O‘zbekiston | 15:08 / 17.12.2021
12653
2 daqiqa o‘qiladi

1000 so‘mlik banknotlar yangilanishi borasida hozircha aniq ma’lumot yo‘q - MB

2021 yil davomida O‘zbekistonda muomalada bo‘lib turgan 7 ta banknotdan 6 tasining dizayni yangilandi.

Markaziy bank 22 dekabrdan boshlab 50 va 100 ming so‘mlik yangi banknotlar chiqarilishini e’lon qilgan edi.

Bu bilan muomaladagi barcha banknotlarni ixchamlashtirish, ularni Buyuk ipak yo‘li mavzusi atrofida birlashtirish va pullarga zamonaviy himoya elementlarini kiritish jarayoni deyarli yakunlanadi.

Shu tariqa 1000 so‘mlik banknotdan tashqari, O‘zbekistonda muomalada bo‘lgan barcha qog‘oz pullarning dizayni yangilandi.

Markaziy bank matbuot xizmatining Kun.uz'ga bildirishicha, 1000 so‘mlik kupyuraning ham yangilanishi borasida hozircha aniq ma’lumot yo‘q.

Qayd etish lozim, 1000 so‘mlik kupyura 2001 yilda muomalaga kiritilgan bo‘lib, 2013 yilda 5 ming so‘mlik kupyura paydo bo‘lguniga qadar eng katta qiymatga ega so‘m banknota bo‘lib kelgan.

Ayni paytda 1000 so‘mlik kirill alifbosidan foydalanilgan yagona banknota bo‘lib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, yangi banknotlarning muomalaga kiritilishi bilan eski banknotlardan foydalanish cheklanmaydi. Eski pullar sekin-asta tabiiy yo‘l bilan yangilariga almashtirib boriladi.

Mavzuga oid