O‘zbekiston | 18:32 / 26.01.2022
3480
3 daqiqa o‘qiladi

«Inson qadri uchun – 100ta maqsad» belgilab olindi – prezident

Taraqqiyot strategiyasida 7 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha, «Inson qadri uchun – 100 ta maqsad» belgilab olindi. Joriy yilning o‘zida umumiy qiymati 55 trillion so‘m va 11,7 milliard dollarlik 398 ta chora-tadbirni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Taraqqiyot strategiyasida 7 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha, «Inson qadri uchun – 100 ta maqsad» belgilab olindi. Bu haqda 26 yanvar kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

«2022 yilga mo‘ljallangan Davlat dasturi loyihasining muhokamasi fuqarolarimiz bilan «ochiq muloqot» shaklida o‘tkazilib, xalqimiz tomonidan keng qo‘llab-quvvatlandi.

Muhokama jarayonida aholidan 17 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi. Ularning barchasi yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rganildi, bir-biriga yaqin takliflar umumlashtirilib, dastur loyihasi 300 dan ortiq yangi tashabbuslar bilan to‘ldirildi.

Misol uchun, fuqarolarimiz bildirgan:

- mahallalarda Ish markazlarini tashkil etish, mahallada hokimlar, sektor rahbarlarining onlayn qabulini o‘tkazish;

- davlat va jamiyat hayotida faol ishtirok etgan fuqarolarni rag‘batlantirish;

- har bir mahallani rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish;

- aholi kayfiyatini sotsiologik so‘rovnomalar orqali o‘rganib borish;

- yoki uzoq hududlardagi maktablarga avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yish kabi takliflar bizga ayniqsa ma’qul bo‘ldi.

Umuman, Taraqqiyot strategiyasida 7 ta ustuvor yo‘nalish bo‘yicha, «Inson qadri uchun – 100 ta maqsad» belgilab olindi.

Ushbu maqsadlarga erishish uchun joriy yilning o‘zida umumiy qiymati 55 trillion so‘m va 11,7 milliard dollarlik 398 ta chora-tadbirni amalga oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Barcha sa’y-harakatlarimiz, ajratilayotgan mablag‘lar mahalla va xonadonlargacha aniq yetib borishi va har bir oila farovonligini oshirishga xizmat qilishi shart.

Bundan buyon faoliyatimizni mutlaqo yangicha, ya’ni «inson–jamiyat–davlat» tamoyili asosida tashkil etamiz.

Jumladan:

- mahallani jamoatchilik boshqaruvi va nazoratining tayanch bo‘g‘iniga aylantirish;

- xalq bilan muloqot mexanizmlarini takomillashtirish;

«Obod qishloq», «Obod mahalla» va boshqa hududiy dasturlarni, jamoatchilik fikri asosida ishlab chiqish;

- davlat organlarini «mahallabay» ishlash tizimiga o‘tkazish;

- elektron davlat xizmatlarining ulushini amaldagi 54 foizdan 90 foizga yetkazish.

- shuningdek, xalqimiz bilan muloqotni yanada kuchaytiramiz. Shu maqsadda Xalq qabulxonalari tizimi takomillashtiriladi.

«Ijtimoiy fikr» markazi faoliyati takomillashtirilib, alohida Sotsiologiya instituti tashkil etiladi.

Bu juda muhim ahamiyatga ega, chunki, islohotlarimizning natijalari, amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar va aholining kayfiyati avvalo joylarda, birinchi navbatda mahallada yaqqol seziladi. Shu ma’noda, bunday so‘rovnomalarni jamiyat hayotining ijtimoiy barometri deb́ atash mumkin», – dedi davlat rahbari.

Аброр Зоҳидов
Tayyorlagan Аброр Зоҳидов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid