Jahon | 23:15 / 22.12.2021
2716
1 daqiqa o‘qiladi

Britaniyada ilk bor kunlik kasallanish holati 100 mingdan oshdi

Britaniyada oxirgi sutkada koronavirusdan 106 ming 122ta kasallanish holati qayd etildi. Sky News nashrining xabar berishicha, bu pandemiya boshidan beri mamlakat uchun rekord ko‘rsatkich hisoblanadi. Shuningdek, 140 kishi koronavirus qurboni bo‘lgan.

Foto: AP

Bir kun avvalgi kasallanish ko‘rsatkichi 90,6 mingni, o‘limlar soni 172tani tashkil qilgan.

Birlashgan qirollik sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Jillian Kiganning ta’kidlashicha, hozirda mamlakat shifoxonalarida koronavirusning yangi shtammi omikrondan kasallangan 129 bemor davolanmoqda. Shuningdek, undan vafot etganlar soni 14 nafarga yetgan. Ta’kidlab o‘tish joiz, omikrondan dunyodagi birinchi o‘lim holati aynan Britaniyada qayd etilgandi.

Avvalroq London meri Sodiq Xon omikron bilan kasallanish holatlari ko‘payayotgani sababli shaharda favqulodda vaziyat e’lon qilgandi. Dekabr boshida Britaniya bosh vaziri Boris Jonson koronavirus tarqalishiga qarshi Angliyada “B reja”ni amalga kiritgandi. Ushbu reja jamoat joylarida niqoblar taqish va emlanganlik haqidagi sertifikatlarni qo‘llashni, odamlarning uyidan ishlashini ko‘zda tutadi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid