Jahon | 13:10 / 13.12.2021
6757
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik ekspert: «Keyingi yil martgacha 23 million afg‘on ocharchilikka duchor bo‘lishi mumkin»

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne'matovning ta'kidlashicha, kelasi yilning o‘rtalariga borib Afg‘oniston aholisining deyarli 95 foizi qashshoqlik chegarasidan pastga tushib ketishi mumkin.

Foto: BMT

O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne'matov 10 dekabr kuni Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a'zo mamlakatlar tadqiqot markazlari va kuzatuvchilarining 7-yig‘ilishida ishtirok etdi. U Afg‘onistondagi vaziyatni tahlil qilib, «Tolibon» bilan pragmatik va konstruktiv muloqot o‘rnatish bo‘yicha o‘z yondashuvlarini bildirdi.

«Afg‘oniston mamlakat ichidagi barqarorlikka to‘sqinlik qiluvchi, mintaqa xavfsizligi va rivojlanishiga tahdid soladigan bir qator murakkab muammolarga duch kelmoqda.

Mening fikrimcha, asosiy qiyinchilik mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning yomonlashuvidir. Joriy yilda Afg‘oniston iqtisodiyotining 30-40 foizga qisqarishi kutilmoqda, bu esa kelasi yil o‘rtalariga borib mamlakat aholisining deyarli 95 foizi qashshoqlik chegarasidan pastga tushib ketishiga olib keladi. 

2022 yilning martigacha 23 million afg‘on ocharchilikka duchor bo‘lishi mumkin. Bu raqamlarning o‘zi mamlakatdagi holat qanchalik ayanchliligidan dalolat beradi. Afg‘onistonning yakka o‘zi gumanitar inqiroz bilan kurasha olmaydi, mamlakat xalqaro hamjamiyat yordamiga muhtoj. Ma'lumki, «Tolibon» hokimiyatga kelishidan oldin hukumat xarajatlarining 75 foizi tashqi manbalar hisobidan moliyalashtirib kelingan», deydi u.

Ne'matovga ko‘ra, moliyaviy resurslar yetishmasligi tovarlar, ayniqsa oziq-ovqat va tibbiy buyumlar taqchilligini kuchaytiradi. Bu esa allaqachon 30 foizdan oshgan inflatsiyani yanada tezlashtiradi. Narxlar ham ko‘tarilishda davom etmoqda, chunki Afg‘oniston importga juda bog‘liq bo‘lib, yil boshidan beri tashqi savdoning 95 foizi aynan import hissasiga to‘g‘ri kelgan.

«Ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat yomonlashishi va gumanitar inqirozning kuchayishi jamiyatda keskinlik ortishiga olib keladi, yangi hukumatning mamlakatdagi xavfsizlikni ta'minlash imkoniyatlariga putur yetkazadi. Bu terrorizm, giyohvand moddalar savdosi va uyushgan jinoyatchilik uchun imkoniyat yaratib berishi mumkin. Afg‘onistondagi hozirgi vaziyatning o‘ziyoq Markaziy Osiyo xavfsizligi va barqarorligiga jiddiy tahdidlarni keltirib chiqarmoqda», deydi ekspert.

Akramjon Ne'matovning ta'kidlashicha, Afg‘onistonni o‘z muammolari bilan yolg‘iz qoldirmaslik kerak. Xalqaro hamjamiyat 1990-yillarda «Tolibon»ni boykot qilgan, ammo bu ish bermagan.

«Xalqaro hamjamiyatning yondashuvi samarasiz bo‘ldi, chunki bu Afg‘oniston muammosi keskinlashishiga, uning hududidan kelib chiqadigan tahdidlar sezilarli darajada oshishiga olib keldi. Shu sabab o‘tgan xatolarni takrorlamaslik, ularning qanday halokatli oqibatlarga olib kelishi mumkinligini unutmaslik zarur», deydi u.

Ekspertning qo‘shimcha qilishicha, bugun Afg‘onistonni yakkalab qo‘yish siyosati ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatning yanada yomonlashishiga, davlatchilik inqiroziga, butun mamlakat bo‘ylab tartibsizlik tarqalishiga olib keladi. Bu esa fuqarolar urushini yangi bosqichga olib chiqishi mumkin. Oxir-oqibat vaziyat qochqinlar oqimi, terrorizm va ekstremizm tahdidlari kuchayishiga olib keladi, bularning oqibatlarini esa birinchi navbatda qo‘shni davlatlar his qiladi.

Mavzuga oid