O‘zbekiston | 19:22 / 20.01.2022
48507
4 daqiqa o‘qiladi

«Bizga rulni berishsa bo‘ldi…» – Magnitolasiz avtomobillar xabariga ijtimoiy tarmoqlar qanday reaksiya qildi?

19 yanvar kuni UzAuto Motors kompaniyasi navbatdagi bayonoti bilan shov-shuv keltirib chiqardi. Ma’lum qilinishicha, 19 yanvargacha tuzilgan shartnomalar bo‘yicha Lacetti va Cobalt avtomobillari mijozlarga magnitolasiz yetkazib beriladi.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Magnitolasiz ishlab chiqariladigan avtomobillar haqidagi xabar monopolning xurmacha qiliqlariga o‘rganib qolgan jamoatchilikning «kun mavzusi»ga aylandi. Kun.uz ijtimoiy tarmoqlarda shu mavzularda yozilgan postlarni jamladi.

Huquqshunos va bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev «bu ketishda bora-bora mashinalar yuqoridagi rasmdagi kabi sotiladimi deyman», deya avtomobil korpusining rasmi bilan post qo‘ydi.

«Rais buva» kanali muallifi esa boshqa taklif yo‘qligi tufayli kompaniya avtomobilni o‘rindiqlarsiz sotsa ham xalq baribir sotib olishi haqida yozgan va buni iqtisodiyotning «o‘zbekcha modeli» deya atagan.

Karikaturachi ushbu mavzuga bag‘ishlangan yana bir postida UzAuto Motors’dan magnitofon o‘rniga bitta elektr choynak o‘rnatib chiqarishni iltimos qilgan. «Gazga navbatda turganda choy-poy damlab turardik-da», deyiladi hazilomuz postda.

Mavzuga bog‘lab O‘zbekistondagi avtomobil sanoatini parodiya qilgan ushbu hazilga shunchaki «no comment» deyish mumkin.

Yarim yildan buyon O‘zbekistonda blokdan bo‘lishiga qaramay senatorlar-u, vazirlar foydalanayotgan tvitterda ham mavzuda qiziqarli munosabatlar bildirildi. «Bizga rulni berishsa bo‘ldi, qolganini o‘zimiz eplab olamiz. Hurmat bilan oddiy xalq», deyiladi tvitlardan birida.

Yana bir tvitter foydalanuvchisi esa magnitola uchun siqilayotganlarning ko‘pchiligi inson hayoti uchun muhim bo‘lgan xavfsizlik yostiqchasi bo‘lmagan avtomobillarni haydab yurganini eslatgan.

Karikaturachi Habikatura ham mavzuga mos rasm chizgan. «Ishqilib, mashinalarni tormozsiz chiqarishmasa bo‘ldi, «buniyam o‘zlaring qo‘yvorarsizlar deb» deya izoh qoldirgan u.

Foto: Lada

«Xushxabar»dan raqobatchilar ham foydalanib qolishmoqda…

O‘zbekistondagi GM avtomobillarini eng ayovsiz tanqidchisi bloger Umid G‘afurov avtomobillarda magnitola yo‘qligining eng kulgili va eng achinarli tomoni odamlar baribir bunday mashinalar uchun navbatda turishi ekanligini yozgan.

«Ha, bizda o‘zidan ketgan ishlab chiqaruvchi monopolist bor. Ammo odamlarimizning o‘zida ham ko‘p gap bor. Navbatda turishadi. Bir yil oldin to‘laydilar. Yangi mashina bo‘lsa ham darhol servisga olib borish oddiy holga aylangan», deydi bloger.

Jurnalist Shuhrat Shokirjonov esa avtomobillarni magnitolasiz berishni rejalashtirayotgan kompaniyaga obunachilaridan kelgan kesatiqli iltimosni yozib qoldirgan.

«Bir iltimos bor edi: g‘ildiraksiz berishni ham tashkil qilsinlar, baribir sotib olgandan keyin balonlarni salondan chiqmasdan pishiqrog‘iga almashtirishyapti. Zavodga yordam bo‘ladi, harnada...»

UzAuto Motors ushbu vaziyatdan chiqish uchun magnitolasiz avtomobil xaridorlariga ikkita variant taklif qilgan: magnitola puli qaytarib beriladi, xaridorlar o‘zi bozordan sotib olib o‘rnatadi yoki keyinchalik zavodga magnitola kelsa, tekin o‘rnatib beriladi. Lekin rasmiy xabarda qaytarib beriladigan summa, ya’ni magnitola puli qancha bo‘lishi aytilmagan. 

Avvalroq, UzAuto Motors shartnoma bo‘yicha 2021 yil noyabr-dekabr oylarida avtomobil olishini kutayotgan mijozlarga avtomobillari yana 2 oy o‘tib yetkazib berilishini ma’lum qilgandi.

Shuningdek, kompaniya o‘tgan yilning 5-17 dekabr kunlari ishlab chiqarilgan Nexia, Cobalt va Lacetti avtomobillarini chaqirib olgandi. Bu avtomobillarning orqa oyna isitish tizimini tekshirish zarurati bilan bog‘liqligi aytilgan.

Mavzuga oid