«Kelayotgan bemorlarning 90-95 foizida o‘pka zararlanishi kuzatilmayapti» - Zangiota shifoxonasi direktori
Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov koronavirusning yangi turi oldingi delta va «britancha» shtammlariga nisbatan biroz yengil o‘tayotganini ma’lum qildi.
SSV matbuot xizmati xabariga ko‘ra, ayni paytda muassasada koronavirusga chalingan 1300 nafardan ziyod bemor davolanmoqda. So‘nggi kunlarda aholi orasida kasallanish holatlari ko‘p kuzatilayotgani bois, 5 yanvardan shifoxonaga murojaat qilayotgan bemorlar soni ham keskin oshgan.
«Hozirda muassasamizga o‘rtacha kuniga 300-400 nafar bemor murojaat qilib, shundan 200-300 nafari gospitalizatsiya qilinyapti. Vaholanki, yanvar oyining to‘rtinchi sanasiga qadar kuniga 65-70 ta murojaat bo‘lib, shundan 70 foiz bemor davolanishga yotqizilgan», — deydi shifokor.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda muassasaga murojaat qilayotganlarning aksariyati yengil darajadagi bemorlarni tashkil qilmoqda. Ularda kasallik asosan, isitma, bo‘g‘imlarda og‘riq, bosh og‘rig‘i, holsizlik kabi oddiy respirator belgilar bilangina namoyon bo‘lyapti.
«Qolaversa, 5 yanvardan boshlab shifoxonaga kelayotgan 90-95 foiz bemorda saturatsiyaning pasayishi va o‘pkaning zararlanishi kuzatilmayapti. Virusning jiddiy asoratlar bilan kechishi nisbatan kam. O‘pkada zararlanish deyarli kuzatilmayapti», — deya qayd etadi Anvar Husanov.
Shuningdek, davolanish muddati esa qisqarib, o‘rtacha 5 kunni tashkil qilmoqda. Og‘ir ahvoldagi bemorlarni davolashda ishlatiladigan virusga qarshi «Remdesivir» va boshqa dori vositalariga bo‘lgan ehtiyoj kamaygan.
«Natijada bugungi kunda 190 o‘ringa mo‘ljallangan jonlantirish bo‘limida davolanayotgan bemorlar soni sezilarli darajada qisqardi. Vaholanki, delta shtammi avj olgan o‘tgan yil yoz oylarida reanimatsion bo‘limlarda bemorlar soni ancha ko‘p edi», — deydi u.
Shu sababli Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori fuqarolarni ortiqcha sarosimaga berilmaslikni, zarurat bo‘lmaganda yuqumli kasalliklarni davolash muassasalariga bormaslikni, agar o‘zlarida kasallik belgilarini sezsa, darhol oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga, poytaxt aholisi esa Toshkent shahrining 12 ta tumanida tashkil etilgan maxsus poliklinikalarga murojaat qilishlarini so‘ragan. Shuningdek, u bevosita koronavirusga chalingan bemorlarni davolayotgan amaliyotchi shifokor sifatida barchani kasallikka qarshi emlanishga, agar vaksina olgan bo‘lsa, buster dozalarini olishga chaqirgan.
Mavzuga oid
14:18
Zangiotada 14 mlrd so‘mlik gazdan noqonuniy foydalangan issiqxona aniqlandi
10:20 / 30.10.2024
Zangiotada gazdan noqonuniy foydalangan shaxslar ushlandi
10:04 / 27.08.2024
Zangiotada harakatlanib ketayotgan Damas yonib ketdi
14:32 / 25.07.2024