O‘zbekiston | 07:55 / 12.01.2022
9335
2 daqiqa o‘qiladi

Mudofaa vazirligi qo‘shinlariga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibi o‘zgaradi

Mudofaa vazirining “Mudofaa vazirligi qo‘shinlariga kontrakt bo‘yicha harbiy xizmatga nomzodlarni saralash tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi buyrug‘i loyihasi e’lon qilindi.

Foto: Kun.uz

Yangi tartibga ko‘ra, nomzod Saralash komissiyasi kotibiga quyidagi hujjatlarni taqdim etishi lozim: biometrik pasport yoki identifikatsiya ID-kartasi (nusxasi olinib, asli qaytariladi); harbiy guvohnoma (nusxasi olinib, asli qaytariladi); tug‘ilganlik haqida guvohnoma (nusxasi olinib, asli qaytariladi); nomzod tomonidan qo‘lda yoki kompyuterda yozilgan tarjimayi hol; anketa-ma’lumotnoma.

O‘rta yoki o‘rta maxsus, kasb-hunar (o‘rta maxsus professional) yoxud oliy ma’lumotni tasdiqlovchi hujjat nusxasi (aslini ko‘rsatgan holda), 3 x 4 sm o‘lchamdagi oltita rangli fotosurat (bosh kiyimsiz va burchaksiz), shuningdek 9 x 12 sm o‘lchamdagi ikkita rangli fotosurat (bosh kiyimsiz) va yashash joyi bo‘yicha belgilangan namunadagi sog‘lig‘ining holati haqida ma’lumotnoma taqdim etish bekor qilinadi.

Saralash komissiyasi qo‘shimcha ravishda zarur hujjatlar va ma’lumotlarni tegishli davlat organlari va tashkilotlardan mustaqil ravishda, shu jumladan “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab oladi.

Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar garnizon (hududiy) harbiy-tibbiy komissiyalariga tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun yuboriladi.

Jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tadbirlari boshlanishidan oldin nomzod komissiyaning mas’ul a’zolariga o‘zini tanishtiradi, bunda nomzod biometrik pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasi yoxud harbiy guvohnomasini ko‘rsatishi lozim.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid