O‘zbekiston | 17:04 / 06.01.2022
8269
4 daqiqa o‘qiladi

Jizzax viloyat kengashi prokuraturaning Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi rahbarining deputatlik maqomini bekor qilish haqidagi so‘rovini rad etdi

Xalq deputatlari Jizzax viloyat kengashi viloyat prokuraturasining Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi rahbarini ma’muriy javobgarlikka tortish uchun deputatlik maqomidan bekor qilish haqidagi so‘rovini rad etgan.

Ma’lum qilinishicha, Jizzax viloyati prokuraturasi 2021 yil 2 dekabr kuni xalq deputatlari Jizzax viloyat Kengashiga “Deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish va ma’muriy javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan” №10.1/5-73772-21-sonli taqdimnoma kiritgan.

Taqdimnomaga ko‘ra, viloyat prokuraturasi tomonidan Bosh prokuraturaning 2021 yil 2-yarmiga belgilangan ish rejasiga asosan, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi hamda “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunlar ijrosi yuzasidan tekshirish o‘tkazilganda, yoshlar murojaatlari bilan ishlash va ularning hal qilinishi ustidan nazorat susaytirib yuborilgan.

Shuningdek, Yoshlar ishlari agentligi boshqarmasi tomonidan mehnat qonunchiligiga ko‘ra, bo‘sh (vakant) ish o‘rinlari mavjudligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar har oyda taqdim qilib borilmagan, mavjud ish o‘rinlarini yashirish holatlariga yo‘l qo‘yilgan. Shu sababli, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelgan D.Xudoyshukurov xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati bo‘lganligi sababli, uni ma’muriy jazoga tortishga rozilik so‘ralgan.

Mazkur taqdimnoma xalq deputatlari viloyat Kengashining Reglament va deputatlik odobi masalalari doimiy komissiyasida muhokama qilinib, ijro intizomiga rioya etmagani uchun boshqarmaning jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari hamda kadrlar bilan ishlash bo‘yicha mutaxassisiga intizomiy choralar qo‘llangan.

Shu bilan birga “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi Qonunning 24-moddasiga muvofiq xalq deputatlari viloyat Kengashi qarori qabul qilingan. Qarorda Jizzax viloyati prokuraturasining xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati D.Xudoyshukurovni ma’muriy jazoga tortishga rozilik berish to‘g‘risida 2021 yil 2 dekabrdagi №10.1/5-73772-21-sonli taqdimnomasi rad etilgan.

«1. Jizzax viloyati prokuraturasining 2021 yil 2 dekabrdagi “Deputatni daxlsizlik huquqidan mahrum qilish va ma’muriy javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish yuzasidan” № 10.1/5-73772-21 sonli taqdimnomasi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmasining 2021 yil 30 noyabrdagi 02-06/166 sonli buyrug‘i asosida xizmat vazifalari hamda majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarmaganligi, ijroiya intizomiga rioya etmaganligi uchun boshqarmaning mutaxassislariga intizomiy choralar qo‘llanilgani ma’lumot uchun qabul qilinsin.

3. Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati D.Xudoyshukurovga boshqarmada O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi hamda “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi Qonunlar ijrosi yuzasidan qat’iy nazorat olib borilsin.

4. Jizzax viloyati prokuraturasining Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Xudoyshukurov Dilmurod Xolmurodovichni ma’muriy jazoga tortishga rozilik berish to‘g‘risida 2021 yil 2 dekabrdagi № 10.1/5-73772-21 sonli taqdimnomasi rad etilsin», deyiladi qarorda.

Mavzuga oid