O‘zbekiston | 08:42 / 24.01.2022
2731
2 daqiqa o‘qiladi

Donor qonini to‘plashni xususiy tartibda amalga oshirish bo‘yicha taqiq bekor qilinadi

Foto: Andrey Lyubimov

“2022–2026 yillarda respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan quyidagilar bekor qilinadi: 

  • donor qonini to‘plash va uning asosida farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarishni xususiy tartibda amalga oshirishga taqiq; 
  • dori vositalarining klinik tadqiqotlarini sog‘lom ko‘ngillilarda o‘tkazishga cheklov;
  • tarkibi bir xil bo‘lgan dori vositalarini bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli savdo nomlari ostida ishlab chiqarishga cheklovlar.

Farmatsevtika tarmog‘i va respublika sog‘liqni saqlash tizimidagi tashkilotlarni zarur amaliyotlar (GxP) talablariga muvofiq majburiy sertifikatlash muddatlari 2024 yil 1 yanvargacha uzaytiriladi.

2022 yil 1 fevraldan mahalliy ishlab chiqaruvchi tashkilotlarning farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazish xarajatlarining 75 foizi ular ro‘yxatdan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan so‘ng Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasidan qoplab beriladi.

2023 yil 1 yanvardan farmatsevtika mahsulotlari bo‘yicha davlat xarid tanlovlarida faqatgina “Zarur ishlab chiqarish amaliyoti (GMP)” standartlari asosida dori vositalarini, “ISO:13485” standartlari asosida tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani ishlab chiqarishni tashkil etgan tashkilotlar va “Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” standartlarini joriy etgan ulgurji savdo tashkilotlari qatnashishiga ruxsat beriladi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid