Sport | 16:11 / 15.01.2022
14611
18 daqiqa o‘qiladi

Angliyada chempionlik taqdiriga ta’sir qiluvchi to‘qnashuv, «Real» Superkubok uchun kurashadi. Hafta o‘yinlari anonsi

Angliya Premer-ligasining kichik tanaffusdan qaytishi, Ispaniya Superkubogi bahsi, Italiyadagi doimiy top-uchrashuvlar ushbu dam olish kunlari ham bizni zeriktirmaydi. APLda chempionlik taqdiriga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan to‘qnashuvdan tashqari, Shimoliy London derbisi ham kutib turibdi.

Foto: Getty Images

APL. 22-tur

15 yanvar (shanba)

MANCheSTeR SITI – CheLSI

O‘yin boshlanish vaqti: 17:30

TV-translatsiya: FutbolTV

Angliyada turnir jadvalining dastlabki ikki pog‘onasini egallab turgan jamoalar o‘rtasidagi bahs. Ammo oradagi farq 10 ochkoni tashkil qilmoqda, ya’ni mezbonlar g‘alaba qozonish orqali londonliklarni chempionlik poygasidan butunlay chiqarib yuborishi ham mumkin. 21 turdan so‘ng atigi 10 ochko yo‘qotgan Pep shogirdlari keyingi o‘yinlarda ko‘proq ochko yo‘qotib, «Chelsi» barcha o‘yinlarni g‘alaba qozonishiga ishonish qiyin.

«Siti» ashaddiy raqibi ustidan g‘alaba qozonish orqali, o‘tgan mavsumdagi alamlarni ham chiqarib yuborishga urinib ko‘rishi mumkin. Zero, aynan Tuxel jamoasi o‘tgan yili «Manchester Siti»ni ikki turnirdan – Chempionlar ligasi va Angliya kubogidan mosuvo qilgandi. Birinchi davradagi o‘yinda esa «Chelsi» o‘z maydonida o‘ynaganiga qaramasdan juda himoyaviy taktika tanlagan va 0:1 hisobida mag‘lubiyatga uchragandi.

Foto: Getty Images

Dekabrda bir qator o‘yinlarda kutilmagan ochkolarni yo‘qotgan bo‘lsa-da, hozir «Chelsi» ancha yaxshi kayfiyatda bo‘lishi kerak. Liga kubogi yarimfinalida «Tottenhem» ikki o‘yinda mag‘lub etildi, Angliya kubogida keyingi bosqich masalasi hal qilindi. Shuningdek, «Liverpul» bilan o‘yinda ikki to‘p farqini yo‘qqa chiqarish ham futbolchilarga ishonch taqdim etgani shubhasiz. «Shaharliklar» esa barcha musobaqalardagi g‘alabali seriyani 7taga yetkazgan, APLda esa 11 o‘yindan beri faqat 3 ochko egasiga aylanayotgan bo‘lishsa-da, so‘nggi o‘yinlar, ayniqsa «Brentford» va «Arsenal»ga qarshi bahslar biroz ishonchsiz chiqdi.

Tarkiblar borasida har ikki tomonda yo‘qotishlar bor. Afrika Millatlar kubogi munosabati bilan Riyod Mahrez va «Chelsi» darvozaboni Mendi maydonga tusha olmaydi. Shuningdek, Pep jamoasi tarkibida Zinchenko, Stounz, hamda Fodenlarning holati so‘roq ostida turibdi. «Chelsi»da uzoq muddatga safdan chiqqan Chilvel va Jyeymsdan tashqari, Chaloba jarohatlangan. Shuningdek, Andreas Kristensenda kovid aniqlanganini matbuot anjumanida Tomas Tuxel bildirib o‘tdi.

APL. 22-tur

15 yanvar (shanba)

NYuKASL – UOTFORD

O‘yin boshlanish vaqti: 20:00

TV-translatsiya: Okko

Angliya Premer-ligasi jadvalining quyi qismiga doim ham e’tibor qaratilmaydi. Ammo «Nyukasl» holatida sal boshqacha – klubni boy arab investorlari sotib oldi va bu Angliya futbolida o‘z ta’sirini ko‘rsatishi uchun, avvalo, jamoa APLda qolishni uddalashi zarur. Hozirda 19-o‘rinda borayotgan «Nyukasl» o‘z maydonida «Uotford»ni mag‘lub etsa, vaqtincha bo‘lsa-da, xavfli zonani tark etishi mumkin.

