O‘zbekiston | 19:27 / 24.12.2021
18500
3 daqiqa o‘qiladi

Buxoro va Shofirkon tuman IIB boshliqlari ishdan olindi, yana 14 nafar rahbar-xodim jazolandi

24 dekabr kuni Prezident maslahatchisi Baxtiyor Islomov va ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov ishtirokida o‘tkazilgan tanqidiy yig‘ilishda faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan mas’ul xodimlarga nisbatan chora ko‘rilgan.

Foto: IIV axborot xizmati

Buxoro viloyat IIB axborot xizmatining ma’lum qilishicha, IIV ishchi guruhi Buxoro viloyatida jinoyatchilikni jilovlash hamda kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hamda davlat rahbari raisligida 2021 yilning 12 fevral kuni o‘tkazilgan IIV Hay’atining kengaytirilgan majlisida berilgan topshiriqlar ijrosini tahlil qilgan. Xodimlar tomonidan xizmat intizomi va qonuniylikka rioya etilishi holatlari o‘rganilgan.

Prezident maslahatchisi Baxtiyor Islomov va ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov rahbarlik qilgan yig‘ilishda rahbar-xodimlarning faoliyati davomida tashabbuskorligi, bilim saviyasi, odob-axloqi hamda xizmat intizomiga rioya etishi tahlil qilingan.

Foto: IIV axborot xizmati

“Faoliyatida jiddiy kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan 14 nafar rahbar va mas’ul xodimga nisbatan intizomiy jazo qo‘llandi. Jumladan, Buxoro va Shofirkon tuman IIB boshliqlari egallab turgan lavozimidan ozod etildi, viloyat IIB probatsiya bo‘limi boshlig‘i va Kogon shahar IIB boshlig‘i, Peshko‘, Shofirkon, Buxoro va Kogon tumanlari IIB boshliqlarining o‘rinbosarlariga intizomiy choralar ko‘rildi.

Shu bilan birga, namunali xizmat qilib hamkasblariga o‘rnak bo‘layotgan 31 nafar xodim «A’lo xizmatlari uchun», «Benuqson xizmatlari uchun» ko‘krak nishonlari, muddatidan oldin maxsus unvonlar, esdalik qo‘l soatlari hamda pul mukofotlari bilan rag‘batlantirildi”, deyiladi viloyat IIB saytida e’lon qilingan rasmiy relizda.

Qayd etilishicha, Buxoroda aniqlangan muammoli masalalar viloyat hokimi Botir Zaripov hamda viloyatdagi huquqni muhofaza qiluvchi organlar va boshqa hamkor tashkilotlar rahbarlari ishtirokidagi yig‘ilishda ham muhokama qilingan. Majlisda jinoyatchilikni «mahallabay» jilovlash borasida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va erishilgan yutuqlar sektorlar kesimida tahlil qilingan.

Po‘lat Bobojonov viloyatning shahar-tumanlarida jinoyatlar muhokamasi borasidagi kamchiliklarni tanqid qilgan. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni qisqa muddat ichida bartaraf etish bo‘yicha sektor rahbarlariga topshiriqlar bergan. Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha viloyat hokimi boshchiligida, aniq reja asosida ishlarni tashkil etishga kelishib olingan.

Mavzuga oid