O‘zbekiston | 09:54 / 30.12.2021
17469
7 daqiqa o‘qiladi

Namanganda IIB va YHXB boshliqlarining xizmat avtomobillarida to‘lanmayotgan jarimalar borligi ma’lum bo‘ldi

Odatda YHXB xodimlari yo‘llardagi qoidabuzarliklarni aniqlash, ularni bartaraf etish, to‘lanmagan jarimalarni nazoratga olib, undirish choralarini ko‘rish bilan shug‘ullanadi. Quyidagi maqolada esa YHXBga tegishli xizmat avtomobillarida harakatlanish jarayonida sodir etilgan qoidabuzarliklar va ular uchun tayinlangan jarimalar to‘lanmay kelayotgani xususida so‘z yuritiladi.

Aytish joizki, bu qoidabuzarliklarning barchasi tezlikni oshirish natijasida sodir etilgan va jarimalarning birortasi hozirgacha to‘lanmagan.

MJtK 291-moddasiga ko‘ra, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima solingan kundan e’tiboran 60 kun ichida jarima to‘lanmagan taqdirda, transport vositasi jarima to‘languniga qadar jarima maydonida ushlab turilishi lozim. Biroq jarimalar to‘lanmaganiga bir necha yil bo‘lsa-da, YHXB avtomobillari jarima maydoniga kiritilmagan.

Baliq boshidan...

Chust tumani IIB boshlig‘i hamda viloyat YHXB boshlig‘i xizmat avtomobilida tezlikni oshirib haydash va jarimalarni to‘lamay yurish bo‘yicha «master-klass» o‘tib kelmoqda.

Xususan, Chust tumani IIB boshlig‘i Adhamjon Alimovning xizmat avtomobili ekani aytilayotgan, davlat raqami 50 511 VSF bo‘lgan oq rangli Nexia-3 11ta qoidabuzarlik uchun jami 4 mln 348 ming so‘mlik jarimalarga tortilgan. Tezlik 70 km/soat cheklangan joyda 99 km/soat tezlik bilan harakatlanilgan holat ham mavjud.

Shuningdek, viloyat IIB YHXB boshlig‘i Ergash Haydarovning xizmat avtomobili ekani aytilayotgan, davlat raqami 50 700 VSF (hozirda 50 070 VSF) bo‘lgan oq rangli Lacetti’dagi 5ta qoidabuzarlik uchun 4 mln 73 ming so‘m jarima tayinlangan. Tezlik 70 km/soat cheklangan joyda 103 km/soat tezlik bilan harakatlanilgan holat ham mavjud.

Namangan viloyati IIB YHXB boshlig‘i Ergash Haydarov

Boshqarma boshlig‘i tezlikni oshirishga qarshi chaqiriq ko‘tarib, haydovchilarni da’vat qilsa-da, aftidan, bunga o‘zi rioya qilmaydi.

Bundan tashqari, viloyat IIB YHXB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Mirqodir Muhamedovning xizmat avtomobili ekani aytilayotgan, davlat raqami 50 702 VSF bo‘lgan oq rangli Tracker’dagi 2ta qoidabuzarlik uchun 3 mln 232 minglik jarimalar tayinlangan. Tezlik 70 km/soat cheklangan joyda 121 km/soat (!) tezlik bilan harakatlanilgan holat ham mavjud.

«Rahbarga ergashmagan xodim – xodim emas!»

Boshqarmadagi xodimlar ham rahbarlaridan o‘rnak olishni o‘rniga qo‘ymoqda.

Jumladan, viloyat IIB YHXB matbuot guruhining sobiq boshlig‘i Vohibjon Akramov xizmatida bo‘lgani aytilayotgan, davlat raqami 50 701 VSF bo‘lgan oq rangli Captiva’da sodir etilgan 3ta qoidabuzarlik uchun jami 1 mln 608 ming so‘mlik jarimalar tayinlangan.

Namangan viloyati IIB YHXB 3-tumanlararo YPXO komandiri Zohid Tursunov xizmatida ekani aytilayotgan, davlat raqami 50 200 VSF bo‘lgan oq rangli Lacetti’ga 2ta qoidabuzarlik uchun 1 mln 338 ming so‘m jarima rasmiylashtirilgan.

Zohid Tursunovning o‘rinbosari – Adham Abdusamatovning xizmat avtomobili ekani aytilayotgan, davlat raqami 50 710 VSF bo‘lgan oq rangli Lacetti qoidabuzarliklar soni bo‘yicha yetakchi bo‘lib turibdi. Ushbu avtomobilda 15ta qoidabuzarlik sodir etilgan bo‘lib, ular uchun jami 11 mln 305 ming so‘mlik jarimalar tayinlangan. Tezlik 70 km/soat cheklangan joyda 114 km/soat tezlik bilan harakatlanilgan holat ham mavjud.

Shuningdek, Namangan viloyati IIB YHXB xizmat avtomobillaridan davlat raqami 50 707 VSF bo‘lgan oq rangli Malibu-2 bitta qoidabuzarlik (tezlik 70 km/soat cheklangan joyda 100 km/soat tezlik bilan harakatlanish) uchun 1 mln 350 ming so‘m jarima tayinlangan.

Davlat raqami 50 777 VSF bo‘lgan yana bir oq rangli Malibu-2’dagi bitta qoidabuzarlik (tezlik 70 km/soat cheklangan joyda 125 km/soat (!) tezlik bilan harakatlanish) uchun 2 mln 205 ming so‘m jarima tayinlangan.

Shu tariqa, barcha sanab o‘tilgan 40ta qoidabuzarlik uchun tayinlangan jarimalarning jami qiymati 29 mln 459 ming so‘mni tashkil etmoqda.

Muammo nimada?

Jarimalar to‘lanmasa-da, ayrim avtomobillarning jarima maydoniga kiritilmayotgani keng tarqalgan holat ekani tobora oydinlashmoqda. Bunga tizim rahbarlarining tanish-bilishchilik asosida ish ko‘rayotgani sabab bo‘lishi mumkin. Xususan, Kun.uz manbasining ta’kidlashicha, Namangan viloyatida ro‘yxatdan o‘tgan “HADYA PLAST SERVIS” MChJga qarashli, davlat raqami 50 717 OAA bo‘lgan oq rangli Lacetti avtomobili ruxsatsiz tonirovka qilingani uchun ikki marta (2021 yil 31 avgust kuni 6 mln 125 ming, 2021 yil 4 dekabr kuni 10 mln 800 ming so‘m jarima solingan) ma’muriy bayonnoma tuzilib, avtomobil jarima maydoniga kiritib qo‘yilgan.

Jarima maydonidagi Lacetti

Manbaning qo‘shimcha qilishicha, viloyat IIB YHXB boshlig‘i Ergash Haydarovning noqonuniy buyrug‘i asosida avtomobil tonirovkasi yechilmagan va jarima to‘lanmagan holatda jarima maydonidan chiqarib yuborilgan. Bunga Ergash Haydarov va MChJ ta’sischisining o‘zaro tanish ekani sabab qilib ko‘rsatilmoqda.

Yana «mayda baliqlar» jazolanadimi?

Avvalroq, Kun.uz’da Chust tumani hokimligi rahbarlarining xizmat avtomobillarida sodir etilgan huquqbuzarliklar uchun tayinlangan jarimalar miqdori 20 million so‘mga yaqinlashsa ham, ular to‘lanmay kelgani, avtomobillar jarima maydoniga kiritilmagani haqida yozilgandi. Maqoladan so‘ng, Namangan viloyati IIB YHXB tomonidan hokimlik xizmat avtomobillari jarima maydoniga kiritilib, yakunda jarimalar to‘liq undirilgandi.

Lekin hozircha na hokimlik va na IIB YHXB vakillariga bu suiiste’molchiliklar uchun biror chora ko‘rildi. Chora ko‘rish deganda «mayda baliqlar»ni qurbon qilish emas, haqiqiy aybdorlar nazarda tutilmoqda.

Balki, rasmiylar tomonidan «qoidabuzar yoki jinoyatchilarni tutish uchun tezlik oshirilgani» vaj qilinar, lekin unda yana savol tug‘iladi: huquqbuzar kelib-kelib rahbarlarning xizmat avtomobili bilan ta’qib qilinadimi?

Rasmiy munosabatlarda qoidabuzarliklar oxirgi zarurat sababli sodir etilgani aniq faktlar bilan keltirilishini ham kutib qolamiz.

Ko‘ramiz, hokimlik mashinalarini jarima maydoniga olib kira olgan viloyat YHXB o‘z xizmat avtomobillariga nisbatan qanday pozitsiyada bo‘larkan?

Abbos Salaydinov

Mavzuga oid