Iqtisodiyot | 22:16 / 13.01.2022
38792
5 daqiqa o‘qiladi

“Qonun bo‘yicha ishlamoqchi bo‘lsang – o‘tga tushasan”. Ijtimoiy tarmoqda soliq qonunchiligidagi o‘zgarishlarga e’tiroz bildirildi

Ijtimoiy tarmoqlarda tadbirkorlar va xo‘jalik yurituvchi sub’yektlarning buxgalterlari soliq qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartirishlarga nisbatan e’tiroz bildirmoqda.

Foto: Fotolia

Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra, mulk solig‘i bo‘yicha 1 kvadrat metr uchun mutlaq miqdorda belgilangan minimal qiymat kiritildi. Bu – Toshkent shahrida 2,5 mln so‘m, viloyatlarda 1,5 mln so‘m. Natijada soliq to‘lovlari 2-3 baravargacha oshadi.

Shuningdek, e-ijara va e-aktiv tizimining murakkabligi, QQS zanjiri bilan bog‘liq va shu kabi bir qator o‘zgarishlar tufayli kichik va o‘rta biznesda muammolar yuzaga kelayotgani tilga olinmoqda.

Iqtisodiy tadqiqotchi Abdulla Abduqodirov bu borada keskin fikr bildirdi.

“Barcha tadbirkorlar ularning istagi bo‘yicha yashashini orzu qilgan aqllilar hali ham hukumatda yuqori lavozimlarda o‘tiribdi. Iqtisodiy blokda!

Ular hech qachon biznesda ish yuritmagan, faqat ba’zan birga choy ichadigan, chakana savdo sohasidagi yirik biznes vakillarinigina tadbirkor deb hisoblashadi, hech qachon haqiqiy ishlab chiqarish tashkil etilishining boshida turishmagan, hech qachon buxgalterlar bilan gaplashishmagan va buxgalteriya ishi to‘g‘risida hech qanday tasavvurga ega emas”, deb yozadi u.

Abduqodirovning fikricha, ular kichik va o‘rta biznes, umuman, biznes nima ekanligidan bexabar.

“Shu bilan birga, ular bajarilishi qiziqtirmaydigan qandaydir yo‘riqnomalarga imzo qo‘yish uchun o‘zlarini bilimli deb hisoblashadi. 

Ularga qanday yetib borishni bilmaysan. Yetib borsang ham foydasi yo‘q! U o‘zini qanday aqlli deb hisoblasa, seni shunday ahmoq deb hisoblaydi.

Buning natijasi – soyaga o‘tish.

Biz hech qachon o‘zgalarning xatolaridan xulosa chiqarmaymiz”, deya fikrini yakunlagan iqtisodiy tadqiqotchi.

Yana bir ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisi Liliya Nikolenko esa soliqchilikdagi salbiy o‘zgarishlarni sanab o‘tgan.

“Bir necha kundan buyon kichik va o‘rta biznesning ko‘z o‘ngimizda yo‘q qilinishi sodir bo‘lmoqda. Bilib turibmiz yoki tushunmovchilikdanmi, bilmayman.

Ammo bu soliq-hisobot mashmashasi hozir to‘xtatilmasa, bizni ulkan muammolar kutib turibdi. 

Barcha buxgalterlar va soliqchilar guruhlarining vujudi “quloqqa aylangan» va dahshatdan qichqirishmoqda. Ularni o‘qib chiqib shok holatiga tushdim.

Ma’qul yo‘li, O‘zbekiston biznesi bo‘g‘ib o‘ldirilmasidan turib petitsiya yozish. Boshqa yo‘li – noqonuniy ishlash.

Buxgalteriya tilidan oddiy tilga o‘giraman. Hammasi nima qilmang, tamom bo‘lishingizga olib keladi:

  • Ijara shartnomalarini ye-ijara tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish kerak. Ro‘yxatdan o‘tkazmasang – o‘tga tushasan.
  • Material va tovarlar, asosiy vositalarni ye-aktivda yuritish kerak. Yuritmasang – deyarli o‘tga tushasan. Iyuldan keyin butunlay cho‘kib ketasan.
  • Hisob fakturalarda haligacha unifikatsiya qilinmagan va o‘zgarib turadigan tovar va xizmat kodini albatta qo‘yish shart. Noto‘g‘ri qo‘ysang – o‘tga tushasan.
  • Shtatda 4 kishi bo‘lishi shart. Aks holda – o‘tga tushasan.
  • Ijara yoki shaxsiy mulkda 18 kv metr bo‘lishi kerak. Unday bo‘lmasa – o‘tga tushasan.
  • Qayta topshirish qonunan taqiqlanmaydigan QQS bo‘yicha hisobotni qayta topshirsang – o‘tga tushasan.
  • Muassising boshqa tashkilot direktori bo‘lgan va u yerda qandaydir qonunbuzilishlar bo‘lgan bo‘lsa – o‘tga tushasan.
  • Xizmating ularning o‘lchov birligiga to‘g‘ri kelmasa, tamomsan. Masalan, vaflini metrda o‘lcha. Xizmating donalab emas, soat va kunlarda o‘lchansa, o‘tga tushasan.
  • Kimdandir olingan va bizga moslashtirilmagan QQS zanjiri uzilishi formulasini kiritishgan - o‘tga tushasan.
  • Agar yangi kiritilgan dasturlar ishlamasa, kimdan so‘rashni bilmasang, qayta aloqa yo‘q va sen o‘tga tushasan.

Va bu barcha "o‘tga tushasan"larning ro‘yxati emas.

Buxgalteriya hisoboti va soliqlarni shu darajada cheksiz murakkablashtirishgan, «o‘tga tushish» xavflarini shu darajada ko‘paytirishganki, hozir soyaga o‘tib noqonuniy ishlagan osonroq.

Chunki yangi qonunlar bo‘yicha halol ishlaydigan bo‘lsang - o‘tga tushasan. Aniq”.

Avvalroq davlat soliq qo‘mitasi raisi Sherzod Qudbiyev dushanba kuni Soliq kodeksiga kiritilgan o‘zgarishlar bo‘yicha matbuot anjumani o‘tkazishi xabar qilingandi.

Kun.uz tadbirkorlardan muammo nimada ekani bo‘yicha izohlari va savollarini @kunuzmurojaat Telegram-manziliga yuborishni so‘raydi.

Mavzuga oid