Jahon | 10:10 / 23.12.2021
9546
2 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro koalitsiya harbiy aviatsiyasi Yaman poytaxtiga zarbalar berdi

Saudiya Arabistoni boshchiligidagi xalqaro koalitsiya harbiy samolyotlari isyonchi husiylarning Yaman poytaxti Sanodagi pozitsiyalariga zarbalar bermoqda. Bu haqda Aden al-Gad portali xabar berdi.

Foto: @lArabiya_Eng/twitter.com

Ma’lumotlarga ko‘ra, zarbalar asosan husiylar pozitsiyalariga hamda ularga tegishli harbiy omborlarga berilmoqda.

Shaharda bir nechta kuchli portlash yuz bergan, Sanoning markaziy qismida esa elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda, ko‘priklardan biriga zarar yetgan.

Koalitsiya mahalliy aholini ogoh bo‘lishga va o‘z uylarini tark etmaslikka chaqirgan.

20 dekabrda ham xalqaro koalitsiya samolyotlari Sano xalqaro aeroporti hududiga bir nechta zarba bergan. O‘shandan keyin aeroportda BMT va boshqa tashkilotlarning insonparvarlik yuklari qabul qilinishi to‘xtab qolgan. Zarbalar berilishidan oldin koalitsiya qo‘mondonligi xalqaro insonparvarlik missiyalari va fuqaro xodimlardan aeroport hududini tark etishni talab qilgan.

Yamanda hukumat kuchlari va isyonchi husiylar o‘rtasidagi ixtilof 2014 yil avgustdan beri davom etmoqda. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, uning oqibatida mamlakat aholisining 80 foizga yaqini, ya’ni 24 mln kishi insonparvarlik yordamiga muhtojlik sezmoqda, 3 mlnga yaqin odam doimiy yashash joyini tark etishga majbur bo‘lgan.  

Mavzuga oid