Jahon | 18:38 / 21.12.2021
18875
17 daqiqa o‘qiladi

«Inoagentlar», qiynoqlar va Navalniy - Dmitriy Muratovning Nobel nutqi

Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureati – Rossiyaning «Novaya gazeta» nashri bosh muharriri Dmitriy Muratov mukofotni topshirish marosimida nutq so‘zlab, zamonaviy dunyoning eng og‘riqli masalalarini tilga oldi. Kun.uz nutqni to‘liq ravishda o‘zbek tilida keltirib o‘tadi.

Hazrati oliylari! Qirol janobi oliylari, Nobel qo‘mitasining hurmatli a’zolari, muhtaram mehmonlar!

8 oktyabr kuni ertalab menga onam qo‘ng‘iroq qildi. Nima yangiliklar, deb so‘radi.

— Mana, — dedim, — oyi, Nobel mukofoti olibmiz...

— Bu yaxshi. Yana nima yangilik bor?

...Hozir, onam, hammasini senga hikoya qilib beraman.

* * *

«Aminmanki, fikr erkinligi boshqa fuqaroviy erkinliklar qatori taraqqiyot asosi sanaladi.

Men insonlar taqdiri shakllanishida fuqaroviy va siyosiy erkinliklar hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligi haqidagi tezis tarafdoriman!

Aniq aminmanki, xalqaro ishonch, <…> qurolsizlanish va xavfsizlik jamiyatning ochiqligi, axborot, fikr erkinligi va oshkoraliksiz mavjud bo‘lolmaydi <…>.

Tinchlik, taraqqiyot, inson haqlari — bu uch maqsad chambarchas bog‘liq».

Bular — Yer sayyorasi fuqarosi, buyuk faylasuf, akademik Andrey Saxarovning Nobel marosimidagi nutqidan parchalar.

Bu nutqni xuddi shu yerda, shu shaharda 1975 yilning 11 dekabrida uning rafiqasi Yelena Bonner o‘qib bergan.

Men Saxarovning so‘zlari shu yerda, butun jahonga mashhur zalda ikkinchi bor yangrashini zarurat deya sanadim.

Nega bu narsa hozir biz uchun, men uchun shu qadar muhim?

Dunyo demokratiyani yomon ko‘rib qoldi.

Dunyo boshqaruvdagi elitalardan hafsalasi pir bo‘ldi.

Dunyo diktatura tomon qo‘l cho‘zdi.

Taraqqiyotga inson haqlari va erkinliklariga rioya qilish bilan emas, texnologiyalar va zulm bilan ham erishsa bo‘ladi, degan sarob hosil bo‘ldi.

Erkinliksiz mana shunday taraqqiyot.

Sigirsiz ana shunday sut…

Diktaturalar o‘zlariga zulmdan osongina foydalanish imkoniyatini yaratib olishdi.

Bizning mamlakatda (nafaqat bizda) shunday fikr ommalashgan: qon to‘kishdan qochadigan siyosatdonlar — kuchsiz insonlar.

Dunyoga urush bilan tahdid solish esa chinakam vatanparvarlarning burchi.

Hukumat urush g‘oyasini faol ravishda sotmoqda.

Urushning agressiv marketingi ta’siri ostida odamlar uning sodir bo‘lishiga ko‘nikishmoqda.

Davlat televizion kanallarida militaristik ritorika uchun to‘liq mas’uliyat hukumatlar va ularga yaqin propagandachilar zimmasida.

Biroq men haqqoniy va qo‘rqinchli tasvirlarni namoyish etgan boshqa televizorni ham ko‘rganman.

Chechen urushi davrida vokzallardan birida beshta muzlatkich-vagonlar relslarda turardi. Ular tun-u kun qo‘riqlanardi. Bu mudofaa vazirligi 124-laboratoriyasining g‘ildirakli o‘likxonasi edi.

Muzlatkichlarda askar va zobitlarning hali tanib olinmagan jasadlari saqlanardi.

