Jahon | 21:56 / 28.12.2021
15666
10 daqiqa o‘qiladi

Belarusda yangi konstitutsiya taklif qilindi: Lukashenko yana ikki muddatga saylanishi mumkin

Muxolifat yangi konstitutsiya odamlarning hayotini yaxshilashiga ishonmayapti. O‘zgarishlar Putin uchun qilinyapti deb hisoblayotganlar ham bor.

Shamil Jumatov / Reuters / Scanpix / LETA

Belarus huquqiy internet-portalida mamlakat konstitutsiyasiga kiritilishi rejalashtirilgan o‘zgarishlar loyihasi paydo bo‘ldi. Aleksandr Lukashenko o‘z qo‘llari bilan yozganini aytgan konstitutsiyada davlat tuzilmasida o‘zgarishlar bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Muxolifat konstitutsiyaning bu tariqa o‘zgartirilishi odamlar hayotini yaxshilamaydi va o‘zgarishlar tasdiqlanadigan referendum Lukashenko nazoratidagi maxsus operatsiya kabi o‘tib ketadi, degan fikrda.

«Konstitutsiyani men yozganman»

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko mamlakat konstitutsiyasiga kiritilishi taklif qilinayotgan o‘zgarishlarni o‘zi yozganini iddao qildi. «Konstitutsiyani (o‘zgarishlar nazarda tutilmoqda) men yozganman. Yuristlar shunchaki pero bilan yozib turdi, men esa aytib turdim. Chunki men prezidentman va mamlakatni ushlab qolish uchun menga qanday vakolatlar kerak ekanini yaxshi bilaman», degandi Lukashenko konstitutsiya haqida dekabr oyi avvalida.

Yangi konstitutsiya haqida Lukashenko ilk marta 2016 yil gapirgandi. 2020 yil 9 avgust kuni mamlakatda prezidentlik saylovlari o‘tkazildi. Unda rasman Lukashenko g‘alaba qozondi, ammo natijalardan norozi bo‘lgan minglab odamlar ko‘chaga chiqib, norozilik aksiyalari o‘tkazdi. O‘sha namoyishlar fonida odamlarni tinchlantirish uchun ularga murojaat qilgan Lukashenko yangi konstitutsiya haqida gapirdi.

«Odamlarga islohot kerak bo‘lsa, uni amalga oshiramiz. Islohot esa konstitutsiyani o‘zgartirishdan boshlanadi, ko‘chadagi namoyishlardan emas», degandi 28 yildan buyon Belarus prezidentligini hech kimga bermayotgan Lukashenko.

Endi belaruslar yangilangan konstitutsiya bo‘yicha referendumda ishtirok etishi kerak. Lukashenko uni kelasi yil fevralining uchinchi o‘n kunligida o‘tkazishga va’da bermoqda. Ungacha hukumat portalida har bir mamlakat fuqarosi konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgarishlarga o‘z munosabatini bildirishi, takliflar berishi mumkin.

«Odamlarning yo‘li konstitutsiya bilan kesishmadi»

Belaruslik muxolif siyosatchi Anatoliy Lebedkoning aytishicha, mamlakat aholisi konstitutsiya borligini his qilgani ham yo‘q.

«27 yil davomida aksar fuqarolarning yo‘llari konstitutsiya bilan kesishmadi ham. Avvaliga konstitutsiya bosh vazir Kebich vaqtida qabul qilingandi, keyin Lukashenko kelib bosh qonunni o‘ziga moslab, shubhali referendumlar orqali o‘zgartirib oldi. Oxirgi 1,5 yil davomida konstitutsiya umuman ishlayotgani ham yo‘q. Afsuski, buni faqat jurnalistlar muhokama qiladi, traktorchilar, avtomobilchilar, uy bekalari, ishlab chiqaruvchilar yoki boshqa ovoz beruvchilar emas», deydi Lebedko.

«Bir kishi ikki martadan ortiq prezident bo‘la olmaydi»

Yangi konstitutsiyada prezidentlik muddati 5 yil qilib belgilangan va bir kishi ikki martadan ortiq prezidentlikka saylana olmasligi aytilgan (Lukashenko prezidentlikka besh marta qayta-qayta saylangan). Oldingi konstitutsiyada bunday band yo‘q edi. Ushbu cheklov keyingi saylovda g‘olib bo‘lgan prezident vakolatiga kirishgach, amal qila boshlaydi. Shu tariqa, Lukashenko yana ikki marta prezident bo‘lish imkonini qo‘lga kiritishi mumkin.

Ammo ba’zi eskpertlar yangi konstitutsiyaga ko‘ra Butunbelarus Xalq Majlisi prezidentdan ustun bo‘lishini taxmin qilmoqda. Lukashenko yangi konstitutsiyada mamlakatda mana shunday nomli oliy boshqaruv organi bo‘lishini taklif qilmoqda. Majlis tarkibi 1 200 kishidan iborat bo‘lishi va uni rais boshchiligidagi kengash boshqarishi nazarda tutilgan. Majlisning bir tarkibi 5 yilga saylanadi.

Majlis Lukashenkoning taklifi bilan armiyadan mamlakat tashqarisida foydalanish imkonini beradi. Belarus prezidentiga impichment e’lon qilish huquqiga ega bo‘lgan bosh vazir har yili Majlisga hisobot beradi. Majlis saylovlar va boshqa siyosiy jarayonlar legitimligini ham nazorat qiladi.

Xalq boshqaruvidagi Belarusni tashkil etish maqsad qilingani aytilayotgan Majlis g‘oyasini Lukashenko Putindan olganini aytishmoqda. Chunki Putinga yana bir necha marta prezidentlikka o‘z nomzodini qo‘yish imkonini bergan Rossiya konstitutsiyaga kiritilgan oxirgi o‘zgarishlarga ko‘ra, mamlakatda Davlat kengashi vakolatlari kengaytirilgandi. O‘shanda ba’zi ekspertlar Putin hukumatni topshirishning «qozoqcha varianti»ga tayyorlanayotgani haqida gapirgan.

2019 yilda Qozog‘istonda Nursulton Nazarboyev prezidentlikdan ketgach, vakolati hukumat darajasida bo‘lgan Xavfsizlik kengashiga rahbarlik qilib qolgandi.

Shunday ekan, Lukashenkoning ham prezidentlikdan ketgach, Majlis rahbari bo‘lib mamlakatni boshqarishda davom etishi hech kimni ajablantirmasa kerak. Muxolif siyosatchi Lebedkoning fikricha, bu o‘zgarishlarga qaramay, Belarus «superprezidentlik» davlati bo‘lib qolaveradi. Uning fikricha, Majlis shunchaki yana bir byurokratik qavat paydo qiladi va bu loyiha amalga oshsa, unda ham Lukashenkoning odamlari ishlashda davom etadi.

Ekspertlarning fikricha, Lukashenko boshqaruvidagi Majlis mamlakat siyosiy hayotini bemalol nazorat qilish imkonini beradi. «Butunbelarus Xalq Majlisi hech qanday qonun chiqarmaydi, hukumatdagi tayinlovlarga aralasha olmaydi, ammo parlament va prezidentni almashtira oladi. Ko‘rinib turibdiki, yangi konstitutsiya ijodkorlari siyosiy maydondan chekinish kerak bo‘lganda keyinchalik nima qilish kerakligini o‘ylab, uni konstitutsiyaga kiritishgan», deydi siyosatchi Andrey Kazakevich «Zerkalo» nashriga bergan intervyusida.

Putin uchun islohot

Getty Images

Yangi konstitutsiyaga ko‘ra, rus tili mamlakatdagi ikki davlat tilidan biri sifatida qoladi. Shuningdek, yangi qomusda Belarus neytral davlat bo‘lishga intilishi aytilgan. Buni esa ekspertlar Rossiyaga yon bosish deb baholamoqda.

«Bu Kreml tomonga yuz burish degani. Lukashenko buni ko‘proq Vladimir Putin uchun qilmoqda. Aynan Putin hali yuz minglab odamlar ko‘chada yurgan vaqtda konstitutsion islohotlarni taklif qilgandi. Chunki Putin voqealar rivoji oxir-oqibat Rossiyaga ham ta’sir qilishidan qo‘rqib, Lukashenkoga nimadir deb odamlarning og‘zini yopish kerakligini aytgandi. Mana, natijada konstitutsion islohotlar taklif qilinmoqda», deydi siyosatchi Lebedko.

Uning fikricha, Moskva ham Lukashenkoni «iste’foga chiqarish»ga qarshi emas. «Kreml ham Lukashenkodan qutulib, uni Yanukovich borgan Rostovga emas, aytaylik, hozir Nazarboyev bo‘lib turgan joyga yuborishga (kengash rahbarligi nazarda tutilmoqda) qarshi emasdek», deydi u.

Muxolif siyosatchi Lebedkoga ko‘ra, Kreml Lukashenko belaruslar ko‘ziga legitim rahbar bo‘lib ko‘rinishini istaydi, ammo referendum bunga yordam berishi qiyin. Chunki oxirgi yillarda Lukashenkoga ishonchsizlik kuchayib ketgan. Lebedkoning fikricha, referendum xalq tanlovini aks ettiruvchi voqea emas, ko‘proq Belarus xavfsizlik xizmati o‘tkazadigan maxsus operatsiya bo‘ladi.

Siyosatchi mamlakatda yangi konstitutsiya qabul qilish shart emasligini aytib, amaldagisi ham ishlamayotganini ta’kidladi.

«Asl konstitutsiyada ta’lim va tibbiyot bepul deb yozib qo‘yilgan, lekin ikkisi ham pullik. Konstitutsiyada hamma axborot erkinligiga ega deyilgan, lekin bizda davlat manfaatlariga xizmat qilmaydigan kanallarning ko‘pchiligi ekstremistik deb qayd etilgan. Majlis va namoyishlarga chiqish erkinligi qayd etilgan, ammo bizda odamlarni qamash uchun paypog‘ining rangi ham yetarli. Uch kishidan ortiq odam to‘planganda nima bo‘lishini esa aytib o‘tirish ham shart emas», deydi Lebedko.

Minskdagi namoyishlar vaqtida maxsus xizmatlar muxolifat tarafdorlarini «ovladi» / Getty Images

Uchinchi o‘zgarish

Belarus konstitutsiyasi shu vaqtgacha uch marta o‘zgartirilgan. 1996 va 2004 yilgi tuzatishlardan keyin Lukashenkoning vakolat muddati uzaytirilgan va kengaytirilgan. Uning aytishicha, yangi konstitutsiya borasida bir necha taklif olib kelishgan, lekin ularning barchasini rad etib, o‘zgartirishlarni o‘zi kiritishga qaror qilgan.

Taklif qilinayotgan yangi konstitutsiyaga ko‘ra, Belarus prezidenti 40 yoshga to‘lgan (hozir 35 yosh), mamlakatda kamida 20 yildan buyon yashayotgan (hozir 10 yil), boshqa mamlakat fuqaroligiga ega bo‘lmagan, vaqtincha yashash haqida hujjat ham olmagan bo‘lishi kerak (hozir bunday cheklov yo‘q).

Asosiy o‘zgarishlardan biri prezident o‘limi bilan bog‘liq. Tuzatishga ko‘ra, agar prezident o‘lib qolsa, uning vakolati respublika kengashi raisi boshqaruvidagi xavfsizlik kengashiga o‘tadi (hozir prezident lavozimi qandaydir sabab bilan bo‘shab qolsa, uning o‘rnini bosh vazir egallashi qayd etilgan).

Yana bir muhim taklif shuki, prezident lavozimdan ketgach, davlatni boshqargan vaqtda qilgan ishlari uchun javobgarlikka tortilmaydi. Shuningdek, u butun umr respublika kengashi vakili bo‘lib qoladi va umrining oxirigacha daxlsizlik huquqiga ega bo‘ladi.

Belarus konstitutsiyasiga yana quyidagicha qiziqarli o‘zgarishlar kiritish taklif qilingan:

  • Belarusdan o‘z hududini yadrodan xoli hudud sifatida saqlash majburiyatini olib tashlash;
  • Nikoh ayol va erkak o‘rtasidagina tuzilishini konstitutsiyada mustahkamlash;
  • Vatanparvarlik har bir fuqaroning burchi ekanini qayd etish;
  • Davlatga ikkinchi jahon urushida qatnashgan belaruslar tarixiy xotirasini saqlash vazifasini yuklash.

Mavzuga oid