Eddi Hau boshqarayotgan jamoa mavsum davomida faqat bir marotaba, boshqa asosiy raqibi «Byornli» ustidan kichik hisobda g‘alaba qozongan, xolos. Ayniqsa, bir hafta oldin Angliya kubogidagi natija investorlarning hafsalasini pir qilgani shubhasiz. Jamoa o‘z maydonida uchinchi liga vakili «Kembrij Yunayted» qarshiligini sindira olmadi va 0:1 hisobida yutqazib, musobaqani tark etdi.

«Uotford»ning ahvoliga ham havas qilib bo‘lmaydi. Raneri shogirdlari salkam ikki oy oldin «Manchester Yunayted» ustidan 4:1 hisobida g‘alaba qozonib, Sulsherni iste’foga chiqarib yuborganidan beri jim. Manaman degan jamoalar amalga oshira olmagan ishni, ya’ni «MYu» murabbiyini ishdan bo‘shatishni uddalash «Uotford»ga mavsum uchun yetarli bo‘larmikin? Shundan beri jamoa APLda 6 o‘yinda mag‘lubiyatga uchradi, shuningdek, Angliya kubogi musobaqalaridan ham chiqib ketdi. Bu o‘yinlarda o‘z darvozasidan 20 gol olib chiqdi. «Uotford» keyingi uch o‘yinda asosiy raqiblar «Nyukasl», «Byornli» va «Norvich»ga qarshi o‘tkazadi va bu o‘yinlarda ochko olish juda zarurdir.

Mehmonlar tarkibida Afrika chempionatiga ketgan Troost-Ekong, Luza va Mesinadan tashqari, Sarr, Nkulu hamda Etobolar uzoq muddatga safdan chiqishgan. Mezbonlar tarkibida esa Hayden va Fernandeslarda jarohat, Klark va Darlouda koronavirus, Mankiloda esa diskvalifikatsiya bor.

Yana bir qiziq fakt, «Uotford» «Nyukasl» uchun o‘ta noqulay raqib sanaladi. Jamoa turnir jadvalida yuqori o‘rinlarda yurmagan bo‘lsa-da. Negadir aynan «Nyukasl» bilan o‘yinlarda ishonchli harakat qila oladi. Jamoalar o‘rtasidagi oxirgi 11 uchrashuvda faqat bir marta «Nyukasl»ning qo‘li baland kelgan. 7 o‘yinda «Uotford» g‘alaba qozonishning uddasidan chiqqan.

Balkim «Nyukasl»ning yangi transferlari – Triper va Vud kabi futbolchilar noxush an’anaga chek qo‘yishar?

APL. 22-tur

15 yanvar (shanba)

ASTON VILLA – MANCheSTeR YuNAYTeD

O‘yin boshlanish vaqti: 22:30

TV-translatsiya: FutbolTV

Raqiblar yaqinda Angliya kubogi doirasidagi bahsda «Old Trafford»da uchrashishdi. O‘yin mezbonlarning kichik hisobidagi g‘alabasi bilan yakunlangan bo‘lsa-da, «Aston Villa» iliq taassurot qoldirdi, ko‘proq hujum qildi va o‘yin nazoratini ushlab turdi. Aynan mana shu faktorlar Birminghemdagi uchrashuv yanada qiziqroq bo‘lishiga asos bo‘lishi mumkin.

Foto: Getty Images

Umumiy statistika, «Manchester Yunayted»ning Rangnik qo‘l ostidagi 7 o‘yinda atigi 1 marta mag‘lubiyatga uchragani va atigi 4 marotaba o‘z darvozasidan gol o‘tkazganini e’tiborga olsak, go‘yoki, jamoada ijobiy siljish borligi va bu ayniqsa, himoyani kuchaytirish orqali ro‘y berayotganini taxmin qilsa bo‘ladi. Lekin Rangnik boshqaruvga kelgandan keyingi raqiblar nisbatan kuchsizroq bo‘lgani va juda ko‘p o‘yinlarda De Xea qahramonlik ko‘rsatayotganini ham e’tiborga olsak, bu jamoadagi muammolar hal qilinmaganini dalolat qiladi. Bunday holatda Jyerrard qo‘l ostida tajovuzkor o‘yin ko‘rsatib turgan «Aston Villa» maydoniga safar qilish o‘ziga yarasha qiyin imtihon.

Buning ustiga, o‘tgan haftada «Aston Villa» ikki e’tiborli transferni amalga oshirdi. «Everton»dan Din, «Barselona»dan Koutino olib kelindi. O‘ziga yarasha tajribaga ega bo‘lgan bu futbolchilar jamoa yoshlari bilan birga ancha xavfli kuchga aylanishlari shubhasiz.

«Manchester Yunayted» esa bu o‘yinga yana tarkibda muammolar bilan tashrif buyurmoqda. «Old Trafford»dagi o‘yinda eng yaxshilardan biri bo‘lgan va gol muallifi Skott Maktominey hamda Lyuk Shou diskvalifikatsiya tufayli mazkur o‘yinni o‘tkazib yuboradilar. Erik Bayi va Amad Afrika kubogiga yo‘l olgan. Pogba va Marsiyal hamon tiklanish bilan band, Dalotning holati ham so‘roq ostida. Shuningdek, Rangnikning matbuot anjumanidan ma’lum bo‘ldiki, Maguayr, Ronaldu, Sancho va Jons mashg‘ulotlarga kuni kecha kelib qo‘shilgan. Ular kubok o‘yinini o‘tkazib yuborgan va murabbiy futbolchilarning bugungi o‘yinga tayyor bo‘lishlaridan umid qilmoqda.

«Aston Villa»da ham yo‘qotishlar kam emas. Traore va Trezege Afrika kubogiga ketgan. Markazdagi muhim futbolchi Jon Makginnda diskvalifikatsiya bor. Shuningdek, Leon Beyli va Eshli Yanglar ham sheriklariga yordam bera olmaydilar.

Birinchi davrada «Aston Villa» «Old Trafford»da 1:0 hisobida g‘alaba qozongan va bu jamoaning sobiq murabbiyi Din Smit uchun oxirgi g‘alaba bo‘lgandi. Aynan Birminghemda o‘tgan oxirgi o‘yinda esa, may oyida mehmonlar 3:1 hisobida irodali g‘alabaga erishishgan.

Ispaniya kubogi. 1/8 final

16 yanvar (yakshanba)

BeTIS – SeVILYa

O‘yin boshlanish vaqti: 01:30

TV-translatsiya: Match TV

La Liga yetakchilari ma’lumki, hozirda Superkubok sohibini aniqlash bilan band. Boshqa jamoalar ham dam olgani yo‘q, jumladan «Betis» va «Sevilya» o‘rtasidagi Andalusiya derbisi ko‘pchilikning qiziqishiga sabab bo‘ladi. Har ikki jamoa mavsumni ko‘tarinki ruhda o‘tkazmoqda va ishonchli tarzda top-4 dan joy olishgan. Ammo bu safargi bahs La Liga doirasida emas, o‘rtaga Ispaniya Qirollik kubogi chorak finali tikilgan.

Mazkur jamoalar aynan kubok bahslarida besh yil oldin, xuddi shu bosqichda to‘qnash kelishgandi va «Sevilya» ikki o‘yinda umumiy 6:0 hisobida g‘alaba qozongandi. Umuman Andalusiya jamoalarining kubok bahslaridagi muvaffaqiyatlariga ancha bo‘ldi. «Betis» oxirgi marta 2005 yilda ushbu sovrinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, «Sevilya»ning oxirgi yutug‘iga 11 yil bo‘ldi. Bu juftlik g‘olibi chorakfinalda «Sporting Xixon» va «Kadis» juftligi g‘olibi bilan to‘qnash kelishini hisobga olsak, jamoalar hozirdan yarimfinalni ham orzu qila boshlashlari turgan gap.

Jarohatlanganlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, mehmonlarning yo‘qotishlari kattaroq. Erik Lamela, Xesus Navas, Kunde va Susolarning o‘rni har holda, Villian Joze hamda Montoyalarning ta’siridan kattaroq bo‘lishi kerak.

O‘zaro o‘yinlarda «Sevilya» yaqqol ustunlikka ega. Oxirgi 20 o‘yinda 13 g‘alaba va 3 mag‘lubiyat. Oxirgi derbilarni oladigan bo‘lsak ham, «Betis» olti o‘yindan beri g‘alaba nimaligini bilmay kelmoqda.

APL. 22-tur

16 yanvar (yakshanba)

TOTTeNXEM – ARSeNAL

O‘yin boshlanish vaqti: 21:30

TV-translatsiya: FutbolTV/UzReportTV

«Arsenal» ushbu o‘yinni boshqa kunga qoldirishni so‘rab, APLga murojaat qildi va hali ijobiy javob olgani yo‘q. «To‘pchilar» mazkur o‘yinga zayavka qilish uchun yetarli futbolchilarga ega emasliklarini iddao qilishmoqda va bu nafaqat kovid, balki boshqa sabablar natijasida ham vujudga kelgan bo‘lishi mumkin.

Masalan, «Arsenal» Afrika kubogiga eng ko‘p futbolchi jo‘natgan jamoalardan biri hisoblanadi – El-Nenni, Pepe, Obameyang va Parti. Pepe va Obameyang shundoq ham so‘nggi o‘yinlarda tarkibdan chetda qolayotgandilar, lekin El-Nenni tarkibda aynan Partining o‘rinbosari sanaladi, maydon markazida yordam berishi mumkin bo‘lgan Granit Jaka esa diskvalifikatsiya qilingan. Bu holatga Edegorning kovid bo‘lgani, Saka, Suaresh, Smit Rou, Tomiyasu kabi asosiy tarkib futbolchilarining ham maydonga tushishlari so‘roq ostida ekanini e’tiborga olsak, juda muvaffaqiyatli yo‘lga tushib olgan «Arsenal» asosiy raqib bilan o‘yinda juda og‘ir ahvolda qolishi mumkin. Albatta, «Tottenhem»da ham yo‘qotishlar bor, lekin Son va Dayyerning yo‘qligi yuqorida sanalgan nomlar oldida u qadar katta xavf bo‘lmasa kerak.

Foto: Getty Images

Turnir jadvalida jamoalar to‘rtinchi va beshinchi o‘rinlarni egallab turishibdi. «Arsenal»da 20 o‘yindan 35, «Tottenhem»da esa 18 o‘yindan 33 ochko bor, ya’ni aslida «Tottenhem» yo‘qotilgan ochkolar bo‘yicha top-4 ga loyiqroq bo‘lib turibdi. Jamoalarning birinchi davradagi o‘yinida «Arsenal» ancha ishonchli harakat qila olgan va birinchi taymning o‘zida raqib darvozasiga uch gol urishga muvaffaq bo‘lgandi. Umuman olganda, Shimoliy London derbilarida tomonlar deyarli teng – oxirgi 27 o‘yinni oladigan bo‘lsak, har ikki jamoa 10 martadan g‘alaba qozonishgan. Aynan «Tottenhem» maydonidagi o‘yinlar esa «Arsenal» APL doirasida oxirgi marta 2014 yilda ustun kelgan ekan.

Ispaniya Superkubogi

16 yanvar (yakshanba)

ATLeTIK – ReAL

O‘yin boshlanish vaqti: 23:30

TV-translatsiya: Varzish Sport (Tj.), Futbol1 (Ukr.)

Uch yildirki, Ispaniya Superkubogi yangi formatda, to‘rt ishtirokchi o‘rtasida o‘ynalmoqda. Yarimfinalda «Real» El-Klasikoda «Barselona» ustidan 3:2 hisobida g‘alaba qozondi. «Atletik» esa Simeone jamoasini 2:1 hisobida yengdi va bilbaoliklar qatorasiga ikkinchi yil mavsumni sovrin bilan yakunlashlari mumkin. Esingizda bo‘lsa, bilbaoliklar kubok finalchisi sifatida Superkubokda qatnashib, avval «Real», keyin esa «Barselona» ustidan g‘alaba qozongandilar.