Ko‘plarining yuzi o‘q tegishidan va qiynoqlardan tanib bo‘lmas darajaga yetgandi. Laboratoriya boshlig‘i, 1-rang kapitani Shcherbakov noma’lum askar qolmasligi uchun qo‘lidan kelgan hamma ishni qilayotgandi. Vokzal yaqinidagi kichikroq uychada televizor o‘rnatilgandi. Kutish zalidagidek o‘rindiqlarda bedarak yo‘qolgan askarlarning onalari va otalari o‘tirishardi. Videokamera ko‘targan operator esa o‘likxonadan birin-ketin jasadlarning tasvirini ekranga translatsiya qilardi. Birin-ketin. 458 marta. Minus 15 daraja haroratda «Urush — O‘lim» yo‘nalishida kelgan so‘nggi poyezd vagonlaridagi tokchalarda aynan shuncha harbiylarning jasadi yotardi.

Chechenistonning tog‘lari va daralarida oylab o‘z o‘g‘lini axtargan onalar ekranda farzandining yuzini ko‘rib, baqirishardi: «Bu o‘g‘lim emas! Bu o‘g‘lim emas-ku axir?!»

Lekin u o‘g‘li edi.

Hozirgi mafkurachilar Vatan uchun yashash emas, Vatan uchun o‘lish g‘oyasini yana ilgari surishmoqda. Bu televizorga yana o‘zimizni aldashga qo‘yib bermasligimiz kerak. G‘ildirakli o‘likxona oldidagi televizor nimalarni ko‘rsatganligini unutmasligimiz kerak.

Gibrid harbiy harakatlar, «Boeing MH-17» bilan bog‘liq fojiali, badkirdor va jinoyatkorona kechmish Rossiya va Ukraina munosabatlarini buzdi, kelgusi avlodlar bu aloqalarni tiklay olishadimi-yo‘qmi, bunisini bilmayman... Boz ustiga, geosiyosatchilarning kasal boshlarida Rossiya va Ukraina o‘rtasida urush imkonsiz ekanligi yo‘q bo‘lib ulgurdi.

Lekin bir narsani aniq bilaman — urushlar o‘lgan askarlarni tanib olish va asirlarni almashish bilan yakun topadi. Chechen urushida «Novaya gazeta» va bizning sharhlovchimiz mayor Izmaylov 174 kishini asirlikdan qutqarishga muvaffaq bo‘lgan edi. Agar men hozir o‘zimning yangi sifatimda hali tirik asirlarni uylariga qaytarish uchun nimadir qila oladigan bo‘lsam, aytinglar. Men tayyorman.

* * *

Men shu zalda 1990 yilda Tinchlik uchun Nobel mukofotini qo‘lga kiritgan yana bir insonni yodga olmoqchiman.

Moskva. Kreml. 1988 yilning 18 apreli. Siyosiy byuro yig‘ilishi ketmoqda. Sovet vazirlaridan biri qo‘shinlarni Afg‘onistonda qoldirishni talab qila boshlaydi, Mixail Gorbachyov uning so‘zlarini keskin bo‘ladi: «Qirg‘iycha qichqirishni bas qiling!»

«Qirg‘iycha qichqirishni bas qilish!»

Bu siyosat va jurnalistika uchun zamonaviy dasturulamal emasmi — hayotni «qoraxat»larsiz yo‘lga qo‘yish?

* * *

Lekin Yevropaning markazida Ukraina sharqidagi voqealarga prezident Lukashenkoning katta qon to‘kilish yoqasidagi o‘yinlari ham qo‘shildi. Uning harbiylari avtomat qo‘ndoqlari ostida Yaqin Sharqdan kelgan qochqinlarni Yevropa ittifoqi chegarasini qo‘riqlayotgan avtomatli askarlar zanjiri tomon quvishmoqda. Tomonlar bir-birlarini ayblashmoqda, aql-hushini yo‘qotgan insonlar esa tom ma’noda ikki o‘t orasida sarson bo‘lishmoqda.

Biz — jurnalistlarmiz, ishimiz tushunarli: fakt va yolg‘onni ajratib berish. Professional jurnalistlarning yangi avlodi katta hajmdagi ma’lumotlar, axborot bazalari bilan ishlashni bilishadi. Biz ham ularni o‘rgandik, qochqinlarni ziddiyat nuqtasiga kimning bortlari yetkazayotganini topdik. Faqat faktlarni keltiraman.

