O‘zbekiston | 15:26 / 13.12.2021
41908
3 daqiqa o‘qiladi

Xatirchi hokimi o‘rinbosari ishdan chetlatildi. Unga nisbatan jinoyat ishi ochilgan

Xatirchi tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Vohid Avlonov lavozimidan chetlatildi. Kun.uz manbasiga ko‘ra, u korrupsiya gumoni bilan tergovga tortilgan.

Navoiy viloyati Xatirchi tumani hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish bo‘limi boshlig‘i Vohid Avlonov 2021 yil 25 noyabrdan lavozimidan chetlatilgan.

Tuman hokimining bu haqdagi farmoyishiga asos sifatida jinoyat ishlari bo‘yicha Xatirchi tuman sudining 2021 yil 22 noyabrdagi ajrimi ko‘rsatilgan.

Kun.uz manbasiga ko‘ra, Vohid Avlonovning ustidan jinoyat ishi ochilgan, u mansab soxtakorligi va korrupsiyaga qo‘l urganlikda gumonlanmoqda.

UPD. Bosh prokuratura ham ushbu ma'lumotni tasdiqladi. Ma'lum qilinishicha, hokim o‘rinbosariga JKning 205-(Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste'mol qilish) va 209-(Mansab soxtakorligi) moddalari bilan ayblov e'lon qilingan. Jinoyat ishi 30 noyabr kuni ayblov xulosasi bilan mazmunan ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan.

Avlonov 2017 yildan buyon Xatirchi hokimi o‘rinbosari sifatida ishlab kelayotgandi.

Ma'lumot uchun, Jinoyat protsessual kodeksining 255-moddasiga ko‘ra, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘z ish joyida qolishi – jinoyat ishi bo‘yicha haqiqatni aniqlashga yoki jinoyat oqibatida yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashga to‘sqinlik qiladi yoxud jinoiy faoliyatini davom ettiradi, deb hisoblashga yetarli asoslar bo‘lsa, u lavozimidan chetlashtirilishi mumkin.

Ayblanuvchini lavozimidan chetlashtirish to‘g‘risidagi masala sud tomonidan hal qilinadi.

Mehnat kodeksining 113-moddasiga ko‘ra, xodim ishdan chetlashtirilgan davrda unga ish haqi hisoblanmaydi.

Xatirchi tumani hokimi Nizomovning 13 dekabrdagi farmoyishi bilan, tuman hokimining moliya-iqtisodiyot bo‘yicha birinchi o‘rinbosari lavozimi vaqtincha hokimning boshqa bir o‘rinbosari Bahodir Ne'matovga yuklatilgan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Navoiy viloyati hokimi etib tayinlangan Normat Tursunov birinchi ish kunida Xatirchi tumaniga borgan edi.

Mavzuga oid