O‘zbekiston | 12:10 / 27.01.2022
6962
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada o‘zbekistonliklarning eski haydovchilik guvohnomalarini yangisiga almashtirish boshlandi

Joriy yilning 25 yanvaridan Rossiyada O‘zbekiston fuqarolarining eski haydovchilik guvohnomasini yangisiga almashtirish boshlandi.

Foto: Egov.uz

Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi xabariga ko‘ra, guvohnomani O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi konsullik bo‘limi, shuningdek, mamlakatning Vladivostok, Yekaterinburg, Qozon, Novosibirsk, Rostov-Don va Sankt-Peterburgdagi bosh konsulliklarida almashtirish mumkin. 

Hujjatlar Vazirlar Mahkamasining “Rossiyada bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga yangi turdagi milliy haydovchilik guvohnomalarini berishda qulayliklar yaratish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq qabul qilinadi. 

O‘zbekiston elchixonasi ma’lumotlariga ko‘ra, xohlovchilar xorijga chiqish uchun biometrik pasportning asl nusxasi yoki fuqaro biometrik pasporti (ID karta), milliy haydovchilik guvohnomasining asl nusxasi va milliy haydovchilik guvohnomasi uchun kuponning asl nusxasi bilan elchixona konsullik bo‘limiga, shuningdek, yuqorida ko‘rsatilgan shaharlardagi bosh konsulliklarga murojaat qilishi mumkin. 

Eski haydovchilik guvohnomalari quyidagi muddatlarda yangisiga majburiy almashtiriladi: 2010 yilgacha berilganlari – 2022 yil 31 martgacha; 2010 – 2012 yillarda berilganlari – 2022 yil 30 iyungacha; 2013 – 2015 yillarda berilganlari – 2022 yil sentyabrgacha; 2015 yildan keyin berilganlari – 2022 yil 31 dekabrgacha. 

Yuqoridagi muddatlargacha almashtirilmagan guvohnomalar haqiqiy emas deb hisoblanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid