Urganchdagi 28-maktabda ta’til paytida mashg‘ulotlar o‘tilgan, o‘quvchilar kuniga 5 ming so‘mdan to‘lagan
Urganch shahridagi 28-son umumta’lim o‘rta maktabida ta’til paytida o‘qituvchilar tomonidan kuniga 5 ming so‘mdan qo‘shimcha mashg‘ulotlar tashkil qilingan. Xalq ta’limi vazirligi qishki ta’til kunlari o‘quvchilarni har qanday to‘garak va tadbirlarga jalb etishni taqiqlagan edi.
12 yanvar kuni maktabda bir necha sinflarda o‘quvchilar to‘plangani, o‘qituvchilar tomonidan mashg‘ulot o‘tilayotgani guvohi bo‘ldik. Ba’zi sinflarda 1 nafar o‘quvchi o‘tirgan bo‘lsa, ba’zilarida o‘nlab o‘quvchilar to‘plangan. Ularning so‘ziga qaraganda, qo‘shimcha mashg‘ulotlar uchun kuniga 5 ming so‘mdan to‘lanmoqda, unda ishtirok etish ixtiyoriy.
Ismi-sharifi sir qolishini istagan ota-onalardan birining so‘zlariga ko‘ra, maktabda o‘zlashtirishi past bo‘lgan o‘quvchilar uchun kuniga 5 ming so‘mdan qo‘shimcha repetitorlik tashkil qilingan. Mashg‘ulotlar shu maktab o‘qituvchilari tomonidan o‘tkazilyapti.
«Har bir sinfda me’yordan ortiq ravishda 35-37 o‘quvchi ta’lim olyapti. Oqibatda bilim olishda orqada qolish kuchaymoqda, chunki o‘qituvchi har bir o‘quvchi bilan batafsil shug‘ullanishi uchun imkon qolmayapti. O‘zlashtirish darajasi pastligi sababi ham shunda», deb hisoblamoqda ota-onalardan biri.
Direktor Ilmira Kabulova maktab binosida qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tkazilayotganidan bexabar ekanini, ammo bu mumkin emasligi haqida o‘qituvchilarni ogohlantirganini ma’lum qildi.
«Qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tkazilayotganidan bexabarman. Bu mumkin emasligi haqida o‘qituvchilarni 2 marta ogohlantirganman.
Maktab binosida pullik repetitorlik ham mumkin emas. Agar pul evaziga qo‘shimcha mashg‘ulot o‘tkazishmoqchi bo‘lsa, shaxsiy tarzda, boshqa joyda shug‘ullanishlari mumkin. Bu o‘qituvchilarning shaxsiy ishi, bunda soliq idoralaridan ro‘yxatdan o‘tib, qo‘shimcha daromadlari haqida deklaratsiya to‘ldirishi kerak», - dedi Ilmira Kabulova.
Avvalroq, Xalq ta’limi vazirligi qishki ta’til kunlari tugagunga qadar o‘quvchilarni bevosita maktablardagi to‘garaklar va har qanday tadbirlarga jalb etish taqiqlanishi, o‘qituvchilar maktabda Milliy o‘quv dasturlari asosida malaka oshirish kurslarida qatnashishi haqida xabar bergan edi.
Nurmuhammad Said
Mavzuga oid
10:31
Urganch va A380 trassasi o‘rtasidagi 81 km yo‘l rekonstruksiya qilinadi
21:21 / 13.11.2024
Urganchga Xitoydan 30 dona zamonaviy avtobus olib kelindi
15:37 / 07.11.2024
Xorazmda kiyim-kechak bozorida yong‘in sodir bo‘ldi
12:10 / 24.10.2024