O‘zbekiston | 09:35 / 20.01.2022
1834
2 daqiqa o‘qiladi

Jizzaxda hokim qarori bekor qilinib, fermerning yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi tiklandi

Foto: Kun.uz

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanida hokim qarori bekor qilinib, fermerning yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi tiklangan. Bu haqda Biznes ombudsman vakili xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, “FARM” fermer xo‘jaligi Sharof Rashidov tumani hokimligining xatti-harakatidan norozi bo‘lib Biznes ombudsmanga murojaat qilgan.

Murojaatda aytilishicha, tadbirkorga Sh.Rashidov tuman hokimining qarori bilan jami 43,6 gektar yer maydoni ajratilib, fermer xo‘jaligi tashkil etilgan. Keyinchalik tuman hokimining qarori bilan fermer xo‘jaligiga faoliyati uchun qo‘shimcha 20 sotix yer uchastkasi ajratilgan. Biroq tuman prokuraturasining hokimlikka kiritgan protestiga asoslanib, fermer xo‘jaligiga 20 sotix qo‘shimcha yer uchastkasini ajratish to‘g‘risidagi qaror hokimlik tomonidan to‘g‘ridan to‘g‘ri bekor qilingan.

Mazkur murojaat Biznes ombudsman devonida o‘rganilganda prokuror protestini ko‘rib chiqqan holda fermer xo‘jaligiga nisbatan qo‘shimcha yer uchastkasini ajratish to‘g‘risidagi qarorini bekor qilishda hokimlik tomonidan ma’muriy tartib-taomillarga rioya etilmagani aniqlangan.

Shunga ko‘ra, Biznes ombudsman tomonidan Jizzax tumanlararo ma’muriy sudiga fermer manfaatida shikoyat arizasi kiritilgan. Sud qarori bilan Sharof Rashidov tumani hokimining fermer xo‘jaligining tegishli yer uchastkasini olib qo‘yish to‘g‘risidagi qarori haqiqiy emas deb topilgan.

Mavzuga oid