O‘zbekiston | 21:55 / 21.12.2021
6729
7 daqiqa o‘qiladi

Orginfo.uz bilan bog‘liq ish sudgacha yetib bormasdan hal bo‘ladi - Akmal Burhonov

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi orginfo.uz saytini 100 foiz qo‘llab-quvvatlaydi, deb bayonot berdi agentlik direktori Akmal Burhonov. Aksilkorrupsion organ rahbariga ko‘ra, “O‘zbekistonda bunaqa dasturiy mahsulotlar ko‘p bo‘lishi kerak”.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov 21 dekabr kuni Senatning ochiqlik qo‘mitasida hisobot berdi. Tadbir davomida Kun.uz muxbiri orginfo.uz sayti va Davlat statistika qo‘mitasi o‘rtasidagi nizo bo‘yicha agentlikning pozitsiyasi bilan qiziqdi.

“Agentlik orginfo.uz dasturiy mahsulotini 100 foiz qo‘llab-quvvatlaydi. Bunaqa dasturiy mahsulotlar ko‘p bo‘lishi kerak. Biz kerak bo‘lsa shu dasturchi bilan hamkorlik qilmoqchimiz. Chunki [bu dastur] ayrim davlat idoralarining ochiq ma’lumotlar portalidan ham ayrim qismlariga ko‘ra mukammal holatlari bor. Bu bo‘yicha biz o‘rgandik, nima uchun bunaqa bo‘layotgani bo‘yicha Statistika qo‘mitasi bilan ham bog‘landik.

Aniqladikki, holat ijtimoiy tarmoqlarda boshqacha talqin qilingan, bu – qo‘mitani himoya qilish emas. Biz o‘rganganimizda, orginfo.uz sayti ma’lumotlarni olganda pastki qismiga qo‘mitaning logotipini qo‘ygan, o‘sha yerdan olingan deb. Lekin o‘sha saytda turgan ma’lumot [qo‘mita saytida] yangilangan bo‘lgan. Ular o‘sha saytni yopish bo‘yicha sudga bermagan. Ularning maqsadi – mualliflik huquqi, ya’ni pastki qismda berilgan yozuvni olib tashlash bo‘lgan. Chunki orginfo.uz saytida Statistika qo‘mitasi nomidan eski ma’lumot turgani uchun e’tiroz bildirilgan.

Biz ham nega bu saytning yopilishi, sohaning monopoliya qilinishi borasida murojaat qilgandik. Lekin ular saytda noto‘g‘ri ma’lumot ketib qolmasligi uchun harakat qilishganini aniqladik.

Shuning uchun agentlik sifatida bu saytni to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz. Biz Statistika qo‘mitasining ma’lumotlar bazasini mukammal deya olmaymiz», – dedi Akmal Burhonov.

Agentlik direktori Sloveniyada davlat tashkilotlari xaridlari va korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan tizim haqida gapirib, bu narsa O‘zbekistonda ham joriy qilinishi yuzasidan kelishuvlar bo‘layotganini bildirdi.

“[Sloveniyadagi] bu tizim BMTning ham e’tirofiga sazovor bo‘lgan ekan. Tizimda qidiruv berganingizda, masalan, qaysidir kompyuter markasini yozib izlasangiz, o‘sha markadagi kompyuterni qaysi davlat idorasi qachon sotib olgani, necha pulga sotib olgani bitta infografikada chiqadi. Shunda bilib olasiz, qaysi vazirlik 1 millionga, qaysi vazirlik 5 millionga, ya’ni “bo‘rttirib” sotib olganini.

Shunaqa bazani biz ham ishga tushirishni rejalashtirganmiz. Hozir muzokaralar olib boryapmiz. Sloveniyalik ekspertlar dekabr oyi oxirida kelib bizga yordam beradigan bo‘ldi. Mana shu orginfo.uz saytining egasi bilan bog‘lanmoqchimiz, balki tayyor bo‘lsa, shunaqa loyihani u dasturning bazasida qilarmiz.

Ya’ni bu yerda [ochiq reyestr] faqat bitta davlatniki bo‘lishi kerak degan fikrdan yiroqmiz. Qo‘mita bilan ham bog‘langanimizda, qo‘mitaning ham pozitsiyasi shunaqa ekanini bildik”, – dedi u.

Kun.uz muxbiri Akmal Burhonovdan Statistika qo‘mitasi IIVga kiritgan da’vosini qaytarib olmagani haqida so‘radi.

“Bugungi ma’lumot, men ertalab gaplashdim. Yoz oyida qo‘mita vakillari dasturchiga murojaat qilgan, lekin u javob bermagan, keyin sudga bergan. Sudga bergach olib tashlabdi, keyin masala yopildi, dedi. Statistika qo‘mitasiga doir hamma ma’lumotlar olib tashlandi, bizdan masala yechildi, deb aytishdi. Bu – ertalabki ma’lumot. Menimcha, ish sudgacha yetib bormasdan hal bo‘ladi”, – dedi aksilkorrupsion organ rahbari.

Akmal Burhonov dasturchiga nisbatan IIV tomonidan rasmiylashtirilgan ma’muriy ish taqdiriga yana bir bor aniqlik kiritishini bildirdi.

“Qo‘mita bilan gaplashganimizda hech qanday da’vomiz yo‘q deyishdi”, – deya qo‘shimcha qildi u.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan haftada yuridik shaxslarning elektron reyestrini yurituvchi orginfo.uz sayti asoschisi Boburmirzo Hamroqulovga nisbatan Davlat statistika qo‘mitasi kiritgan arizaga asosan ichki ishlar organi tomonidan ma’muriy ish ochilgani xabar berilgan edi.

Statistika qo‘mitasi vakili dasturchi o‘zining orginfo.uz veb-sayti va qo‘mita o‘rtasida hech qanday shartnoma yoki kelishuv tuzmaganini, buning natijasida jamiyatda fuqarolar hamda xorijiy investorlar tomonidan rasmiy statistik ma’lumotlarga nisbatan turli xil tushunmovchilik kelib chiqayotganini aytgan.

Keyinroq, holatga izoh bergan qo‘mita matbuot kotibi Davlat statistika qo‘mitasi orginfo.uz veb-sayti va shu kabi boshqa elektron platformalarning yopilishi tarafdori emasligini bildirdi.

“Kechagi holatdan keyin orginfo.uz veb-saytida ma’lumotlarning ostida: “Saytda berilgan barcha ma’lumotlar norasmiy. Rasmiy ma’lumotlarni tegishli davlat tashkilotlari saytlaridan olishingiz mumkin”, deb yozib qo‘yila boshladi. Davlat statistika qo‘mitasi nomi orginfo.uz veb-sayti ma’lumotlaridan manba sifatida olib tashlandi. Bu uchun orginfo.uz veb-saytiga alohida minnatdorlik bildiramiz”, dedi va saytning kelgusi faoliyatiga omad tilashini bildirdi.

Ushbu bayonot ostiga yozilgan izohlardagi dasturchiga nisbatan ochilgan ish bekor qilinishi borasidagi savolga qo‘mita matbuot kotibi: «Do‘stona kelib xatosini tan olsa, kechirilishi tarafdorimiz», deya javob berdi.

Holat yuzasidan dasturchiga nisbatan Asaka tumani IIB tomonidan MJtKning 202-2-moddasi bo‘yicha ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan hamda sud muhokamasi bo‘lishi kutilmoqda.

Biroq Oliy sud matbuot kotibining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha dasturchi Boburmirzo Hamroqulovga nisbatan rasmiylashtirilgan ma’muriy ish Asaka tuman sudiga yetib kelmagan.

Mavzuga oid