O‘zbekiston | 23:06 / 23.12.2021
12509
3 daqiqa o‘qiladi

Qator oziq-ovqat mahsulotlariga berilgan QQS imtiyozlari yana 4 oyga uzaytirilishi kutilmoqda

Go‘sht, kartoshka, o‘simlik yog‘i kabi mahsulotlar importiga berilgan QQS imtiyozlari 2022 yil 30 aprelga qadar uzaytirilishi mumkin.

Foto: Getty Images

Kungaboqar va soya urug‘lari hamda o‘simlik yog‘i importi, shuningdek, o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish va ichki bozorda realizatsiya qilish 2021 yil 1 maydan 31 dekabrgacha, go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olinadigan mahsulotlarni, kartoshkani hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek, ularni mamlakatga olib kirish 10 oktyabrdan 31 dekabrgacha qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilingan edi.

Parlament deputati Doniyor G‘aniyev telegram-kanalida yozishicha, yuqorida ko‘rsatilgan mahsulotlarga nisbatan QQS imtiyozlari 2022 yil 30 aprelga qadar uzaytirilishi mumkin.

«Yaqinda bo‘lib o‘tgan Budjet loyihasi muhokamasi doirasida 2022 yilda inflatsiya darajasini joriy yilga nisbatan pasaytirish, aholining xarid qobiliyatini oshirish va eng asosiysi, iste’mol tarkibidagi asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini barqaror saqlash maqsadida Hukumat vakillari, jumladan Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Anvarovichdan oziq-ovqat mahsulotlari uchun joriy yil oxirigacha berilgan QQS imtiyozlari muddatini uzaytirish masalasini ko‘rib chiqishni so‘ragandim.

Bugun Parlamentga Hukumat tomonidan kiritilgan qonun loyihasida aynan shu taklif inobatga olinib, joriy yil oxirigacha berilgan imtiyozlar muddati yana 4 oy muddatga cho‘zilishi nazarda tutilmoqda», deb yozdi u.

G‘aniyevning ma’lumot berishicha, ushbu qonun loyihasiga asosan 2022 yil 30 aprelga qadar quyidagilar QQSdan ozod qilinadi:

  • O‘zbekiston Respublikasi hududiga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, shuningdek, soya danagini olib kirish;
  • o‘simlik yog‘ini (paxta yog‘idan tashqari) ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma;
  • go‘sht (mol, qo‘y, tovuq), tirik hayvonlar (qoramol va parranda) va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlarni, kartoshkani hamda muzlatilgan baliqni realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek, ularni mamlakat hududiga olib kirish.

«O‘ylaymanki, Hukumat tomonidan ko‘rilayotgan ushbu fiskal choralar bozorlarimizda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini nafaqat barqaror saqlashga, balki ularni pasaytirishga hamda aholining ushbu mahsulotlarga bo‘lgan talabini to‘laqonli qondirishga xizmat qiladi» deya fikr bildirgan deputat.

Mavzuga oid