Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Urush yoki demokratiya. Liviya Qazzofiydan 10 yil keyin ilk prezidentini saylay oladimi?
Saylovlarda uch asosiy nomzod bor - Muammar Qazzofiyning o‘g‘li, general Haftar va sobiq bosh vazir. Ammo ulardan birortasi mag‘lubiyatni tan olishga tayyor emas.
Bundan o‘n yil muqaddam, «arab bahori» to‘lqinida liviyaliklar O‘rta Yer dengizi bo‘yidagi ushbu mamlakatni 40 yildan ortiq vaqt davomida boshqarib kelgan Muammar Qazzofiyni ag‘darishgan va o‘ldirishgandi. NATO davlatlari qo‘llovidagi inqilob xorijlik yollanma jangchilar ishtirokidagi fuqarolik urushiga aylanib ketdi. Endi esa 10 yil o‘tib Liviya mustaqillik uchun imtihon topshirishga harakat qilmoqda - mamlakat tarixidagi ilk prezidentlik saylovlarini o‘tkazishga.
Liviya bu imtihondan o‘ta olmasligi ehtimoli yuqori.
«Liviyada hatto qorboboga ishonishlari mumkin, ammo 24 dekabr kungi saylovlarga ishonishlari dargumon», deya ogohlantirgandi bir oy muqaddam Qazzofiy haqidagi kitob muallifi, fransiyalik Vensan Ujyo.
Saylovlar mamlakatning qora kunlari tarixi sahifasi yopilishi, iqtisodiyot tiklanishi va barqarorlik qaytishiga umid bergan. BMT belgilagan muddat - 24 dekabr arafasida - bunday bo‘lmasligi oydinlashib qoldi.
«Xalqaro hamjamiyat Liviyani rasmana davlatdek ko‘rishini ko‘rsatmoqchi bo‘ladi, ammo bu - illyuziya», deydi Jons Hopkins universiteti ilmiy xodimi Hafed al-Guell.
10 yil ichida Liviya o‘zaro ichki nizolardan xalos bo‘lolmadi. Mamlakat - aniqrog‘i O‘rta Yer dengizi sohilida yashovchilar ikkiga ajralgan. Bengazi va Misr bilan chegaradagi sharqiy hududlar - general Xalifa Haftar hokimiyati ostida. Poytaxt Tripoli va Tunis hamda Jazoir bilan chegara tomondagi g‘arbiy hududlarni turli kuchlar, jumladan BMT tomonidan tan olingan milliy birlik hukumati nazorat qiladi.
Bu kuchlarning barchasi xorijiy davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi - ochiqchasiga yoki maxfiy ravishda.
BMT baholariga ko‘ra, Liviyada Turkiya, Rossiya va Suriyadan kelgan va turli tomonlarda turib harbiy harakatlarda qatnashadigan 20 mingdan ortiq yollanma jangchilar bor.
Faqatgina Turkiya Liviyada harbiylari borligini rasman tan oladi va buni BMT tomonidan tan olingan hukumatning avvalgi rahbari Foiz Sarroj bilan tuzilgan harbiy hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv bilan izohlaydi.
Rossiya bu ziddiyat borasida rasman betaraf pozitsiyani egallagan, ammo barcha tomonlar bilan aloqalarga ega - sharqdagi Haftar bilan ham, g‘arbdagi harbiy ayirmachilar bilan ham.
Shu bilan birga, Liviya maxsus xizmatlaridagi bir necha manba BBC uchun bergan intervyularida saylovlarda «Rossiyaning nomzodi sanalgan» - Muammar Qazzofiyning o‘g‘li bo‘lmish Saif al-Islom Qazzofiy Haftar bilan ham, ayirmachilar bilan ham aloqador emasligini aytishgan.
«Liviyada saylovlar o‘tkazish - ancha katta loyiha. Parchalanishga yuz tutgan xalqni birlashtirish qanday bo‘lishi avvalboshdan noaniq edi», deydi Liviya bo‘yicha ekspert, Germaniya xalqaro munosabatlar va xavfsizlik instituti katta ilmiy xodimi Volfram Laher.
Jahon hamjamiyatining umidlariga ters o‘laroq, saylovlardan keyin zo‘ravonlikning navbatdagi bosqichi boshlanishi xavfi yuzaga kelgan. Liviyaning butun hududida erkin ovoz berish kafolati yo‘qligi tufayli biror nomzod mag‘lubiyatni tan olib, raqibini tabriklashi dargumon.
98 nafar nomzoddan iborat uzun ro‘yxatda kamida uch nomzod ikkinchi raqamli bo‘lishga rozi bo‘lmasligi tayin: general Xalifa Haftar, marhum Qazzofiyning o‘g‘li Saif al-Islom hamda sobiq bosh vazir Abdul-Hamid Dbeyba.
Haftar va Qazzofiy harbiy jinoyatlarda ayblanadi, Dbeyba - mansabni suiiste’mol qilish va saylovchilarni sotib olishda.
Muammar Qazzofiyning rejimi qulagach, Saif al-Islom Liviyada o‘lim jazosiga hukm qilingandi, ammo keyin bu hukm bekor qilindi, Haagadagi Xalqaro tribunal esa hamon uni insoniyatga qarshi jinoyatlarda (qotillik va ta’qib) ayblab, topshirishni talab qilib keladi. G‘arbdagi huquq faollari Haftarni ham 2019 yil poytaxtni qamal qilish vaqtidagi harakatlari uchun sud qilishni talab etishadi.
Liviyaliklarning ko‘pchilik qismi saylov natijalarini qabul qilishi imkoniyati nolga yaqin, nomzodlar ham mag‘lubiyatni tan olishiga hech kim ishonmayapti.
«Liviyada davlat yo‘q, ishlaydigan davlat tuzilmalari yo‘q, faqat o‘zaro dushman lagerlar va harbiylashgan guruhlar bor», deya mamlakatdagi saylovlardan oldingi vaziyatni ta’riflaydi Jons Hopkins universiteti qoshidagi Tashqi siyosat instituti vakili bo‘lgan Hafed al-Guell.
«Bir tomonda davlat ichidagi davlatni boshqarayotgan general Xalifa Haftar. U o‘z g‘alabasidan boshqa biror natijani tan olmaydi. Boshqa tomonda - allaqachon Haftarning g‘alabasini tan olmasligini bildirib bo‘lgan turli kuchlar», deya qo‘shimcha qiladi u.
Nomzodlar sud orqali bir-birini prezidentlik poygasidan chiqarishga urinib ko‘rdi, ammo sudlardagi qator apellyatsiyalar va tortishuvlardan so‘ng nomzodlarni o‘tkazmaslik bo‘yicha qaror qayta ko‘rib chiqildi.
Nomzodlarning to‘liq ro‘yxati hali e’lon qilinmadi, boshqa o‘nlab nomzodlardan birortasi faol saylov komissiyasi olib borgani yo‘q.
Seshanba kuni Liviya oliy saylov komissiyasi rahbari mahalliy saylov komissiyasini tarqatib yubordi, Liviyadagi nashrlar esa parlament yig‘ilishida saylov komissiyasi uzoq kutilgan saylovlarni uch oyga kechiktirishni taklif qilgani haqida yozgan.
Ekspertlar saylovlar bo‘lib o‘tsa, BMT va G‘arb davlatlari umid qilayotganidek mamlakat birlashishi o‘rniga, yangidan yangi kelishmovchiliklar va qon to‘kilishlari boshlanib ketishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.
«Demokratik davlat uchun odatiy bo‘lgan, bir g‘olib bo‘ladigan va qolganlar mag‘lubiyatini tan oladigan formula shunchaki Liviya uchun emas», deydi Liviya bo‘yicha ekspert Volfram Laher.
Saylovlarning qoldirilishi ham, mamlakatda tarqoq qurolli tuzilmalar saqlanib qolib, konstitutsiya ham, saylov to‘g‘risida barchani qanoatlantiruvchi qonun ham yo‘qligi sharoitida xuddi shu darajada tahdid soladi.
«Albatta, mojaro bo‘ladi. Va bu ziddiyat avj olib, uzoq muddatli va keng miqyosli urushga aylanishi mumkin», deydi Amerikadagi Atlantic Council markazining Liviya bo‘yicha tahlilchisi va ilmiy xodimi Imomiddin Badiy The New York Times nashriga Tripolidagi saylovlar arafasidagi taassurotlarini aytar ekan.
O‘tgan haftada poytaxtda qurolli guruhlar hukumat muassasalari binolarini egallab olishga harakat qildi va bu hamma ham saylovlarga tayyor emasligini yana bir bor ko‘rsatdi.
Afrikaning neft va gazga boy bo‘lgan ushbu mamlakatidagi voqealarni mintaqadagi qo‘shnilar ham, boshqa qit’alardagi manfaatdor o‘yinchilar ham kuzatib bormoqda. Liviya g‘arbidagi kuchlar Turkiya hamda Qatarning harbiy va diplomatik yordamidan foydalanadi, Haftarga esa ochiqchasiga yoki maxfiy ravishda BAA, Misr, «Vagner»ning rossiyalik yollanma jangchilari, Saudiya Arabistoni, Iordaniya va Fransiya ko‘mak beradi.
Liviyadagi mojaroni Suriyadagi bilan taqqoslab, bu safar Afrika yerlarida kuchli davlatlarning qarama-qarshiligi boshlanishidan xavotir bildirishadi.
BMT o‘z hisobotida Haftar tomonida «Vagner» xususiy harbiy kampaniyasi jangchilari jang qilishi haqida ochiqdan ochiq yozgan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin esa Liviyadagi rossiyaliklar haqidagi savolga javoban shunday degan: «Agar u yerda Rossiya fuqarolari bo‘lsa ham, ular Rossiya davlati manfaatlarini ifoda etmaydi va Rossiya davlatidan pul olmaydi»
O‘tgan yil yozida Berlinda bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Liviya taqdirini muhokama qilgan donor davlatlar Liviya va Afrikaning boshqa mamlakatlaridan «barcha xorijiy kuchlar va yollanma jangchilar»ni olib chiqish zarurligini ma’lum qilishgandi.
Inqirozdan chiqishning birinchi qadami esa mamlakatda ilk prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi bo‘lishi kerak edi. Endi bu saylov keyinga qoldirilmoqda.
Mavzuga oid
13:56 / 17.05.2025
AQSh 1 million g‘azolikni Liviyaga ko‘chirish rejasini ishlab chiqmoqda - OAV
09:57 / 13.05.2025
Tripolida qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi
21:22 / 07.05.2025
AQSh migrantlarni Liviyaga deportatsiya qilishga tayyorlanmoqda
09:05 / 31.01.2025