«Bizga hech qanday hujjat kelmagan» – YHXBda avtomobil sotib olganlik uchun yig‘im talab etilishi davom etmoqda
2022 yilgi budjet qonuni kuchga kirganiga qaramay, avtomobil sotib olganlik uchun hamon fuqarolardan yig‘im to‘lash talab etilayotgani ma’lum bo‘ldi.
2022 yil 1 yanvardan kuchga kirgan «2022 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonunda avtotransport vositalarini sotib olganlik uchun ulovning ishlab chiqarilgan yili va ot kuchiga qarab undiriladigan yig‘im nazarda tutilmadi. Bu 2022 yil 1 yanvardan YHXBda bunday yig‘im undirilmasligini anglatadi.
Biroq Kun.uz tahririyatiga kelayotgan murojaatlardan ma’lum bo‘lishicha, YHXBda avtomobil egalaridan yig‘im to‘lash talab qilinmoqda.
Xususan, murojaatchilardan biri 28 dekabr kuni sotib olgan Lacetti rusumli avtomobilini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun 5 yanvar kuni Toshkent viloyati YHXBning Zangiota tumanidagi Ro‘yxatga olish-imtihondan o‘tkazish bo‘limiga borgani, biroq u yerda undan odatdagidek yig‘im to‘lash talab qilinganini aytdi.
«U yerda Lacetti’ning ishlab chiqarilgan yili va ot kuchiga qarab 3 mln 148 ming so‘m yig‘im to‘lashim kerakligini aytishdi. Xodimga yangi qonunga binoan yig‘im bekor qilinganini bildirdim. Lekin u tushunishni istamadi. «Qaysi qaror bo‘yicha bekor bo‘lgan? Bizga hech qanday hujjat kelmagan. Pulni to‘liq to‘laysiz» degan vajlar bildirildi», deydi murojaatchi.
IIV YHXBB axborot xizmati vakili Azizxon Murodov holat yuzasidan bergan izohida Ro‘yxatga olish-imtihondan o‘tkazish bo‘limlarida shunga o‘xshash holatlar bo‘layotgani, hali ushbu bo‘limlarga yig‘im undirish-undirmaslik bo‘yicha aniq topshiriq berilmagani, budjet to‘g‘risidagi qonunni ijroga qaratish bo‘yicha 1-2 kun ichida jamoatchilikka aniq ma’lumot berilishini bildirdi.
Masala bevosita davlat budjetiga aloqador bo‘lgani uchun Kun.uz Moliya vazirligi bilan ham bog‘landi. Vazirlik axborot xizmati tahririyatga ma’lum qilishicha, bunda avtomobilni xarid qilish sanasiga e’tibor beriladi. Ya’ni avtomobil 2022 yil 1 yanvarda yoki undan keyin xarid qilingan bo‘lsa, yig‘im undirilmaydi. Avtomobil 2021 yilda xarid qilingan bo‘lsa, yangi qonun bunday avtomobillarga tatbiq qilinmaydi.
Ma’lumot uchun, yangi yoki ikkilamchi bozordan avtomobil sotib olinganda avtomobil DYHXX organlari tomonidan 10 kun ichida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishi lozim.
- Avvalroq, Kun.uz saytida odamlarni ko‘pdan beri qiynayotgan masala — eski avtomashinalarni rasmiylashtirishdagi bojlar qayta ko‘rib chiqilishi lozimligi, ikkilamchi bozordagi avtomobilni xaridor nomiga rasmiylashtirish haddan ziyod qimmatligi, shuningdek, yashirin xarid sifatida notarial tasdiqlanadigan va nisbatan arzonroq bosh ishonchnoma keltirib chiqarayotgan xatarlar haqida maqolalar e’lon qilingan edi.
- Mazkur maqolalarga asosan deputat Doniyor G‘aniyev ikkilamchi bozordan xarid qilingan avtotransportni rasmiylashtirishdagi to‘lovlar qayta ko‘rib chiqilishi lozimligi bo‘yicha moliya vaziriga so‘rov yuborganini va 2022 yilgi davlat budjeti muhokamasida bu masalani ko‘tarib chiqishini ma’lum qilgandi.
- Keyinroq, deputat o‘z so‘roviga javob olganini, unda sotib olingan avtotransport vositasini DYHXXda ro‘yxatdan o‘tkazish uchun transport vositasining ot kuchi va ishlab chiqarilgan sanasidan kelib chiqqan holda fuqarolardan undiriladigan yig‘imni bekor qilish, shuningdek notarial idorada undiriladigan davlat bojini pasaytirish nazarda tutilayotgani ma’lum qilinganini bildirgandi.
Mavzuga oid
15:11 / 05.11.2024
Xususiy tadbirkorlar olib kirayotgan mashinalar uchun yana bir yangi tartib joriy qilindi
14:37 / 30.10.2024
Toyota avtomobillarini ishlab chiqarish hajmi ketma-ket sakkizinchi oy pasaydi, sotuvlar ham qisqardi
18:54 / 25.10.2024
O‘zbekistonda sotilgan eng qimmat va antikvar avtomobil haqida ma’lumot berildi
15:54 / 24.10.2024