O‘zbekiston | 11:06 / 24.12.2021
4330
2 daqiqa o‘qiladi

Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida fermerga tegishli yerni sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlandi

Foto: Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti

Samarqand va Surxondaryo viloyatlarida fermer xo‘jaliklariga tegishli bo‘lgan yerni sotmoqchi bo‘lgan shaxslar ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda DXXning Urgut tumani bo‘limlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda fuqaro G.G‘. fuqaro G.ning ishonchiga kirib, tumandagi “M.T.” fermer xo‘jaligiga qarashli 10 sotix yerni sotishga kelishib, 12 000 AQSh dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, departamentning Qiziriq tuman bo‘limi va Surxondaryo viloyat IIB tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda “Q.Ch.” fermer xo‘jaligi rahbari A.E. xo‘jalikning paxta va g‘alla yetishtirishga mo‘ljallangan 15 sotix yerini va o‘zi vaqtincha foydalanib kelayotgan 40 sotix yerni fuqaro R.ga 85 million so‘mga uy-joy qurib foydalanish uchun sotishga kelishgan. So‘ng kelishilgan puldan 40 million so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, yuqoridagi har ikkala holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid