O‘zbekiston | 19:45 / 26.01.2022
8029
2 daqiqa o‘qiladi

2021 yilda aholini koronavirusga qarshi emlash qanchaga tushgani ma’lum bo‘ldi

2021 yil davomida o‘zbekistonliklarni koronavirusga qarshi emlash uchun 224 mln dollar ajratilgan. Bu, bosh vazir o‘rinbosariga ko‘ra, qariyb 32 million doza vaksinaga yetadigan mablag‘dir. 2021 yilda koronavirusga qarshi kurashish uchun ajratilgan mablag‘ning 56 foizi vaksinatsiya hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lishi mumkin.

Foto: Sog‘liqni saqlash vazirligi

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov 2021 yildagi vaksinatsiya jarayonlari uchun ajratilgan mablag‘ yuzasidan hisobot berdi.

“Mamlakatimizda koronavirus infeksiyasiga qarshi emlash tadbirlari uchun 224 million dollar ajratildi, bu qariyb 32 million doza vaksinaga yetadigan mablag‘dir”, – dedi Qo‘chqorov 26 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi yalpi majlisida.

2020 yil oxirida moliya vaziri Timur Ishmetov 2021 yilda koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari va vaksina sotib olish xarajatlari uchun 3 trillion so‘m ajratilishini aytgandi.

Biroq 2021 yilgi Davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunda koronavirusga qarshi kurash tadbirlari va vaksina xarid qilish uchun 4 trillion 266 mln so‘m (qariyb 395 million dollar) ajratilishi ko‘zda tutilgan. Demak, 2021 yilda budjet qonuniga kiritilgan (hammasi bo‘lib 3 marta xarajatlar oshirildi) o‘zgartirishlardan keyin koronavirus tadbirlari uchun mablag‘ rejasi o‘zgargan.

Ko‘rinadiki, 2021 yildagi koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari uchun ajratilgan mablag‘ning 56 foizi aholini emlashga sarflangan bo‘lishi mumkin.

Mavzuga oid