O‘zbekiston | 10:34 / 17.01.2022
8766
5 daqiqa o‘qiladi

SSV Qozog‘iston bilan chegaradan o‘tish bo‘yicha cheklovlar kimlarga tatbiq etilmasligi bo‘yicha ma’lumot berdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi Qozog‘iston chegarasidan o‘tish vaqtincha to‘xtatilgani bo‘yicha izoh berdi.

Tegishli vazirlik va idoralarning taklifiga ko‘ra, Respublika Maxsus komissiyasining navbatdagi bayoniga muvofiq, 15 yanvardan O‘zbekistonning Qozog‘iston bilan chegarasini ikki davlat fuqarolari kesib o‘tishi vaqtincha to‘xtatilgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi Qozog‘iston chegarasidan o‘tish vaqtincha to‘xtatilgani bo‘yicha izoh berdi.

«So‘nggi kunlarda ushbu mamlakatda COVID-19 bilan kasallanish holatlari keskin oshmoqda. Qozog‘iston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, bu yerda birgina 15 yanvarda 13,6 ming kishida koronavirus infeksiyasi qayd etilgan. Bu 11 yanvarga nisbatan qariyb 9 ming, 14 yanvarga nisbatan esa 1,2 mingta ko‘p ko‘rsatkichdir.

O‘z navbatida, Qozog‘iston Respublikasi ham 2020 yilning mart oyidan buyon pandemiya to‘lqini kuchaygan davrlarda xuddi shu kabi taqiqlarni amaliyotda qo‘llab kelmoqda», deyiladi xabarda.

SSVning ma’lum qilishicha, Qozog‘iston bilan chegarani ikki davlat fuqarolarining kesib o‘tishi bilan bog‘liq cheklovlar quyidagi shaxslarga tatbiq etilmaydi:

  • havo yo‘llari orqali kiruvchi barcha toifadagi fuqarolar;
  • chegaradosh temir yo‘l stansiyalari va avtomobil o‘tkazish chegara punktlari orqali vataniga qaytgan O‘zbekiston va Qozog‘iston fuqarolari (keyingi o‘rinlarda tomonlarning fuqarolari deb yuritiladi);
  • hukumatlararo kurerlik aloqasi xodimlari;
  • xalqaro yuk tashishni amalga oshiruvchi haydovchilar;
  • rasmiy (hukumat) delegatsiyalari tarkibida bo‘lgan shaxslar;
  • diplomatik vakolatxonalar, konsullik muassasalari va xalqaro tashkilotlar xodimlari, shuningdek, ularning oila a’zolari;
  • Qozog‘iston hududida joylashgan O‘zbekiston obektlari, shuningdek, O‘zbekiston hududida joylashgan Qozog‘iston obektlariga xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar;
  • ushbu davlatlarda investitsiya loyihasi doirasida o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston, shuningdek, Qozog‘iston fuqarolari;
  • O‘zbekistonda doimiy yashovchi Qozog‘iston fuqarolari, shuningdek, Qozog‘istonda doimiy yashovchi O‘zbekiston fuqarolari;
  • mazkur davlatlarda ta’lim oladigan tomonlarning fuqarolari;
  • og‘ir kasal bo‘lgan yaqin qarindoshlarini ko‘rish yoki yaqin qarindoshlarining dafn marosimida qatnashish zarurati tufayli tibbiy maqsadda kiruvchi (ketayotgan) tomonlarning fuqarolari;
  • vafot etgan O‘zbekiston fuqarolarining jasadini olib borishda Qozog‘iston hududida va Qozog‘iston fuqarolarining O‘zbekiston hududida hamrohlik qilayotgan tomonlar fuqarolari.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati O‘zbekistonga xorijdan kelayotganlardan nega ekspress test olinayotgani bo‘yicha izoh bergan.

«15 yanvar kuni Toshkent shahriga uchib kelgan 3801 nafar fuqarolardan ham test sinamalari olingan. Ularning barchasida manfiy PZR testi bo‘lganligiga qaramasdan 67 nafarida musbat natija aniqlangan. O‘zbekistondagi barcha chegara punktlari orqali shu kuni 15 041 nafar fuqaro o‘tgan. Ulardan 151 nafarida koronavirusda musbat natija qayd etilgan. Bu tashrif buyuruvchilarning 1 foizini tashkil etadi», deyiladi xabarda.

Qo‘lida kasallikdan forig‘ligi haqida ma’lumoti bo‘lganlarning «nega yana qayta ekspress test topshirish kerakligi» to‘g‘risidagi savollariga SES quyidagicha javob bergan: «Lekin ko‘rib turganingizdek, PZR test topshirgan insonlarda ham virus aniqlanmoqda. Bu esa, kasallik yanada «ayyorlashib», yashirin ko‘rinishga kirib borayotganidan dalolat. Bunday holatda yurtimizga kirib keluvchi har bir fuqaroni koronavirusga eksperss-antigen test topshirtirib qabul qilish eng to‘g‘ri yo‘ldir».

Kasallik aniqlangan fuqarolar holatiga qarab uy sharoitida yoki shifoxonada davolanishga jo‘natilmoqda. Uy sharoitida davolanishi kerak bo‘lganlarga aeroportning o‘zida bepul 4 xildagi dori-darmon berilmoqda.

«Vaqtincha joriy etilgan bu tartib koronavirus infeksiyasini yuqtirgan fuqarolarni tezkor aniqlash, davolash va infeksiya tarqalishining oldini olishga xizmat qiladi», deyiladi xabarda.

Fuqarolardan «mazkur chora-tadbirlarni to‘g‘ri qabul qilib, o‘z fuqarolik burchini anglash va mamlakat hududida koronavirus pandemiyasining yangi to‘lqini ko‘tarilmasligi uchun hissa qo‘shish»ni so‘ragan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid