Jamiyat | 18:48 / 23.12.2021
23241
4 daqiqa o‘qiladi

«Vtoraya jyena zamministra» MChJ ro‘yxatdan o‘tdi. Bu internetda shov-shuv ko‘targan ayolga tegishli korxona

Zangiotada ochilgan MChJ nomini o‘zgartirdi. Uning ta’sischisi «zamministr»ning ikkinchi xotini voqeasi orqali tanilgan ayol bo‘lib chiqdi.

Toshkent shahar IIBB YHXB tomonidan o‘tkazilgan tungi reyd tadbirida o‘zini «zamministr»ning ikkinchi xotini» deb tanishtirib, janjal ko‘targani ortidan tanilgan Madinabonu Eshonqulova nomi «VTORAYA JENA ZAMMINISTRA» MChJga o‘zgargan korxona ta’sischisi hisoblanadi.

Firmaning avvalgi nomi «PAIDO LOW CALORIE DRINK» MChJ bo‘lgan. Korxona 2021 yil 29 sentabr kuni Toshkent viloyati Zangiota tumani Davlat xizmatlari markazi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Mazkur jamiyat 2021 yilning 22 dekabr kuni qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan va korxona nomi «PAIDO LOW CALORIE DRINK» MChJdan «VTORAYA JENA ZAMMINISTRA» MChJga o‘zgartirilgan.

MChJ ustav kapitali 10 mln so‘m etib belgilangan va rasmiy ma’lumotlarda Eshonqulova Madinabonu Jumanazarovna korxonaning yagona egasi sifatida qayd etilgan.

Davlat xizmatlari agentligi muhokamaga sabab bo‘lgan firma nomi, tadbirkor bilan olib borilgan tushuntirishlardan so‘ng belgilangan tartibda o‘zgartirilganini ma’lum qildi.

Madinabonu Eshonqulova 30 iyul kuni Uchtepa tumanida o‘tkazilgan maxsus reyd tadbirida YPX inspektorining to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmay harakatini davom ettirgani, majburan to‘xtatilgan vaqtda o‘zini «zamministr»ning ikkinchi xotini deb tanishtirib, janjal ko‘targani ortidan ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘lgandi. Holat tasvirlangan lavha UzReport telekanali orqali efirga uzatilgan.

«Men ‘zamministr’ning ikkinchi xotini bo‘laman. Hozir telefon qilaman, mana shu kamerangiz uchun javob berasiz», – deya mashina boshqaruvidagi ayol YPX xodimiga hujjatlarini taqdim etmagandi. Uning yonidagi erkak esa operator va YPX xodimlariga qo‘pollik qilib, kuch ishlatgan. Yordamga yetib kelgan tezkor xodimlar zo‘ravonni ichki ishlar idorasiga olib ketgan.

Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmagani va ularning faoliyatiga qarshilik ko‘rsatgani uchun Madinabonu Eshonqulova hamda uning ukasiga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalariga asosan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, avtoulov vaqtincha jarima maydonchasiga joylashtirilgan va huquqbuzarlik sodir etgan shaxslarga nisbatan sud tomonidan tegishli jazo choralari qo‘llangan.

Toshkent shahar IIBB tomonidan e’lon qilingan rasmiy munosabatda Madina Eshonqulovaning hech qaysi vazir o‘rinbosariga aloqasi yo‘qligi aniqlangani ta’kidlanadi.

Keyinchalik «Zamministr»ning ikkinchi xotini ekanligini aytib, YPX xodimlariga po‘pisa qilgan qoidabuzar haydovchi yosh aktrisa Madina Eshonqulova ekani ma’lum bo‘lgandi.

Davlat xizmatlari agentligi «Firma nomlari to‘g‘risida»gi qonunga muvofiq, firma nomida:

  • davlatning rasmiy nomi, xalqaro, hukumatlararo yoki nodavlat notijorat tashkilotining qisqartirilgan yoki to‘liq nomi;
  • tarixiy yoki O‘zbekiston Respublikasida mashhur bo‘lgan shaxsning to‘liq yoki qisqartirilgan ismi, belgilangan tartibda beriladigan ruxsatsiz;
  • firma nomining egasi, uning faoliyat turi yoki u kelib chiqqan mamlakat xususidagi soxta yoki iste’molchini chalg‘itishi mumkin bo‘lgan belgilar;
  • jamiyat manfaatlariga, insonparvarlik va axloq prinsiplariga zid bo‘lgan belgilar ko‘rsatilmasligi kerakligini eslatgan.

Mavzuga oid