O‘zbekiston | 12:18 / 08.01.2022
15580
3 daqiqa o‘qiladi

Nurmat Otabekov: O‘zbekistonda omikron aniqlangani yo‘q, biroq xotirjamlikka berilish ham yaramaydi

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

Qozog‘istonda koronavirusning yangi omikron shtammi aniqlangan, dunyoning 126 mamlakatida qayd etilgan bu shtamm O‘zbekistonga ham kirib kelishi ehtimoli bor. Agar shunday holat kuzatilsa, mamlakat tibbiyot tizimi bunga qanchalik tayyor? SSV matbuot xizmati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori, professor Nurmat Otabekovning bu boradagi fikrlarini yozib oldi.

«Darhaqiqat, so‘nggi kunlarda dunyo bo‘ylab ushbu mutatsiyaning tarqalish geografiyasi shiddat bilan kengayib bormoqda. Shuni inobatga olsak, yangi shtammning yurtimizga kirib kelish ehtimoli yo‘q emas. Biroq bu holatdan foydalanib, ijtimoiy tarmoqlar orqali turli yolg‘on va asossiz axborot tarqatish, aholi orasida ortiqcha vahima ko‘tarish, o‘ylaymanki, hech bir mezonga to‘g‘ri kelmaydi.

Bilamizki, shu paytgacha, yurtimizda koronavirusning bir necha turi qayd etilgan va kasallanish ko‘rsatkichlari yilning ma’lum davrida ko‘tarilib, qaysidir paytda pasayib borgan.

Aytish lozimki, o‘tgan davr ichida mamlakatimizda virusning tarqalish tendensiyasini pasaytirish, emlash tadbirlarini tashkil etish, bemorlarni davolash bo‘yicha tibbiyot xodimlarimiz katta tajriba to‘pladi.

Shu ma’noda, omikrondan sog‘ayish muddati qisqa va kasallanganlarda shifoxonalarga yotish ehtimoli past ekanligini inobatga olsak, O‘zbekiston virusning ko‘tarilish xavfiga tayyor, deyishga asoslarimiz yetarli. Negaki, davlatimiz rahbari boshchiligida hamda Respublika maxsus komissiyasining bevosita kuzatuvida yurtimizda koronavirus pandemiyasini jilovlash borasida amalga oshirilgan ishlar bunga misol bo‘la oladi.

Biroq ortiqcha xotirjamlikka berilish ham yaramaydi. Sababi omikron boshqa shtammlarga qaraganda anchagina yuqumli va qisqa muddatda aholining katta qismini zararlashi mumkin. Shu bois ayni paytda karantin qoidalariga qat’iy rioya qilish, emlash tadbirlarida faol ishtirok etish har qachongidan-da muhim.

Qolaversa, mamlakatimizda COVID-19 bilan kasallanish holatlari ko‘tarilgan avvalgi paytlarda yaxshi samara bergan amaliyotni davom ettirish, ya’ni oilaviy shifokor punkti va poliklinikalar orqali COVID-box (aptechka) tarqatish, xastalik yengil kechayotgan bemorlarni ambulator sharoitda davolash maqsadga muvofiq. Bu, o‘z navbatida, ixtisoslashgan tibbiyot muassasalariga ortiqcha yuklamalar tushishining ham oldini oladi», degan Nurmat Otabekov.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yil dekabr oyida Respublika maxsus komissiyasi tomonidan mamlakatda epidemiologik vaziyat barqarorligini saqlab qolish va O‘zbekiston hududiga koronavirus infeksiyasining omikron shtammi kirib kelishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida bir qator yangi tartib va cheklovlar joriy etilgan edi.

Mavzuga oid