Aytish mumkinki, finalga har ikki jamoa ham deyarli jangovar tarkib bilan yetib kelishmoqda. Madridliklar safida Alabaning yo‘qligi ko‘proq sezilishi mumkin. Karvaxalda kovid aniqlangan va u ham yaqin o‘yinlarda jamoasiga yordam bera olmaydi. Basklar safida esa Kapa, Vilyalibre, Nunes, hamda Berchichelarda jarohatlar bor.

«Real» tarixda Superkubokni 12 marotaba qo‘lga kiritgan bo‘lib, bu borada «Barselona»ga yaqinlashib olish imkoniga ega. Kataloniyaliklar hisobida 17ta mana shunday sovrin bor.

Foto: Getty Images

«Atletik» ligada biroz beqaror natijalar ko‘rsatayotgan bo‘lsa-da, alohida muhim o‘yinlarda o‘zini ko‘rsata olish qobiliyatiga ega. O‘sha yuqorida eslab o‘tilgan Superkubok o‘yinidan keyin «Real» va «Atletik» Primera doirasida uch marotaba uchrashishda va hammasida «Real» g‘alaba qozondi. Balki bilbaoliklar yana Superkubokni kutishayotgandir?

A Seriya. 22-tur

16 yanvar (yakshanba)

ATALANTA - INTeR

O‘yin boshlanish vaqti: 00:45

TV-translatsiya: SportTV

Har ikki jamoa birdaniga o‘tgan mavsumdagi xususiyatlarini eslab qolishdi. «Inter» chempionlikni aynan barqarorlik bilan qo‘lga kiritgandi va hozir Indzagi shogirdlari A Seriyada qatorasiga 8 o‘yinda g‘alaba qozonishdi va bu o‘yinlarda jamoa darvozasi atigi 3 marotaba ishg‘ol qilindi, xolos. «Atalanta» esa ularni nima uchun yaxshi ko‘rib qolganimizni xotirlashdi, «Udineze»ga qarshi o‘yin gollar shousiga aylanib ketdi – 6:2.

Bundan tashqari, hafta o‘rtasidagi o‘yinlar ham har ikki jamoa uchun omadli kelganini ta’kidlash mumkin. «Atalanta» «Venetsiya» ustidan g‘alaba qozonib, Italiya kubogi chorak finali yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, «Inter» yana bir sovrin sohibiga aylandi. Ayniqsa, g‘alaba ashaddiy raqib «Yuventus» bilan o‘yinda, so‘nggi daqiqalarda qo‘lga kiritilganini e’tiborga olsak, jamoa ruhiyati va o‘ziga bo‘lgan ishonchi yanada yuqoriga ko‘tarilgan bo‘lishi tabiiy. G‘alaba goli muallifi esa Aleksis Sanches – tajribali futbolchi mavsumning qizg‘in pallasida katta sahnaga qaytayotgani ancha ijobiy holat.

Birinchi davradagi o‘yin 2:2 hisobidagi jangovor durang bilan yakunlangan. Bergamodagi so‘nggi bahsda ham g‘olib aniqlanmagan – 1:1. Jamoalar o‘rtasidagi oxirgi 8 o‘yinning 5 tasi durang bilan yakunlangani qaysidir ma’noda bu o‘yinning ham qizg‘in va murosasiz kechishidan umid qilishimizga asos bo‘ladi. «Inter» g‘alaba qozonib, «Milan» bilan farqni uzaytirishi, «Atalanta» esa agar uch ochko egasiga aylansa, «Napoli»ni quvib o‘tib, uchinchi o‘ringa qaytib olishi mumkin.

BOShQA O‘YINLAR:

15 yanvar. Kyoln – BAVARIYa (19:30), YuVeNTUS – Udineze (16 yanvarga o‘tar kechasi, 00:45) PSJ – Brest (16 yanvarga o‘tar kechasi, 01:00)

16 yanvar. LIVeRPUL – Brentford (19:00), VeST HEM – Lids (19:00), ROMA – Kalyari (22:00)

17 yanvar. MILAN – Spetsiya (22:30), Bolonya – NAPOLI (22:30).

Усмон Ибодов
Tayyorlagan Усмон Ибодов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid