O‘zbekiston | 12:36 / 23.12.2021
11293
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda elektr yordamida ko‘p miqdorda baliq ovlagan noqonuniy ovchilar ushlandi

Foto: Ekologiya boshqarmasi

Qashqadaryo viloyati Mirishkor tumanida o‘tkazilgan reyd tadbiri davomida elektr yordamida ko‘p miqdorda baliq ovlagan noqonuniy ovchilar ushlangan. Bu haqda viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, joriy yil 20 dekabr kuni tunda Qashqadaryo viloyat Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi inspektorlari tomonidan Mirishkor tumani “Mirishkor” kanalida nazorat reyd tadbiri o‘tkazilgan.

Tadbir davomida Mirishkor tumani “Oqmachit” MFYda yashovchi fuqaro U.Ya. va boshqalar elektr toki yordamida noqonuniy tarzda jami 385 dona, shundan, 1 dona zog‘ora, 1 dona sudak, 75 dona leshch, 200 dona karas baliqlari va 108 dona O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Turkiston mo‘ylovdoriga o‘xshash baliqlarni ovlagani aniqlangan.

Foto: Ekologiya boshqarmasi

Aniqlangan holat bo‘yicha qoidabuzarlardan ashyoviy dalil sifatida olib qo‘yilgan 1 dona rezina qayiq, 1 dona akkumulyator 2 dona elektr qarmoq, 3 metr sim, 1 dona nasos, 4 dona eshkak olib qo‘yilgan. Ular vaqtinchalik saqlab turish uchun viloyat Ekologiya boshqarmasining omborxonasiga topshirilgan.

Ashyoviy dalil sifatida olingan Turkiston mo‘ylovdoriga o‘xshash baliqlarning “Qizil kitob”ga kiritilgan Turkiston mo‘ylovdori turiga mansub yoki mansub emasligi yuzasidan mutaxassis xulosasini olish uchun Fanlar akademiyasining Zoologiya institutiga aloqa xati orqali namuna yuborilgan.

«Zoologiya institutining xulosasi olingandan keyin barcha noqonuniy ovlangan baliqlarga belgilangan tartib asosida tabiatga yetkazilgan zarar hisoblanadi va qonuniy chora ko‘rish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga to‘plangan hujjatlar taqdim etiladi», deyiladi xabarda

Ғайрат Йўлдошев
Tayyorlagan Ғайрат Йўлдошев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid