O‘zbekiston | 10:41 / 29.12.2021
89471
6 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda fohisha ayol qirqqa yaqin erkakka OITS yuqtirgan

Erkaklarning ko‘pchiligi oilali bo‘lib, kasallik ularning rafiqalariga ham yuqqan.

Foto: Kun.uz

Buxoro viloyati IIB axborot xizmatining “Jinoyat haqiqati va adolati” rukni ostida e’lon qilingan xabariga ko‘ra, turli shaxslar bilan betartib jinsiy aloqa qilishi oqibatida buxorolik ayolda 2017 yilda OITS kasalligi aniqlanadi.

Shundan so‘ng, belgilangan tartibda dispanser nazoratiga olinib, kasallikni bila turib boshqalarga yuqtirmaslik haqida ogohlantiriladi. Lekin shunga qaramay, u tartibsiz jinsiy hayotini davom ettiradi.

Endilikda u mijozlarning eng puldorlarini tanlab, ular bilan munosabatga kirishadi.

“Sog‘lom hayot” tezkor profilaktik tadbirlari davomida Buxoro viloyatida joylashgan tungi ko‘ngilochar bar, kafe, restoran, spa-salon, sauna va massajxonalarda o‘tkazilgan reydlar davomida Buxoro viloyati OITSga qarshi kurash markazida OIV infeksiyasini yuqtirib olgan shaxs sifatida ro‘yxatga olinib, boshqa shaxsga kasallik yuqtirgan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 113-moddasi bilan jazoga tortilishi bo‘yicha ogohlantirilib, tilxat olingan bo‘lsa-da, betartib hayot kechirib, fohishalik bilan shug‘ullanib kelayotgan shaxs aniqlandi. Moddiy manfaat evaziga mijozlarga intim xizmat ko‘rsatib kelib, o‘zidagi OIV infeksiyasini yuqtirganlikda gumonlanib, mazkur holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tergov organlariga yuborildi”, – deydi Buxoro viloyati IIB tezkor xodimi.

Videodan kadr

Ma’lum bo‘lishicha, ayol qariyb 4 yil davomida kasallikni qasddan boshqalarga yuqtirib kelgan. Olib borilgan o‘rganishlar yakunida ushbu ayol qirqqa yaqin erkaklarga OIV infeksiyasini yuqtirgani aniqlangan. Erkaklarning aksariyati oilali. Natijada kasallik ularning turmush o‘rtoqlariga ham yuqqan.

Mart-aprel oylarida do‘stlarim bilan kafeda ovqatlanib o‘tirganimizda, yonimizdagi stolda ovqatlanib o‘tirgan 2 nafar qiz bilan tanishib qoldik. Ular bilan borib, yaqin aloqada bo‘lib, shundan so‘ng, ular bilan bir necha marotaba telefonlashib, do‘stlarim bilan borib, yaqin aloqada bo‘lganimizdan keyin men u qizlarning kasallikka chalinganini eshitib qolib, tibbiy ko‘rikdan o‘tganimda, o‘zimga ushbu kasallikni yuqtirib olganimni bilib qoldim. Turmush o‘rtog‘im homilador, homila 6 oylik.

Mening ham ayolimning ham tug‘ilajak farzandimning ham hayoti xavf ostida. Qilgan ishimdan pushaymonman. Sizlarni ogohlantirmoqchiman: ko‘chadagi har xil ayollar bilan jinsiy aloqada bo‘lmang. Bu yomon oqibatlarga olib keladi, – deydi fohisha ayol bilan muomalaga kirishgan erkaklardan biri.

Do‘stim orqali bir qiz bilan tanishib qoldim. Keyinchalik u bilan yaqin bo‘lib, o‘zaro jinsiy aloqaga kirishdik. Mendan oldin do‘stim ham u bilan jinsiy aloqada bo‘lganini bilardim. Oradan ancha vaqt o‘tib, do‘stim kasallikka duchor bo‘lganini bilib qoldim. O‘zimdan shubhalanib, tibbiy tekshiruvdan o‘tganimda menda ham kasallik borligi aniqlandi.

2 nafar farzandim, turmush o‘rtog‘im bor. Hali bu haqda ularga aytganim yo‘q. Nima qilishni ham bilmay qoldim. SPID kasalligi haqida surishtirdim. Bu kasallikka hech qanday davo yo‘q ekan. Palapartish jinsiy hayot kechirmasdan, sog‘lom turmush tarzi yuritib yashash kerak ekan, – deydi kasallik yuqtirgan yana bir erkak.

Ayol bilan jinsiy aloqada bo‘lgan yana bir erkak to‘ydan oldingi tibbiy ko‘rikda kasalligini bilib qolgan.

O‘rtoqlarim bilan kafeda o‘tirganimizda bir noma’lum ayol kelib, davramizga qo‘shildi. Uning kimligini tanimasdan, mastlik holatida uning yashash xonadoniga bordim. Ertalabgacha ko‘ngilxushlik qildim.

Yaqin kunlarda to‘yim bo‘lishi munosabati bilan bo‘lajak turmush o‘rtog‘im bilan tibbiy ko‘rikka borganimda menda SPID kasalligi aniqlandi. Bu kasallikni oila a’zolarimga, yaqinlarimga tushuntirishning imkoni yo‘q. Tushkun ahvoldaman, – deydi jabrlanuvchi.

Qilmishidan pushaymonlik bildirib, boshini devorga urib yorishga tayyor bu erkaklarning xatosi jabrini oilasi, begunoh ayoli tortayotganini hazm qilish qiyin, albatta. Umrini, yoshligini bir erkakka bag‘ishlab, unga guldek farzandlar tug‘ib bergan, oilasi, ro‘zg‘orini tebratib, erining ota-onasi-yu, aka-ukalarining xizmatini beminnat qilgan ayolga bevafo erning mukofotimi bu?” – deyiladi lavhada.

Buxoro viloyati IIB huzuridagi tergov bo‘limi tergovchisi Temur Nodirovning ma’lum qilishicha, holat yuzasidan JK 113-moddasining 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilgan. Tergov yakunida jinoyat ishi ayblov xulosasi bilan sudga oshirilgan. Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchiga nisbatan 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.

Ma’lumot uchun, Jinoyat kodeksi 113-moddasining 4-qismiga ko‘ra, bila turib, boshqa shaxsni OITSni yuqtirish xavfi ostida qoldirish yoki unga OITSni yuqtirish 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Mavzuga oid