Belarus samolyotlari shu yilning kuzida Minskdan Yaqin Sharqqa reyslar sonini to‘rt martadan ham ko‘proqqa oshirgan. 2020 yilning avgust–noyabr oylarida oltita reys bo‘lgan, shu yilning shu oylari esa reyslar 27 taga yetgan. Belarus aviakompaniyasi chegarani ehtimolli yorib o‘tish uchun shu yil 4,5 ming insonni olib kelgan, o‘tgan yili kelganlar soni 600 nafar bo‘lgan. Yana shuncha inson — 6000 qochqinni Iroq aviakompaniyasi Minskka yetkazgan.

Harbiy provokatsiya va ziddiyatlar ana shunday tashkillashtiriladi. Biz, jurnalistlar, buning qanday kelib chiqishini aniqlab, o‘z ishimizni qilib bo‘ldik. Qolgani — siyosatchilarning ishi.

* * *

Xalq davlat uchunmi yoki davlat xalq uchun? Bu bugungi kunning eng asosiy ziddiyati.

Bu ziddiyatni Stalin ommaviy qatag‘on bilan hal qilgan.

Tergov chog‘ida va qamoqxonalarda qiynoqqa solish amaliyoti zamonaviy Rossiyada ham hamon saqlanib turibdi. Shafqatsiz munosabat, nomusga tegish, o‘ta yomon saqlash sharoitlari, uchrashuvlar va onalarning tug‘ilgan kunida qo‘ng‘iroq qilish uchun taqiqlar, hibs ostida ushlash muddatini cheksiz uzaytirish. Sudgacha og‘ir kasalliklarga duchor bo‘lgan insonlarni panjara ortiga uloqtirishmoqda, ular bemor farzandlarni garovga olishmoqda, hech qanday isbotsiz aybga iqror bo‘lishni talab qilishmoqda.

Soxta ayblovlar bilan ochilgan jinoiy ishlar ko‘pincha bizda siyosiy xarakterga ega. Muxolifatdagi siyosatchi Aleksey Navalniyni Fransiyadagi yirik parfyumeriya kompaniyasining rossiyalik direktorining soxta chaquvi bo‘yicha lagerda ushlab turishibdi. Direktor ariza yozgan, lekin u sudga chaqirilmagan va o‘zini jabrlanuvchi deb tan olmagan... Navalniy esa o‘tiribdi. Parfyumeriya kompaniyasining o‘zi esa bu ishning isi ular chiqarayotgan mahsulot iforiga ta’sir qilmasligidan umid qilgancha, chetga chiqishni ma’qul ko‘rdi.

Biz mahbuslar va mahkumlarga qo‘llanilayotgan qiynoqlarni tez-tez eshitmoqdamiz. Insonlarni sindirish, hukmdan tashqaridagi jazo qat’iyligini ko‘paytirish uchun qiynashmoqda. Bu vahshiylik.

Men vazifasi dunyoning turli chekkalarida va davlatlarida qiynoqlar qo‘llanilayotgani haqida ma’lumot to‘plash bo‘lgan qiynoqlarga qarshi Xalqaro tribunal tuzish tashabbusi bilan chiqaman. Toki bunday jinoyatlarga aloqador jallodlar va ularning xojalari kimligi aniqlansin.

Albatta, birinchi navbatda butun dunyodagi surishtiruvchi jurnalistlardan umid qilaman.

Qiynoqlar insonparvarlikka qarshi o‘ta og‘ir jinoyat sifatida tan olinishi kerak.

Darvoqe, «Novaya gazeta» hamon qog‘ozda chop etilmoqda. Bizni qamoqxonalarda ham o‘qiy olishlari uchun: u yerda internet yo‘q.

* * *

Rossiyada hozir ikkita tendensiya orasida kurash ketmoqda.

Bir tomondan, Rossiya prezidenti akademik Saxarovning 100 yilligiga atab haykal o‘rnatishga xayrixohlik qilmoqda.

Ikkinchi tomondan, xuddi shu bizning mamlakatda Bosh prokuratura «Memorial» jamiyatini tugatishni talab qilmoqda. «Memorial» Stalin qatag‘onlari qurbonlarini reabilitatsiya qilish bilan shug‘ullanadi. Prokurorlar jamiyatni «inson haqlarini buzish»da ayblashmoqda! Balkim mamlakatimizda FSB yaqinda Stalin tergovchilari va jallodlari nomini yana maxfiylashtirgani uchundir?

Eslatib o‘taman, «Memorial»ni Saxarov tuzgan.

Balkim tirik va faoliyat ko‘rsatayotgan loyihasidan ko‘ra o‘lgan Saxarovga haykal qo‘yish xavfsizroqdir?

«Memorial» — «xalq dushmani» emas.

«Memorial» — xalq do‘sti.

* * *

…Biz, albatta, tushunamiz: bu mukofot — haqiqiy jurnalistlarning butun professional hamjamiyatiga berilmoqda.

Hamkasblarim pul yuvish texnologiyalarini fosh qilib, budjetga milliardlab o‘g‘irlangan pullarni qaytarishdi, ofshorlarni ochishdi, Sibir o‘rmonlarini kesilishdan asrab qolishdi. Davlat alaloqibat «Novaya gazeta», «Exo Moskvy», «Dojd» va boshqa hamkasblarimizning jahondagi eng qimmatbaho dorilarga zor, noyob dardlarga duchor bo‘lgan bolalarni davolash bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatladi.

(Darvoqe, men umid qilamanki, orfan kasalliklar (jumladan, orqa umurtqa mushak atrofiyasi)ga duchor bo‘lgan bolalar va yoshlar taqdiri ularga bog‘liq bo‘lib turgan farmakologiya sanoti vakillari biz bilan bitta stol atrofiga o‘tirishadi. Balkim ular dorilar va erta tashxis-skrining uchun belgilagan narxni tushirishar?

Balkim, badavlat dunyo hali badanida tiriklik alomatlari ko‘rinib turgan bir necha o‘n ming o‘g‘illar va qizlarga pul topa olar?)

Biz bu mukofotni bemor insonlarga yordam uchun, mustaqil jurnalistikani qo‘llab-quvvatlash uchun sarflaymiz.

* * *

Biroq hozir Rossiyada jurnalistika o‘zining qora kunlarini boshidan kechirmoqda. So‘nggi bir necha oy ichida yuzdan ortiq jurnalistlar, huquq himoyachilari, media va NNT vakillariga «chet el agenti» statusi yopishtirildi. Rossiyada bu — «xalq dushmani» degani. Ko‘plab hamkasblarimiz ishsiz qolishdi. Ba’zilar mamlakatni tark etishga majbur bo‘ldi.

Insonning odatdagi hayot tarzini noma’lum muddatga tortib olishdi. Balkim, umrbod bo‘lishi ham mumkin... Bunaqasi tariximizda avval ham bo‘lgan.

Kelgusi yil 29 sentyabrda Sankt-Peterburgdan Germaniyaning Shtetten bandargohiga «faylasuflar paroxodi» yo‘l olganiga — bolsheviklar Rossiyadan 300 ga yaqin eng ko‘rinarli intellektual elita vakillarining chiqarib yuborilganiga 100 yil to‘ladi. Oberburgermeister Haken paroxodida vertolyotlarning bo‘lajak ixtirochisi Sikorskiy, televideniye yaratuvchisi Zvorikin, faylasuflar Frank, Ilin, Pitirim Sorokin chiqarib yuboriladi. Yirik faylasuf Nikolay Berdyayev ham o‘shalar safida bo‘lgan. Barcha qatori unga ham pijama, ikkita ko‘ylak, ikki juft paypoq, qishki paltosini olishgagina ruxsat berilgan. Shunday qilib, Vatan o‘zining buyuk fuqarolari bilan xayrlashgan: narsalaringni tashlab ketinglar, miyalaringni o‘zlaring bilan olib ketishlaring mumkin, degandek.

Jurnalistlar va huquq himoyachilari bilan bugungi manzara takrorlanmoqda.

Endi «faylasuflar paroxodi» o‘rniga «jurnalistlar samolyoti» uchib ketmoqda.

Albatta, bu istiora, lekin o‘nlab hamkasblarimiz Rossiyani tark etmoqda.

Biroq kimlarnidir shu imkoniyatdan ham mahrum qilishgan.

Rossiyalik jurnalistlar Orxan Jamol, Kirill Radchenko, Aleksandr Rastorguyevni ular Rossiya xususiy harbiy kompaniyasi faoliyatini surishtirish uchun borgan Markaziy Afrika Respublikasida shafqatsizlarcha otib tashlashdi. Orxanning bevasi Ira Gordiyenko bizda, «Novaya gazeta»da ishlaydi. Qotillik yuz bergan sana — 2018 yilning 30 iyunidan buyon u rasmiy tergov yolg‘onini fosh etish bilan mashg‘ul. Mana sizga bittagina detal: bebaho ashyoviy dalillar — o‘ldirilganlarning kiyimlari shunchaki MAR politsiyasi tomonidan yoqib yuborilgan! Rossiya tergovi hech qanday natijaga erisha olmagan. Xalqaro tergov ham. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish tergovda ko‘mak ko‘rsatilishini va’da qilgan edi. Uning esidan ham chiqib ketgan bo‘lsa kerak. Mana, eslatyapman.

…Menga, albatta, har doimgidek savol berishlari mumkin: nega hamkasblaringiz u yerga borishgan?

Guvohlik berish uchun. Isbotlash uchun. O‘z ko‘zlari bilan ko‘rish uchun. Buyuk harbiy fotosuratchi Robert Kap aytganidek, «Agar senga o‘zing tushirgan fotosurat yoqmasa, demak sen yetarli darajada yaqin bo‘lmagansan».

«Qo‘rqinchli emasmi?» — hamkasblarimga eng ko‘p beriladigan savol.

Bu ularning missiyasi. Hukumatlar mudom o‘tmishni yaxshilash payida bo‘lsa, jurnalistlar kelajakni yaxshilash harakatida bo‘lishadi.

* * *

Bu mukofot esa — butun haqiqiy jurnalistikaga atalgan. Bu mukofot «Novaya gazeta»dagi halok bo‘lgan hamkasblarim — Igor Domnikov, Yuriy Shchekochixin, Anna Politkovskaya, Anastasiya Baburova, Stas Markelov, Natasha Estimirovaga atalgan. Bu mukofot tirik hamkasblarim, o‘z professional burchini davom ettirayotgan hamjamiyatniki ham.

…Bu mukofot e’lon qilinishidan bir kun avval biz Anna Politkovskayaning o‘ldirib ketilganiga 15 yil to‘lgani munosabati bilan yig‘ildik. Qotillarga adolatli hukm o‘qildi, biroq qotillik buyurtmachisi topilmadi, jinoyatning da’vo muddati esa bitdi. Rasman bayonot beraman: «Novaya gazeta» tahririyati bu muddatni tan olmaydi.

* * *

…Rus tilida, inglizchada va boshqa tillarda ham shunday maqol bor: «It hurar, karvon o‘tar» — The dog barks, but the caravan goes on. Uni shunday tushuntirishadi: karvonning olg‘a qadam tashlashiga hech narsa xalaqit bera olmaydi. Ayrim vaqtlarda hukumat jurnalistlar borasida mensimasdan shu maqolni ishlatadi. Ular hurganicha qoladi, lekin hech narsaga ta’sir qila olmaydi.

Men esa yaqinda bilib qoldim, maqolning ma’nosi butunlay teskari ekan.

Karvon itlar hurgani uchun olg‘a qadam tashlar ekan.

Tog‘larda va cho‘llarda vahshiy hayvonlarga irillab tashlanishadi. Olg‘a harakat ular karvonga hamroh bo‘lgan holatdagina mumkin bo‘ladi.

Ha, biz irillaymiz va tishlaymiz. Bizning so‘yloq tishlarimiz bor va tishlab olgan joyimizni osonlikcha qo‘yib yubormaymiz.

Biroq biz — harakatning shartlaridan birimiz.

Biz — zulmga qarshi ziddi-zaharmiz.

***

P.S. Men bir daqiqa iqtisod qilishni istadim.

Kelinglar, barchamiz o‘rnimizdan turamiz va Mariya Resse ikkimizning shu kasb uchun hayotini qurbon qilgan reportyor hamkasblarimiz xotirasi uchun, ta’qiblarga mubtalo bo‘layotganlarni qo‘llab-quvvatlab, sukut saqlaymiz.

Men jurnalistlar qarib-qartayib olamdan o‘tishini istayman.

Mavzuga oid