Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yuzlab maktablar Xalq ta’limi vazirligi tizimidan chiqarilib, Prezident ta’lim muassasalari agentligiga o‘tkaziladi
Endi O‘zbekistonda yangi tashkil etiladigan ixtisoslashgan maktablar Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida bo‘ladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida ixtisoslashtirilgan maktablarda ta’lim va tarbiya sifatini tubdan oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev Prezident ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyatini tahlil qilar ekan, hozirgi kunda xalq ta’limi tizimida ixtisoslashgan maktablar soni 790 taga yetganini ta’kidlagan. Jumladan, xorijiy tillar bo‘yicha 207 ta, matematika va fizika bo‘yicha 126 ta, IT bo‘yicha 99 ta, kimyo-biologiya fanlari bo‘yicha 87 ta maktab faoliyat ko‘rsatmoqda.
Ushbu maktablarning faqat 135 tasi to‘liq ixtisoslashgan va internat maqomiga ega. Qolgan 655 ta maktabdagi 25 foiz sinflarda u yoki bu fanlar chuqur o‘rgatiladi.
«Shu bilan birga, ushbu 655 ta ixtisoslashgan maktabda ta’lim dasturi, o‘quv darsliklari, o‘qitish metodikasi, fan to‘garaklari oddiy maktablardan deyarli farq qilmaydi.
Misol uchun, matematika yoki chet tiliga ixtisoslashgan sinflarda qolganlarga nisbatan 2 soat ko‘proq maxsus fan o‘tiladi xolos», deydi davlat rahbari.
Qayd etilishicha, 2025 yilga qadar yalpi ichki mahsulotni 100 milliard dollarga yetkazish va eksport hajmini 30 milliard dollardan oshirish reja qilingan.
«Buning uchun, eng avvalo, hozirgi zamon talablariga mos keladigan va zarur bilimlar bilan qurollangan, mantiqiy fikrlaydigan, liderlik qobiliyatiga ega bo‘lgan vatanparvar yosh avlodni tayyorlashimiz kerak», degan prezident.
Shu munosabat bilan soha mutasaddilari va viloyat hokimlariga ishni quyidagi yo‘nalishlarda tashkil etish topshirilgan:
- yangi o‘quv yilidan boshlab, viloyat markazlaridan, katta shahar va tumanlardan 2 tadan, tuman va shaharlardan 1 tadan ixtisoslashgan maktablar Xalq ta’limi vazirligidan Prezident ta’lim muassasalari agentligiga o‘tkaziladi;
- tuman va shaharlardagi sanoat va qishloq xo‘jaligining rivojlanganligi, bu hududlarda azaldan kuchli o‘qitilgan fanlardan kelib chiqib, maktablar ixtisoslashishi kerak;
- bundan buyon ixtisoslashgan maktablar Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimida tashkil etiladi.
Ixtisoslashgan maktabning 9-sinf o‘quvchilari kamida bitta xorijiy til sertifikatini olishi belgilandi.
Qayd etilishicha, bunday maktablarda o‘quvchilar xalqaro ta’lim dasturlari asosida zamonaviy o‘quv darsliklari bilan ta’minlanadi. 9-sinfga kelib o‘quvchilar kamida 1 ta xorijiy til bo‘yicha milliy va xalqaro sertifikat olishlari ta’minlanadi.
Shuningdek, yuqori sinf o‘quvchilarining bevosita korxonalarda amaliyot o‘tashi tizimi joriy qilinadi. Maktablarga ixtisosligidan kelib chiqib Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot institutlari va oliygohlarning kafedralari biriktiriladi.
«Umuman, ixtisoslashgan maktablar ta’lim, ilm va amaliyotni o‘ziga qamrab olgan yagona klaster doirasida faoliyat yuritishi kerak», degan prezident.
Mavzuga oid
20:48 / 09.10.2024
Buxoroning yangi aeroporti soatiga 8 ta samolyotga xizmat ko‘rsatadi
21:49 / 08.10.2024
Mirziyoyev MDH sammitida ko‘ptomonlama hamkorlik barcha yo‘nalishlarda rivojlanganini yuqori baholadi
19:31 / 06.10.2024
Shavkat Mirziyoyev Rossiyaga boradi
16:30 / 01.10.2024