Tomorqachilikni rivojlantirish milliy markazi tashkil etildi
Vazirlar Mahkamasi “Toshkent viloyatida tomorqachilikni rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorni qabul qildi.
Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ta’sischiligida "Tomorqachilikni rivojlantirish milliy markazi" MChJ tashkil etildi.
Quyidagilar markazning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib belgilandi:
- ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish orqali aholiga tomorqa yer uchastkalaridan yiliga kamida 3 marta hosil olishga erishishga ko‘maklashish;
- tomorqachilik yo‘nalishi bo‘yicha malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish;
- ilg‘or yutuqlardan foydalangan holda ko‘chatchilik, urug‘chilik va naslchilikni rivojlantirish, tomchilatib sug‘orishni keng joriy qilish, muqobil energiyadan foydalanish, tomorqa yer uchastkalarida baliq boqish uchun hovuzlar tashkil etish sohasida ilmiy tadqiqotlarni amalga oshirish va boshqalar.
Markazni joylashtirish uchun Yangiyo‘l tumani 1-son kasb-hunar maktabi binosining bir qismi tekin foydalanish huquqi bilan ajratildi.
Tomorqachilik klasteri faoliyatini yo‘lga qo‘yish maqsadida kasb-hunar maktabining qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan 1,24 gektar yer uchastkasi ajratib berilishi nazarda tutilmoqda.
Kasb-hunar maktabining mavjud o‘quv yo‘nalishlari doirasida budjetdan moliyalashtirish tizimi saqlab qolingan holda, tomorqachilik yo‘nalishini rivojlantirish bo‘yicha malaka oshirish kurslari tashkil etiladi. Maktabda ta’lim jarayoni va o‘quvchilarning amaliyoti Markaz bilan hamkorlikda tashkil etiladi.
Mavzuga oid
11:41 / 02.09.2024
O‘zbekiston YuNESKOning xalqaro tadqiqot markaziga a’zo bo‘ldi
13:52 / 09.08.2024
O‘zbekistonda xalqaro tayanch inklyuziv professional ta’lim markazi tashkil etiladi
07:56 / 15.09.2023
Ona va bola salomatligi markazining hududiy filiallarida qanday tibbiy xizmatlar ko‘rsatiladi?
11:06 / 15.07.2023