O‘zbekiston | 07:28 / 13.01.2022
5036
3 daqiqa o‘qiladi

10 kunda tez yordamga qariyb 350 mingta chaqiriq kelib tushdi - SSV

Yanvar oyining dastlabki o‘n kunida “Tez yordam”ga qariyb 350 mingta chaqiriq kelib tushdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Foto: Kun.uz

Qayd etilishicha, so‘nggi kunlarda butun dunyoda bo‘lgani kabi respublikada ham koronavirus bilan bog‘liq epidemik vaziyat salbiy tomonga o‘zgara boshladi. Oxirgi 4-5 kunda mamlakatda kasallanish holatlari soni keskin ortgan, kunlik ko‘rsatkichlar 600 tadan oshgan. 

2022 yilning 1-10 yanvar kunlari Respublika tez tibbiy yordam xizmatiga jami 349 ming 436 ta chaqiriq kelib tushdi. Shundan tana haroratining ko‘tarilishi bo‘yicha 32 ming 400 ta, koronavirusga gumon qilingan, kasallikka chalingan va boshqa yuqumli kasalliklar bilan 1338 ta murojaat qayd etildi. 2021 yil dekabr oyi dastlabki o‘n kunligida "Tez yordam"ga murojaatlar soni 320 ming 980 tani tashkil qilgan edi.

Shuningdek, yanvar oyining ilk kunlari “103” xizmatiga bir kunda o‘rtacha 34 ming 600 ta chaqiriq qabul qilingan bo‘lsa, 9-10 yanvar kunlari murojaatlar soni biroz ortib, qariyb 37 mingtaga yetdi.

— Dunyoda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq holat juda tez o‘zgarmoqda, — deydi Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasi bosh shifokori Doniyor Bo‘riboyev. — Ayniqsa, omikron shtammi sababli vaziyat ancha murakkab. Buning ustiga yurtimizda ham ushbu xavfli mutatsiyaga chalingan ilk bemor qayd etilgani, har birimizdan karantin qoidalariga yanada e’tiborli bo‘lishni taqozo etadi.

Joriy yilning 1-10 yanvar kunlari Toshkent shahar “Tez yordam”ga jami 36 ming 925 ta chaqiriq kelib tushdi. Shundan tana haroratining ko‘tarilishi bo‘yicha 8636 ta, koronavirusga gumon qilingan, kasallikka chalingan va boshqa yuqumli kasalliklar bilan 663 nafar bemor murojaat qildi. Shuningdek, jami 5751 nafar bemor gospitalizatsiya qilindi.

O‘tgan 2021 yilning ayni shu davrida Toshkent shahar tez tibbiy yordam stansiyasiga kelib tushgan umumiy chaqiriqlar soni 20 ming 869 ta, gospitalizatsiya qilingan bemorlar esa 3385 tani tashkil qilgan edi.

Mavzuga oid