Jahon | 12:02 / 27.01.2022
33919
13 daqiqa o‘qiladi

Bundan og‘ir holatlar ham ko‘p bo‘lgan: tarixdagi eng yirik blekautlar

25 yanvar kuni Markaziy Osiyoning uch davlati – O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Qozog‘istonning umumiy hisobda 40 milliondan ziyod aholisi elektr ta’minotidan uzilib qoldi. Bungacha bu kabi holatlar dunyoning boshqa mamlakatlari, jumladan AQShda ham kuzatilgan.

Nyu-Yorkdagi 1977 yilgi blekaut. Photo by Allan Tannenbau

25 yanvar kuni O‘zbekistonning deyarli barcha hududlarida, Qirg‘izistonning Norin, Bishkek, O‘sh va Issiqko‘l, Qozog‘istonning Olmaota, Chimkent, Taroz, Jambil va Turkiston viloyatlarida elektr ta’minotidan uzilish holati kuzatildi. Bu esa ushbu hududlardagi jami 40 milliondan ziyod aholi hayotiga jiddiy ta’sir ko‘rsatgan.

Qayd etish kerakki, ushbu holat ko‘lami jihatdan tarixdagi eng yirigi emas. Bu kabi blekautlar o‘z vaqtida AQSh, Kanada va Italiya kabi dunyoning rivojlangan mamlakatlarida ham yuz bergan.

Umuman olganda, «blekaut» atamasi paydo bo‘lish tarixi o‘tgan asrning ikkinchi yarmiga borib taqaladi. 1965 yilning 9 noyabr kuni AQSh va Kanada energiya tizimida nosozlik yuz berishi oqibatida Qo‘shma Shtatlarning 7ta shtatida, Kanadaning ikki provinsiyasida elektr ta’minoti uzilib, bundan 30 million kishi jiddiy zarar ko‘radi.

1977 yil 13 iyul kuni Nyu-Yorkdagi «Qo‘rqinchli tun» esa 2003 yilgacha global energetika sanoatidagi eng yirik favqulodda hodisa sifatida ko‘rib kelingan. Chaqmoq urishi oqibatida ikkita asosiy elektr tarmog‘i ishdan chiqadi va shahar 25 soat davomida elektr energiyasiz qoladi. Natijada Nyu-York ko‘chalari o‘g‘ri-talonchilarga to‘lib ketadi. Politsiya 3700 nafarga yaqin odamni hibsga oladi, 2 mingdan ortiq do‘kon talon-toroj qilinadi. Tahlillarga ko‘ra, o‘sha paytda yetkazilgan zarar hozirgi narxlarda milliard dollar atrofida bo‘lgan.

Photo by NY Daily News Archive via Getty Images

Shu tariqa, tizimidagi nosozliklar sabab yirik hudud aholisining ma’lum vaqt davomida elektr energiyasi ta’minotidan uzilib qolishini anglatuvchi «blekaut» atamasi paydo bo‘lgan.

Quyida ko‘lami bo‘yicha dunyodagi eng yirik elektr ta’minotidan uzilish holatlari haqida ma’lumot keltiriladi.

Hindiston, 2012 yil 30-31 iyul (700 millionga yaqin kishi jabrlangan)

Foto: Reuters

2012 yilning iyul oyi oxirida Hindiston dunyodagi eng yirik, o‘z tarixidagi ikkinchi blekautni boshidan kechirdi. Bu mamlakat shimoli va sharqidagi 28 shtatdan 22 tasida yashovchi 700 millionga yaqin odamga ta’sir ko‘rsatgan. Yirik avariya natijasida mamlakatda elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati 38 foizgacha qisqarib ketadi.

1 avgustga qadar aksariyat hududlarda elektr ta’minoti tiklangan bo‘lsa-da, bu bir qancha noxush oqibatlarni keltirib chiqargan. Masalan, harakatlanayotgan 300ta poyezd to‘xtab qolgan, bir necha yuzlab konchilar esa singan liftlar tufayli shaxtalarda qamalib qolgan.

Taxminlarga ko‘ra, yirik nosozlikka Nyu-Dehlida yoz o‘ta issiq kelgani tufayli elektr energiyasi iste’moli ko‘paygani sabab bo‘lgan, chunki bu yerda musson mavsumi odatdagidan kechroq boshlangan. Energiya uzilishi Panjob va Haryana shtatlarida sholi dalalarini sug‘orish uchun zarur bo‘lgan nasoslar ham ishdan chiqishiga olib kelgan.

Hindiston, 2001 yil 2 yanvar (230 million kishi jabrlangan)

Ikkinchi eng yirik elektr quvvatidan uzilish holati ham Hindistonda yuz bergan. 2001 yil boshida Uttar-Pradesh elektr stansiyasida avariya yuz beradi, buning oqibatida mamlakatning shimoliy hududlaridagi 6 shtatda elektr ta’minoti bilan bog‘liq muammolar yuzaga keladi.

Mamlakat aholisining chorak qismi (230 million kishi, 2001 yil holatiga ko‘ra) istiqomat qiluvchi Nyu-Dehli shahri deyarli 12 soat davomida qorong‘ilikda qoladi. 15 soat davomida 80 ga yaqin elektr poyezdlari harakatdan to‘xtaydi, zaxira generatorlari bo‘lmagan shifoxonalarda esa oldindan rejalashtirilgan yirik va murakkab operatsiyalar keyinga qoldiriladi.

Pokiston, 2021 yil 9 yanvar (200 million kishi jabrlangan)

Foto: AFP

2021 yilning 9 yanvar kuni 200 milliondan ortiq pokistonlik elektr energiyasisiz qoladi. Mamlakatning 114ta shahrida elektr ta’minoti butunlay uziladi. Taxminlarga ko‘ra, bunday ommaviy uzilishga elektr energiyasini taqsimlash tizimidagi texnik nosozlik sabab bo‘lgan.

Mamlakat rasmiylari esa nosozlik milliy elektr taqsimlash tizimidagi quvvatning keskin pasayishi (nolgacha) tufayli yuzaga kelganini ta’kidlashgan.

Bangladesh, 2014 yil 1 noyabr (150 million kishi jabrlangan)

archive.dhakatribune.com

Hindistonning qo‘shnisi Bangladeshda 2014 yilning 1 noyabr kuni sodir bo‘lgan voqea butun mamlakat aholisini 10 soat davomida svetsiz qoldiradi. Bunga Bheramardagi elektr stansiyasida yuzaga kelgan nosozlik va Hindistondan elektr energiyasi olib keluvchi elektr uzatish liniyasi ishlamay qolgani sabab bo‘lgan.

Bu mamlakatdagi barcha zavodlar ishi to‘xtab qolishiga olib keladi, kasalxonalar va aeroportlar esa generatorlar tufayli ishlashga o‘tadi. Baxsiz hodisa oqibatlarini bartaraf etish uchun deyarli bir kun vaqt ketadi.

Pokiston, 2015 yil 25 yanvar (140 million kishi jabrlangan)

Pokiston tarixidagi ikkinchi yirik blekaut 140 million odamni svetdan mahrum qiladi. Bu mamlakat aholisining 80 foizini (2014 yilgi ma’lumotlarga ko‘ra) tashkil qilgan.

Yirik nosozlikka sabab sifatida siyosiy omillar keltirib o‘tilgan. Janubi-g‘arbiy Belujiston viloyatida mustaqillik talab qilib chiqqan namoyishchilar ikkita elektr uzatish minorasini portlatib yuboradi. Natijada mamlakatdagi elektr stansiyalarining aksariyati ishlamay qoladi va ishlab chiqarish quvvati odatdagi 9000 MVt.dan 600 MVt.gacha pasayib ketadi.

Islomobod va Karachi kabi yirik shaharlarga elektr ta’minoti tezlik bilan keyingi kuni tiklangan bo‘lsa-da, nosozliklarni to‘liq bartaraf etish uchun bir haftadan ortiq vaqt talab etiladi.

Indoneziya, 2019 yil avgust (120 million kishi jabrlangan)

2019 yil avgust oyida Indoneziyaning Yava oroli ham elektr ta’minotidagi yirik uzilishlarni boshdan kechirdi va bu 120 million odamga ta’sir ko‘rsatgan.

To‘qqiz soatlik elektr ta’minotidagi uzilish transport tizimiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Avtobuslar harakatlanish uchun yagona jamoat transport turi bo‘lib qoladi. Shuningdek, orolliklar telefon aloqasi va internetsiz ham qolishadi. Bu Indoneziya orollaridagi birinchi blekaut bo‘lmagan. 2005 yil avgust oyida ham Bali va Yava orolida 100 millionga yaqin odam svetsiz qolgandi.

Braziliya, 1999 yil 11 mart (97 million kishi zarar ko‘rgan)

1999 yilda quvvati jihatidan dunyodagi eng yirik GESlardan biri bo‘lgan Itaypu chaqmoq urishi tufayli o‘chib qoladi. Buning oqibatida esa 160 million braziliyalikdan 97 millioni elektrsiz qolgan. Shu bilan birga, 60 mingga yaqin metro yo‘lovchisi poyezdlarga qamalib qoladi.

Quvvatni tiklash uchun bir necha hafta kerak bo‘ladi. Bu vaqtda talonchiliklarni to‘xtatish uchun Rio-de-Janeyroga 1200 nafar politsiyachi safarbar etilgan.

Muvaffaqiyatsizlikdan so‘ng mutaxassislar Braziliyaning energetika infratuzilmasi o‘ta zaif degan xulosaga kelishadi. Bunga mamlakatni elektr energiyasi bilan ta’minlashning GESlarga haddan tashqari bog‘lanib qolgani, muqobil elektr uzatish yo‘llari mavjud emasligi, bitta inshootda nosozlik bo‘lsa, bu butun tizimni ishdan chiqarishi mumkinligi kabi omillar asos sifatida keltirilgan.

Turkiya, 2015 yil 14 aprel (70 million kishi jabrlangan)

www.businesstimes.com.sg

2015 yilning aprel oyida Turkiyaning uchta elektr stansiyasi birdaniga ishdan chiqadi. Avariya mamlakat hududining salmoqli qismiga, jumladan, Anqara, Istanbul, Antaliya, Trabzon va boshqa viloyatlarga ta’sir ko‘rsatadi.

SNN Turk telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatdagi 81 viloyatdan 30 tasi elektr energiyasidan qisman yoki to‘liq uzilgan. 70 millionga yaqin aholi 10 soatga yaqin vaqt davomida elektrsiz qoladi. Bu vaqtda jamoat transporti , zavodlar va hatto davlat idoralarida ham ish to‘xtagan.

Turkiya energetika vaziri Taner Yildiz avariyaga elektr uzatish liniyalaridagi nosozliklarni sabab qilib ko‘rsatgan bo‘lsa-da, kiberhujum versiyasi ham inkor etilmagan.

Braziliya, 2006 yil 10 noyabr (60 million kishi jabrlangan)

www.britannica.com

Elektr toki o‘chirilishiga yomon ob-havo va yuqori voltli elektr uzatish liniyalaridagi qisqa tutashuv sabab bo‘lgan. Natijada Braziliya shtatlarining deyarli to‘rtdan uch qismi (26 dan 18 tasi) elektr energiyasidan mahrum bo‘ladi. Umumiy yo‘qotish 28 GVt.ni yoki Braziliyaning o‘sha paytdagi jami energiya iste’molining yarmidan sal kamrog‘ini (45 foiz) tashkil etgan. Bir qancha ommaviy axborot vositalarida uzilishlarga kiberjinoyatchilarning ishi sabab bo‘lgani taxmin qilingan bo‘lsa-da, bu da’volar rad etilgan.

Italiya, 2003 yil 28 sentabr (56 million kishi zarar ko‘rgan)

2003 yilda Italiyaning (Sardiniya va Elba orollaridan tashqari) butun hududi 12 soat davomida elektr tokisiz qoladi. ASEA elektr kompaniyasi bunga mamlakatni Fransiya va Shveytsariya bilan bog‘laydigan elektr uzatish liniyalaridagi bo‘ron sabab yuzaga kelgan nosozlik ekanini ma’lum qilgan. Deyarli barcha yirik shaharlarda hodisa oqibatlari keyingi kuni ertalab bartaraf etiladi. Italiyadagi uzilishlar Avstriya, Shveytsariya va Xorvatiya kabi mamlakatlarga ham o‘z ta’sirini o‘tkazgan. 

AQSh va Kanada (55 million kishi zarar ko‘rgan)

2003 yilning 14 avgust kuni AQSh va Kanadaning 55 million aholisi ham elektr energiyasiz qoladi. Nosozliklar oqibatida jami 263ta elektr stansiyasi, jumladan, 10ta atom elektr stansiyasi vaqtincha o‘z faoliyatini to‘xtatgan. Aksariyat hududlarda bir necha soat ichida muammo hal qilingan bo‘lsa-da, aholining bir qismi deyarli bir hafta davomida «svet»siz qolgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, zarar miqdori 6 milliard dollarni tashkil qilgan.

Lotin Amerikasidagi «blekaut»lar

2019 yilda Lotin Amerikasining bir qator davlatlari ham elektr energiyasidan uzilib qoladi. Dastlab, mart oyida Venesuela o‘z tarixidagi eng yirik blekautni boshidan kechirgan.

Venesuelada blekautdan biroz oldinroq, 7 mart kuni va mamlakatning g‘arbiy qismi qorong‘ilikka cho‘mgan 8 mart kuni sun’iy yo‘ldosh orqali olingan tasvirlar. NASA

Mamlakatdagi «Guri» gidroelektr stansiyasidagi muammolar tufayli elektr ta’minotida katta uzilish yuz beradi. Mamlakat rasmiylari bu holatga muxolifat va amerikalik hakerlarning hujumlari sabab bo‘lgan degan bayonot bilan chiqishadi. Blekaut jamoat transporti ishini amalda falaj holatga keltiradi, Karakas aeroportida o‘nlab reyslar bekor qilinadi, metro ishdan chiqadi, maktab va litseylarda esa darslar vaqtinchalik to‘xtatiladi. O‘sha paytda Venesuela hududining deyarli 80 foizi elektr ta’minotisiz qolgan.

Urugvay poytaxti Montevideo aholisi svet kelgunicha sham yoqib o‘tirishiga to‘g‘ri kelgan / AFP/GETTY

Iyun oyida esa Argentina va Urugvay to‘liq, Braziliya va Paragvayning ba’zi hududlari elektr energiyasiz qolib ketgan. Bunga Argentinaning Lotin Amerikasi davlatlarida elektr ta’minoti xizmatlarini ko‘rsatuvchi Edesur kompaniyasi tizimidagi nosozlik sabab bo‘lgan. Zarar ko‘rgan hududlarda poyezdlar va metro harakati to‘xtab qolgan. Elektr energiyasi uzilishi birgina Argentinaning o‘zida 48 million kishiga ta’sir ko‘rsatgan.

Zulmat ichida qolgan Livan

Chiroq yoqilgan uylarning dizel generatori uchun puli bor / Getty Images

So‘nggi eng yirik blekaut 2021 yilning 9 oktabr kuni 6,8 million aholiga ega bo‘lgan Livanda yuz bergan. Mamlakatdagi ikki yirik elektr stansiyasi – «Al-Zahroniy» va «Deyr-Ammar» Birlashgan Arab Amirliklaridan mazut yetkazib berilishidagi uzilish tufayli ishlashdan to‘xtab qoladi va Livan zulmat qa’riga cho‘madi.

Yuqoridagi holatlardan farqli ravishda livanliklar elektr ta’minotidagi bunday uzilishlarga ko‘nikib ketishgan, Bayrutning ko‘plab tumanlarida har kuni bir necha soatlab tok bo‘lmaydi, ba’zida bir kunda 22 soat davomida svet yonmagan vaqtlar bo‘lgan.

Ko‘plab livanliklarning uyida dizel generatorlari o‘rnatilgan, ammo dizel ham defitsit bo‘lib qolgach, undan foydalanishni faqat badavlat kishilargina o‘zlariga ravo ko‘rishlari mumkin. O‘tmishda Livanning energetik talabi asosan Suriya hududi orqali kelgan Misr gazi bilan ishlaydigan IES orqali ta’minlangan. Ammo Suriyadagi o‘n yillik urush tufayli gaz quvurlari va nasos stansiyalari o‘z faoliyatini to‘xtatgan.

Mavzuga oid