O‘zbekiston | 09:58 / 20.12.2021
1944
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda mast holda mashina boshqarib ketayotgan haydovchi YPX xodimiga pora bermoqchi bo‘ldi

Foto: Fotolia

Surxondaryo viloyati Denov tumanida mast holda mashina boshqarib kelayotgan haydovchi YPX xodimiga pora bermoqchi bo‘ldi. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2021 yil 17 dekabr kuni soat 9:30 larda Surxondaryo viloyati IIB JXD YHXX YPX otryadi 2-safarbar guruhi yo‘l-patrul xizmati inspektori B.R. Denov tumani Nomozgoh mahallasida xizmat olib borayotgan vaqtda haydovchi I.K. boshqaruvidagi “VAZ-2105” mashinasini to‘xtatgan.

Hujjatlarni tekshirish jarayonida I.K. Denov tumanidagi narkologiya dispanserida ko‘rikdan o‘tkazilganida, haydovchi mast holatda mashina boshqarib yurgani aniqlangan.

YPX inspektori I.K.ga nisbatan MJtKning 131-moddasi 1-qismi bilan tegishli tartibda ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirgan va mashina vaqtinchalik jarima maydoniga joylashtirilgan.

Shundan so‘ng, haydovchi I.K. inspektordan mashinani jarima maydonidan chiqarib berish va rasmiylashtirgan bayonnomani yo‘q qilishni iltimos qilib, evaziga 300 AQSh dollari berishini aytgan.

Inspektor B.R. ushbu holat bo‘yicha viloyat IIB boshlig‘i nomiga pora taklif qilayotgan fuqaro I.K.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rish bo‘yicha bildirgi bilan murojaat qilgan.

Mazkur bildirgiga asosan 2021 yil 17 dekabr kuni soat 20:00 larda IIV ShXBB Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi, viloyat IIB JXD YXHX va Denov tuman prokuraturasi xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, fuqaro I.K. inspektor B.R.ga 2,15 million so‘m va 100 dollarni bergan vaqtda ushlangan.

Qayd etilishicha, ushbu holat tegishli tartibda rasmiylashtirilgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan Denov tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid