Sport | 15:40 / 13.01.2022
8117
7 daqiqa o‘qiladi

«Maqsadimiz – «Paxtakor»ni chempion sifatida saqlab qolish». Voyneski O‘zbekistondan taklif, transferlar va yangi rejalar haqida

Foto: Paxtakor FK

Bugun, 13 yanvar kuni «Paxtakor» klubining yangi bosh murabbiyi Slavche Voyneski bilan matbuot anjumani o‘tkazildi. Shimoliy Makedoniyalik murabbiy o‘zbekistonlik jurnalistlar bilan dastlabki matbuot anjumanida Toshkent klubidan qachon taklif tushgani, klubdagi maqsad va rejalari, tarkib va o‘zbek futboli haqidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Shuningdek, anjuman davomida klub sporti direktori Ja’far Irismetov ham savollarga javob qaytardi.

«Barchaga xayrli kun. Fikrlarimni ingliz tilida yetkazishimga ruxsat berasiz. «Paxtakor»dek jamoaga kelganimdan xursandman. «Paxtakor» nafaqat sovrinlar, balki har taraflama O‘zbekistondagi eng katta klub. Murabbiy uchun bunday klubda ishlash juda katta mas’uliyat. Biz Superliga, O‘zbekiston Kubogi va Superkubokda zafar quchishga intilamiz. Deyarli 40 kundan so‘ng Superkubok bilan mavsumni boshlaymiz. Chempionlar Ligasida ham yaxshi ishtirok etishga intilamiz. Sovrinlar o‘z yo‘liga, biz O‘zbekistonda eng yaxshi va hujumkor futbolni namoyish qilishimiz kerak. Yaxshi o‘ynasak, bu bilan milliy jamoaga ham yordam beramiz», - deya gap boshladi Slavche Voyneski.

«Bunyodkor»da o‘ynagan Stevitsa Ristich – shogirdim»

- «Paxtakor» va o‘zbek futboli haqida ba’zi ma’lumotlardan xabardor edim. Shogirdim Stevitsa Ristich o‘z paytida «Bunyodkor»da o‘ynaganini bilaman. So‘nggi olti oyda o‘zbek futboli haqida ko‘p ma’lumotlarni o‘rgandim. Biz hujumkor futbol ko‘rsatishga urinamiz. Yuz foiz. Biz doim hujum qilishimiz lozim. Bunga va’da beraman.

Mashg‘ulotlarda futbolchilar juda yaxshi ishlashmoqda. Sakkiz nafar o‘yinchi milliy jamoa tarkibiga jo‘nab ketgan. Yoshlar bor kuchlari bilan mehnat qilishmoqda.

Foto: Paxtakor FK

«Yana 1-2 nafar yaxshi o‘yinchi kelishi mumkin»

- Butun dunyoda koronavirus bilan bog‘liq paytda klublar rahbariyatiga oson emas. Bunday holatga moslashish kerak. «Paxtakor»dan ba’zi yetakchilar ketishdi, lekin tarkibda yaxshi saviyadagi ijrochilar jamlangan. Yana ba’zi kuchayishlar bo‘lishi mumkin. Yaxshi ishlagan taqdirimizda mavsum oxirida ijobiy kayfiyatda bo‘lamiz.

Biz futbolchilar qidirish ishlarini davom ettiryapmiz. Mavsum boshlanguncha 1-2 nafar yaxshi o‘yinchilar paydo bo‘lishi mumkin. Lekin jamoadagi yigitlar bilan ham o‘zimiz xohlagandek o‘ynashimiz mumkin. Har bir futbolchi haqida yetarlicha taassurotga ega bo‘lishim bilan aniq bir qarorga kelaman.

Bu yerga kelganimdan beri jamoaning ishlari, uni o‘rganish bilan mashg‘ulman. Kelajak rejalar haqida bosh qotiryapmiz. Rasmiy o‘yinlar futbolchilarning haqiqiy darajasini ko‘rsatib beradi. Shunda aniq xulosalarga kelish mumkin. «Paxtakor» haqida yetarli ma’lumotga egaman, lekin bevosita ishlash jarayonida fikrlarim o‘zgarishi mumkin, qandaydir o‘zgarishlarni amalga oshirarman. Ma’lum vaqtdan keyin buni ko‘rib olamiz.

Foto: Paxtakor FK

«Olti oy ilgari menejyerim «Paxtakor»da murabbiy o‘zgarishi mumkinligini aytishdi. Dekabrda esa janob Piter qolishini aytishgandi»

- Maqsadimiz - chiroyli futbol ko‘rsatish, chempion jamoani chempion sifatida saqlab qolish. «Paxtakor»ning qanday klub ekanini bilaman va bu yerga kelishda qanday bosimni bo‘ynimga olganimni bilaman.

Olti oy ilgari menejyerim «Paxtakor»da murabbiy o‘zgarishi mumkinligini aytishdi. Dekabrda esa janob Piter qolishini aytishdi. Keyin esa birdan «Paxtakor»dan qo‘ng‘iroq bo‘ldi va ishga taklif etishdi. 4 daqiqadan so‘ng esa Turkiya klubidan qo‘ng‘iroq va taklif bo‘ldi. Lekin men «Paxtakor»ga rozilik bildirib bo‘lganim sababli keyingi taklifni rad etdim. Va’da berdimmi, buni bajaraman. Faoliyatimizda eng muhimi ishning o‘zi. Moliyaviy masalalar yoki boshqa narsalar asosiy emas. Ish va jarayon - eng muhim. «Paxtakor»ga yangilik bera olaman deb hisoblayman. Hujumkor o‘yin namoyish etamiz dedimmi, buni amalga oshiramiz.

Ja’far Irismetov Hyustraning aloqaga chiqmagani, OChLdagi maqsad, Rashidov va transferlar haqida

Jurnalistlar bilan uchrashuvlar klub sport direktori Ja’far Irismetov ham bir qator masalalarda fikrlarini bildirib o‘tdi.

Foto: Paxtakor FK

- O‘tgan yili asosiy tarkibda o‘ynaganlardan Anzur Ismoilov ketdi. U juda yaxshi himoyachi va buni yo‘qotish deb aytish mumkin. Uning o‘rnini to‘ldirishga urinamiz. Murabbiy bilan bir necha variantlarni ko‘rib chiqamiz. Qolgan asosiy tarkib o‘yinchilarini saqlab qoldik. O‘lmasaliyev va Mirahmadov kabi yosh futbolchilar bilan shartnoma imzoladik. Sobirxo‘jayevni olib qolishga harakat qilyapmiz. Shuningdek, yaqin orada yana bir futbolchining safimizga qo‘shilishi hal bo‘lishi mumkin. Bu jamoamizni ancha kuchaytirgan bo‘lardi. Rashidov ayni paytda mashg‘ulotda qatnashmoqda. Murabbiyda u ijobiy taassurot qoldirdi.

Bizga yulduzlardan ko‘ra natija ko‘rsatadigan futbolchilar zarur. Aytaylik, Cheran kabi. Shunday sifatli o‘yinchilarni topishga urinamiz. Jamoaga yaxshi kirishib ketadigan futbolchilarni topish vazifamiz.

Foto: Paxtakor FK

Murabbiy bilan shartnoma bir yilga mo‘ljallangan. Mavsum davomida bu masalani ko‘rib chiqamiz. Voyneski oldiga «Paxtakor» bilan ichki musobaqalarda g‘oliblikka erishish vazifasi qo‘yilgan. Chempionlar Ligasida chiroyli futbol ko‘rsatib, guruhdan chiqishga intilamiz.

Voyneski yoshlar bilan ishlashda katta tajribaga ega. Murabbiy tanlashda aynan shuni ham hisobga oldik. Makedoniyada bu borada yaxshi faoliyat olib borgan.

Hyuistraning boshqa rejalari bo‘lgandir. U yig‘inni boshlash uchun yetib kelishi zarur paytda biz bilan aloqaga chiqmadi, - deya «Paxtakor» sport direktori Ja’far Irismetovning so‘zlarini keltirgan klub matbuot xizmati. 

Усмон Ибодов
Tayyorlagan Усмон Ибодов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid