Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Jahongir Ortiqxo‘jayev 3 ta tuman hokimini jarimaga tortdi, yana 3 nafar hokimni esa mukofotladi
Toshkent shahar hokimining tegishli qarori bilan Mirobod, Bektemir va Yangihayot tumanlari hokimlari maoshining 30 foizi miqdorida mukofotlangan bo‘lsa, Shayxontohur, Uchtepa hamda Sergeli tumani hokimlariga oylik ish haqidan 30 foiz jarima jazosi qo‘llangan.
Qarorda qayd etilishicha, Prezident huzuridagi davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan o‘tkazilgan Toshkent shahrida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning reyting natijalariga muvofiq Mirobod tumani (Shuhrat Po‘latov), Bektemir tumani (Tapil Mahamadziyoyev) va Yangihayot tumani (Hayot Inog‘omov) hokimlarining faoliyati “yaxshi” baholangan. Shu munosabat bilan mahalliy budjetlarning qo‘shimcha manba mablag‘lari hisobidan ushbu uchta tumanning hokimlari, shu bilan birga, ularning o‘rinbosarlari hamda sektor rahbarlari maoshiga 30 foiz ustamalar belgilangan.
Reyting natijasiga ko‘ra faoliyati “qoniqarsiz” deya baholangan Shayxontohur tumani (Abduqahhor To‘xtayev), Uchtepa tumani (Farhod Abdullayev) va Sergeli tumani (Elbek Shukurov) hokimlari esa Mehnat kodeksining 181-moddasi 2-bandiga muvofiq oylik ish haqining 30 foizi miqdoriga jarimaga tortilgan. Qarorda ushbu hokimlarning o‘rinbosarlari hamda sektor rahbarlariga nisbatan ham xuddi shunday jazo qo‘llanishi belgilangan.
Avvalroq Qo‘yliq bozorining ko‘chirilishi bilan bog‘liq shov-shuv ortidan vaziyatga munobat bildirishga majbur bo‘lgan Bektemir tumani hokimi Tapil Mahamadziyoyev Qo‘yliq dehqon bozori Food City majmuasiga bosqichma-bosqich ko‘chirilishi, Toshkent viloyatining O‘rta Chirchiq tumaniga tegishli ekani aytilayotgan yangi bozor joylashgan hudud allaqachon Bektemir tumani hududiga o‘tgani, do‘konlari buzilayotgan, kadastri bor tadbirkorlarga davlat tomonidan 100 foiz kompensatsiya to‘lab berilishini aytgandi.
Ortiqxo‘jayevning sobiq o‘rinbosari, bugungi kunda Sergeli tumaniga hokimlik qilayotgan Elbek Shukurov esa dekabr boshida o‘ziga 35 mln so‘m ustama to‘lash haqidagi qaror chiqargani ortidan ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘lgan, holatga munosabat bildirgan Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati ushbu ustama to‘lovlari hokimga yil boshidan beri to‘lanmay kelgani uchun yil yakunida biryo‘la o‘tkazib berilganini bildirgandi.
Mavzuga oid
10:27 / 22.05.2025
Toshkentda YTHning oldini olish uchun 2 mlrd so‘m ajratiladi
14:15 / 09.04.2025
Toshkent shahrida ota 1,7 mlrd so‘m aliment to‘ladi
12:30 / 13.03.2025
«Credit House» ishi: Minglab odamlar uysiz va pulsiz qolyapti
10:48 / 26.02.2025