha qiladiganlar kam.

So‘nggi oylarda o‘tkazilgan turli ijtimoiy so‘rovnomalar unga fransuzlarning 24-25 foizi ovoz berishga tayyor ekanini ko‘rsatdi. Bu boshqa da'vogarlarga qaraganda ko‘proq, biroq birinchi turda g‘olib bo‘lish uchun yetarli emas.

Makronning bo‘lajak saylovlardagi asosiy raqiblari o‘tgan hafta oxirida aniq bo‘ldi. Jak Shirak va Nikolya Sarkozi kabi sobiq prezidentlar mansub bo‘lgan «Respublikachilar» konservativ partiyasi o‘z nomzodini tanladi. Parijni ham o‘z ichiga oladigan Il-de-Frans regioni rahbari Valeri Pekress Makronga raqib bo‘ldi.

Pekress o‘zining uchdan ikki qismini Angela Merkel va uchdan bir qismini Margaret Tetcher deb ataydi. To‘g‘ri, uni rus tilini bilishidan tashqari (Pekress yapon va ingliz tillarida ham so‘zlasha oladi) yana qaysi jihat sobiq nemis kansleri bilan bog‘lab turishi oxirigacha tushunarli emas.

Pekress – o‘ta konservativ siyosatchi. Deputat bo‘lgan vaqtda bir jinsli nikohlarga qarshi chiqqan (to‘g‘ri, keyinchalik o‘z pozitsiyasini o‘zgartirgan). Uning prezidentlik dasturida asosiy e'tibor migratsiyani cheklash va qonun ustuvorligini mustahkamlashga qaratilgan.

«Joriy immigratsiyani to‘xtatish va respublikamiz qadriyatlarini himoya qilish» hamda «Ko‘chada tartib o‘rnatish» –  saylovoldi manifestining ilk bo‘limi ana shunday nomlangan.

Shuningdek, Pekress radikallar o‘z muddatini o‘tab, qamoqxonadan chiqqanidan keyin ham ularni qamoqda saqlashni taklif etmoqda. Uning fikricha, jamoat xavfsizligi ana shuni talab qiladi.

«Respublikachilar»dan nomzodlik uchun uning asosiy raqibi mamlakat janubidan bo‘lgan ultra o‘ng deputat Erik Sotti edi. U migratsiya masalasiga nisbatan o‘ta keskin pozitsiyani egallagan va hatto Fransiyada terrorchilikda gumonlanuvchilar saqlanadigan AQShning Guantanamo qamoqxonasi muqobilini yaratishni taklif etadi.

Konservativ elektoratni jipslashtirish uchun Pekressga Sottining qo‘llab-quvvatlashi zarur. U o‘z kampaniyasi doirasida Sotti bilan hamkorlik qilishni istashini aytgandi.

Shu bilan birga, Sottining migratsiya masalalaridagi qarashlari Erik Zemmurnikiga mos keladi. Uning prezidentlikka nomzodi ilgari surilishi asosiy siyosiy sensatsiyaga aylandi.

Zemmurni raqiblari va tarafdorlari «fransuz Trampi», siyosatda tajribasi yo‘q – publitsist va provokator sifatida mashhur deb bilishadi.

Zemmur feministlar, migrantlar va musulmonlarga qarshi kurashadi hamda xorijiy ismlarni taqiqlashni talab etadi, shuningdek, natsistlar bilan hamkorlik qilgan Vishi rejimini ham oqlaydi. Musulmonlar, arablar va qora tanli fransuzlarga qarshi provokatsion bayonotlari uchun ikki marta sudlangani ham uning qarashlari naqadar radikal ekanidan dalolat beradi.

Zemmur Fransiyaning avvalgi buyukligini qaytarishga va'da beradi

Ekspert va jurnalistlarni hayratda qoldirgan holda, uni fransuzlarning ko‘pchiligi qo‘llab-quvvatlashga tayyor – turli so‘rovnomalarga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich 13 foizdan 17 foizgachani tashkil etmoqda. Bu esa boshqa so‘l qanot nomzodlar ko‘rsatkichidan ko‘proq.

Oq-qora kino, Brijit Bardo va Jan-Pol Belmondo ishtirokidagi film kadrlari, shuningdek, Betxoven Yettinchi simfoniyasi parchasi bilan bezatilgan videoda Zemmur o‘z nomzodi prezidentlikka ilgari surilayotgani haqida ma'lum qildi.

O‘tmishni yodga soluvchi video fonida Zemmurning ovozi fransuzlarga «Janna D’Ark va Lyudovik XIV mamlakati, Bonapart va general de Goll mamlakati, ritsar va go‘zal xonimlar mamlakatini qaytarish»ga va'da beradi.

Zemmurning asosiy raqibi – uzoq vaqt fransuz o‘ta o‘nglari yetakchisi bo‘lgan ayol Marin Le Pen. U 2017 yilgi saylovlarning ikkinchi turida Makronga yutqazgandi.

So‘rovnomalarga ko‘ra, Zemmur va Marin Le tarafdorlarining umumiy soni saylovchilarning 30 foizidan ko‘proq bo‘lishi mumkin.

«O‘ta o‘nglar Fransiyada bunchalik mashhurlikka hech qachon erishmagandi», deydi London universiteti kollejida Fransiya va Yevropa siyosati professori Filipp Marler BBC bilan bo‘lgan suhbatda.

«Buyuk almashtirish nazariyasi»

Erik Zemmur Marin Le Pen hatto talaffuz ham qilolmaydigan gaplarni baralla aytmoqda. Masalan, u «buyuk almashtirish nazariyasi»ni ochiqchasiga ilgari surmoqda. Nazariya muallifi 1980-yillarda gomoseksual adabiyot yulduzi, hozirda migratsiyaga qarshi o‘ta o‘ng kurashchi, fransuz yozuvchisi Reno Kamyu (Nobel mukofoti sovrindori Alber Kamyuga aloqasi yo‘q).

Nazariyaning mohiyati shundaki, go‘yoki, G‘arbning oq va nasroniy aholisini Afrika hamda Osiyodan bo‘lgan qora tanli musulmon migrantlar bilan almashtirish borasidagi fitna mavjud.

«Bu haqiqatga hech qanday aloqasi bo‘lmagan mutlaqo aqldan ozgan g‘oya», deydi Marler.

U Yangi Zelandiya Kraystcherch shahridagi ikkita masjidda 51 kishi, jumladan, 3 yoshli bolani o‘ldirgan terrorchi mazkur nazariyaga tayanganini yodga soladi.

«Bu nafaqat fransuzcha g‘oya, biroq Fransiyadan kelib chiqqan. Zemmur uni o‘ylamay qo‘llamoqda. Marin Le Pen bu kabi g‘oyalarga ehtiyotkorlik bilan yondashadi, Zemmur esa yo‘q», deya qayd etadi professor Marler.

Mazkur nazariya tezda mashhurlikka erishdi va tor doiralardan chiqib, asosiy mavzuga aylandi. Yaqinda o‘tkazilgan so‘rovnoma, fransuzlarning 61 foizi mamlakatda «buyuk almashtirish» sodir bo‘layotganiga ishonishini ko‘rsatdi.

Petin (chapda) fashistlar bilan hamkorlik qilgan va ularning qo‘g‘irchoq hukumatiga rahbarlik qilgan

Madaniy urushlar va AQSh ta'siri

Makron va uning hukumati ritorikasi – fransuz siyosatining o‘ngga burilishiga yaqqol misol. Sobiq bankir 2017 yilda o‘nglar va so‘llar an'anaviy bo‘linishni inkor etish platformasida saylandi. Saylovchilarni uning tizimsiz nomzodligi va optimizmi, shuningdek, Makronning an'anaviy partiyalardan hech biriga aloqasi yo‘qligi fakti jalb etdi.

Biroq uning davrida vazirlar kabinetiga bir necha o‘ng siyosatchilar kirdi. So‘nggi ikki yil ichida u migratsiya va o‘zlikni anglash masalalarida keskin pozitsiyani egallay boshladi.

Radikal kuchlar tomonidan amalga oshirilgan qator teraktlardan so‘ng, prezident «islom separatizmi»ga qarshi urush e'lon qildi. U islom dini bilan emas, siyosiy mafkuraga qarshi kurashayotganini ta'kidladi. Biroq u tomonidan taklif etilgan choralar masjidlar ustidan davlat nazorati va ular moliyalashtirilishi ustidan nazorat kuchaytirilishini anglatadi.

Bunga parallel ravishda, u Amerikaning multimadaniyat va irqchilikka qarshi g‘oyalarida Fransiya uchun tahdidni ko‘rdi. Black Lives Matter («qora tanlilar hayoti muhim») shiori ostidagi norozilik namoyishlari Parijgacha yetib kelganida u fransuz umuminsoniy qadriyatlari asosidagi vatanparvarlik zarurligini ma'lum qildi.

«[Tenglik uchun] kurash separatistlar tomonidan qo‘lga kiritilganida qabul qilinishi mumkin emas», dedi Makron.

Fransiyada odamning irqi va etnik kelib chiqishini politsiya hisobotlari va boshqa hujjatlarda ko‘rsatish taqiqlangan. Fransuz siyosiy madaniyatida ommaviy maydonda barcha respublika fuqarosi deb hisoblanadi. Diniy va madaniy farqlar esa shaxsiy hayotga tegishli.

«Bekor qilish madaniyati», tizimli irqchilik, kolonializm merosi, o‘zlikni anglash – hali ham fransuz ziyolilari va siyosatchilar uchun eng qaynoq mavzular sanaladi. Ular mazkur g‘oyalar Fransiyada mavjudligi yoki Amerika muammolarining aqlsizlarcha eksporti ekani, liberal OAV esa ularni Yevropaga singdirishga urinishi borasida bahslashishadi.

Black Lives Matter harakati Fransiyada ham juda mashhur bo‘ldi

Prezident atrofidagilar madaniy urushlarning boshida turadi. Ichki ishlar vaziri Jyerald Darmanen supermarketlardagi «halol» bo‘limlariga qarshi chiqadi. Chunki uning fikricha, bu separatizmning namoyon bo‘lishi hisoblanadi. U huquq-tartibot organlari xodimlarini o‘ldirganlik uchun qattiqroq jazo tayinlashni talab etuvchi politsiyachilar mitingida ham ishtirok etgan.

«Makron o‘ngga surilgani borasida shubhalar mavjud emas. Albatta, prezident sifatida g‘azabli [o‘ta o‘ng] bayonotlar qilishni istamaydi. Unga kerak bo‘lgan narsa - atrofidagilar, tarafdorlari va vazirlar buni uning nomidan gapirishiga imkon berish. Men ular buni uning nomidan aytishyapti, deb hisoblayman. Chunki u hech qachon ularga qarshi chiqmaydi. Makron ularni to‘xtatmaydi, men u buni ataylab qiladi, deya taxmin qilaman. U mazkur masalalarda qattiqqo‘l bo‘lib ko‘rinishni istaydi», deydi London universiteti kolleji professori Filipp Marler.

Kabinetning yana bir a'zosi – oliy ta'lim vaziri Frederik Vidal fransuz universitetlarini «islom so‘lligi»ga tekshirishni buyurdi. Mazkur atama ostida o‘ta o‘ng tanqidchilar gender, irq va postkolonial tadqiqotlarni birlashtiradi.

Vidal ularni «jamiyat tanasidagi gangrena» deb ataydi. Uning tasavvurida mazkur g‘oya tarafdorlari jamiyatni ajratish va urishtirishi mumkin bo‘lgan narsalarni topadi, radikal va jangari g‘oyalarni tarqatadi.

Makronning o‘zi akademik dunyo ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga irqiy o‘lcham berishga harakat qilishi, bu esa separatizmga olib kelishi va respublika tanazzuli bilan tahdid solayotganini aytgan.

Fransuz universitetlari javob tariqasida hukumat rasmiylarining o‘z dasturlarini senzura qilishga urinishlariga qarshi chiqdi. Marler gender, irqiy va postkolonial tadqiqotlar – hajm bo‘yicha fanning kichik sohasi va unga bag‘ishlangan ishlari soni juda kam ekanini ta'kidlaydi.

So‘l g‘oyalar inqirozi

2017 yil saylovlardagi mag‘lubiyatidan so‘ng Sotsialistik partiya Parij markazidagi shtabi binosini sotib yubordi / AFP

«So‘l nomzodlar o‘ta ahamiyatsiz, ulardan hech biri so‘rovnomalarda 10 foizdan ko‘p olmaydi. So‘l qanot inqirozda, u jamiyatda asosan qonun va huquqiy tartib, islom, immigratsiya masalalari tomonga burilgan muhokamalarga ta'sir o‘tkazmaydi. Zemmur o‘zini suvdagi baliq sifatida his etayotgani hayratlanarli emas», deydi Marler.

So‘nggi ikki yuz yil ichida Fransiya dunyoga ko‘plab inqilobiy, so‘l g‘oya va ta'limotlarni berdi. Butun dunyoda mashhur fransuz mualliflari, jumladan, Nobel sovrindorlari Jan-Pol Sartr, Alber Kamyu va Anatol Frans ana shunday g‘oyalarni tarqatishdi.

«Fransiya haqida o‘ylaganda fransuz inqilobi va Parij kommunasi xayolga keladi. Bu kuchli so‘l an'analar mamlakati», - deydi Marler.

Biroq hozir so‘lchilar zaiflashgan. Sotsialistik partiya so‘nggi 50 yil ichida fransuz siyosatidagi asosiy kuchlardan biri edi. Prezidentlar Fransua Mitteran va Fransua Olland aynan shu partiyadan chiqqan. Biroq partiya 2017 yil mag‘lubiyatidan keyin o‘nglana olgani yo‘q.

O‘shanda uning prezidentlikka nomzodi ikkinchi turga o‘ta olmadi. Keyin esa parlament saylovlarida qattiq mag‘lubiyatga uchradi – sotsialistlar bor-yo‘g‘i 5 foiz ovoz to‘pladi.

So‘l liberal gazeta Le Monde partiya iztirobda ekanini yozgandi. Partiyaning Sena chap qirg‘og‘idagi shtab-kvartirasi sotilishi va Parijdagi ishchilar shaharchasiga ko‘chib o‘tishi ana shu inqiroz ramziga aylandi.

«Sotsialistlar hokimiyatda edi, keyin esa barini yo‘qotishdi. Ular hech narsani ortga qaytara olmadi. Aftidan partiya omon qolish uchun kurashmoqda va uning o‘rnini egallaydigan boshqa partiya yo‘q», deydi Filipp Marler.

Гулзода Иброҳимова
Tayyorlagan Гулзода Иброҳимова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid